Davlat byudjetining 2019-yilgi xarajatlariga oʻzgartish kiritildi

17:01 30 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
224 0

Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat byudjeti xarajatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi masala Senatning bugungi yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgandi.

Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat byudjetini ijro etish jarayonida ayrim sohalar boʻyicha xarajatlar ortganligi sababli qoʻshimcha mablagʻlar yoʻnaltirilganligi uchun tasdiqlangan parametrlarga nisbatan ushbu yoʻnalishdagi xarajatlar 10 foizdan ziyodga ortishi, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlarini saqlash xarajatlari esa 12,3 foizga kamayishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 144-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019-yilga tasdiqlangan xarajatlar parametrlariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi taqdimnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga kiritilgan.

Taqdimnomada Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019-yilga tasdiqlangan xarajatlar parametrlarini tegishli yoʻnalishlar boʻyicha 11676,3 mlrd. soʻmga oshirish va 95,2 mlrd. soʻmga kamaytirish boʻyicha oʻzgartirish kiritish soʻralgan.

Jumladan, ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga 5409,4 mlrd. soʻm, iqtisodiyot xarajatlariga 3437,7 mlrd. soʻm, uy-joylar qurish dasturi ishtirokchisi boʻlgan banklar kredit liniyasi uchun 1100, mlrd. soʻm, markazlashtirilgan investitsiyalarni moliyalashtirish uchun 1082,8 mlrd. soʻm, davlat hokimiyati va boshqaruvi, adliya va prokuratura organlarini saqlash uchun 512,6 mlrd. soʻm, huqumat va mahalliy byudjetlar zaxira jamgʻarmalariga 105,0 mlrd. soʻm hamda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalariga 28,6 mlrd. soʻm yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek Prezidentning 2018-yil 24-dekabrdagi Qaroriga binoan “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari lavozimi tugatilib, mazkur shtat birligi hisobidan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi lavozimi joriy etilishi munosabati bilan fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlarini saqlash xarajatlarini 95,2 mlrd. soʻmga kamaytirish ham koʻzda tutilgan.

Shu munosabat bilan, 2019-yil Davlat byudjet parametrlarida qayd etilgan masalalar boʻyicha tasdiqlangan mablagʻlarni oʻzgartirish talab etiladi.

2019-yil Davlat byudjeti xarajatlarining yuqorida qayd qilingan yoʻnalishlariga oʻzgartirish kiritish boʻyicha Senat Qarorini tayyorlandi va qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?