Davlat dasturi ijrosini taʼminlash boʻyicha Hukumatga qatʼiy vazifalar qoʻyildi

17:55 28 Oktyabr 2020 Siyosat
255 0

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 9 oydagi ijrosi boʻyicha Hukumat hisoboti atroflicha va qizgʻin muhokama etildi. Muhokamalar jarayoni ijtimoiy tarmoqlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilishi davlat idoralari, parlamentning hisobdorlik tamoyiliga amal qilayotganining tasdigʻi boʻlmoqda, shu orqali mutasaddi rahbarlar va albatta deputatlar, siyosiy partiyalarning masʼuliyati oshmoqda.

Davlat dasturi ijrosi haqidagi hisobot Xalq demokratik partiyasi fraksiyasida keng va atroflicha muhokama etildi. Avvalo fraksiyamiz bugungi murakkab vaziyatda Hukumat tomonidan oʻz vaqtida koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlik taʼminlanmoqda, deb hisoblaydi.

Pandemiya sharoitida joylardagi davlat va jamoatchilik vakillari birgalikda “temir daftar”lar tashkil etilib, ehtiyojmand, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu borada tezkor yaratilgan mexanizm murakkab vaziyatda davlatning aholini ijtimoiy himoya qilish funksiyasi muvaffaqiyatli bajarilishiga xizmat qilmoqda.

Davlat dasturining 189-bandida Kambagʻallikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan. Oxirgi muddat 1-oktyabr etib belgilangan. Hisobotda Kambagʻallikni kamaytirish dasturi loyihasi, uning konsepsiyasi va asosiy yoʻnalishlari haqida axborot yetishmagani uchun fraksiyamiz yigʻilishida deputatlarimiz Hukumat vakillariga oʻz savol va eʼtirozlarini bildirdi. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar, keng jamoatchilik vakillari fikr va takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqish, imkon qadar tezroq qabul qilish kerak, deb hisoblaydi.

Keyingi taklifimiz bandlik masalasi bilan bogʻliq. Yil boshidan beri turli dasturlar asosida aholini ish bilan taʼminlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Buning uchun, qiyin sharoit boʻlishiga qaramay, katta resurslar ajratildi. Afsuski, joylardagi oʻrganishlar bu mablagʻlarni toʻgʻri yoʻnaltirish borasida kamchiliklar koʻpligini koʻrsatmoqda.

Jumladan, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari ishlatilishida xatoliklar oz emas, jamoat ishlari uchun fuqarolar bilan tuzilayotgan shartnomalar qonunga nomuvofiq holatlar koʻp, mehnat yarmarkalarning samaradorligi pastligicha qolmoqda.

Karantin talablari bosqichma-bosqich yumshatilib, imtiyoz va imkoniyatlar berilishi natijasida yil boshidan 54 mingta yuridik tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan, ularda 90,5 mingta yangi ish oʻrni ochilgan. Tadbirkorlik subyekti koʻpaygani, albatta, quvonarli holat. Ammo yaratilayotgan ish oʻrinlari soni kamligi tahlillar va tanqidiy yondashuvni kuchaytirishni taqozo etadi. Yaʼni, umumiy hisobda bitta tadbirkorlik subyektida bor yoʻgʻi ikkita ish oʻrni yaratilishi hokimliklar, vazirlik-idoralar, qolaversa, deputatlar oldida jiddiy vazifalar turganini anglatadi.

Fuqarolar bilan muloqot davomida aniqlandiki, aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarining imkoniyatlari, joriy etilayotgan qulayliklar va imtiyozlar haqidagi maʼlumotlardan barcha aholi qatlamlari toʻliq xabardor emas. Hukumat aholi bandligini taʼminlash boʻyicha davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlarning samarali sarflanishi, ularning natijadorligi boʻyicha chuqur tahlil oʻtkazib, tegishli vazifalarni belgilab olishi zarur.

Aholi bandligi va migratsiya masalalaridagi muammolar hali kamaygani yoʻq. Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosi oldida bir guruh fuqarolar chet davlatga ishga joʻnatishni vaʼda qilgan xususiy bandlik agentligiga aldangani, bergan pullarini ololmayotgani boʻyicha murojaat etishdi. Xususiy bandlik agentligi 263 nafar fuqaroni Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborish uchun ulardan jami 10 mlrd. 512 mln. soʻm mablagʻini aldov yoʻli bilan olgani, korxona rahbari hozirda qidiruvda ekani maʼlum boʻldi. Holatga huquqiy yechim topish, fuqarolarga yordam berish boʻyicha kerakli choralar koʻrilmoqda.

Maʼlumki, yaqinda parlamentda xususiy bandlik agentliklari faoliyatining huquqiy asoslari tubdan qayta koʻrib chiqildi. Jarayonda aldovlar bilan bogʻliq bir qator masalalar hisobga olindi. Ammo bandlik va migratsiya yoʻnalishlarida fuqarolarni aldov va firibgarlik holatlaridan himoya qilish boʻyicha hukumatning tegishli tuzilmalari, mutasaddi vazirlik-idoralar tezkor va natijali tadbirlarni amalga oshirishi talab etiladi.

Bu yilgi kuz-qish mavsumi avvalgilariga qaraganda ogʻirroq kelishi taʼkidlanyapti. Pandemiya bilan bogʻliq qiyinchiliklar, narx-navo oshishi, muhim isteʼmol mahsulotlariga talab koʻpayishi va boshqa omillar bunga qoʻshimcha ravishda taʼsir koʻrsatadi. Hukumat aholini murakkab vaziyatga tushib qolishdan himoyalash choralarini koʻrish bilan birga, kuz-qish mavsumida ortib ketadigan tabiiy gaz va elektr energiyasiga boʻlgan talabni qondirish, uzilishlarning oldini olish boʻyicha tizimli va muntazam ish koʻrishi talab etiladi.

Bu muhim vazifalarni amalga oshirish, hududlarda yuzaga kelayotgan, aholi murojaat etayotgan muammoli masalalarni hal etishga koʻmaklashish jarayonlarida partiyamiz deputatlik birlashmalari har tomonlama faol boʻlishi vazifa sifatida belgilangan.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi oʻz eʼtiroz va takliflarini bildirgan holda, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturining 9 oydagi ijrosi natijalari boʻyicha Hukumat hisobotini qoʻllab-quvvatladi. Fraksiyamiz Davlat dasturida belgilangan vazifalar yil yakuniga qadar toʻliq bajarilishiga erishish boʻyicha parlament va deputatlik nazoratini izchil davom ettiradi.

Ulugʻbek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
OʻzXDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?