Davlat byudjeti xalq manfaatiga xizmat qilishi kerak

17:20 21 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
258 0

Davlat amalga oshirayotgan islohotlarda eng katta sifat oʻzgarishlari byudjet tizimini zamon talablariga moslashtirishda koʻrinyapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi. 2020-yil uchun Davlat byudjeti qonun sifatida qabul qilinishi, pandemiya sharoitiga qaramasdan, odamlar hayotida oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatdi.

Qonunning amaldagi ijrosini birgina aholining ijtimoiy himoyasi misolida koʻradigan boʻlsak, moddiy yordamlarning manzilli yetib borishi, byudjet mablagʻlarining toʻgʻri sarflanishi katta ahamiyat kasb etayotganligi eʼtirof etish lozim. Bundan tashqari, pandemiya sharoitida byudjet xarajatlarining aksariyat qismi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilayotgani ham davlat byudjeti xalq manfaatlaridan kelib chiqib shakllantirilayotganini koʻrsatmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan 2021-yilga moʻljallangan davlat byudjeti parametrlari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishda ham ijtimoiy sohani rivojlantirish va xalqni ijtimoiy himoyasiga oid masalalarga katta eʼtibor qaratildi. Shuningdek, byudjet xarajatlari ochiq-oshkora boʻlishi, vazirlik va idoralar, hududlar uning har bir soʻmini oqilona sarflashi kerakligi, eng asosiy xarajatlar natijador boʻlishi asosiy mezon sifatida qaralishi taʼkidlandi.

Shundan kelib chiqib, bundan buyon xarajatlar tarkibi va natijadorligi davlat idoralarining rasmiy saytlarida koʻrsatilishi zarurligi qatʼiy belgilandi. Bu borada Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlar zimmasida katta masʼuliyat turgani qayd etildi.

Prezidentimizning parlamentga qilgan murojaatnomasida Byudjet mablagʻlarining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni yana-da kuchaytirish borasida aniq vazifalar qoʻyilgan edi. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Hisob palatasining yillik hisoboti, Davlat byudjetining har choraklik ijrosi deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama qilinyapti.

Mana shu muhokama jarayonlarida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari, deputatlar yangi byudjet loyihasi boʻyicha aniq taklif va tashabbuslar bilan chiqishgan edi. Ushbu takliflar umumlashtirilib, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, shuningdek, boshqa tegishli vazirliklarga doimiy ravishda kiritib borilmoqda. Baʼzi vazirliklarning samarasiz faoliyatiga tanqidiy baho berildi, ayrim vazirlik va tashkilotlar tomonidan byudjet mablagʻlaridan samarasiz foydalanganlik holatlari nisbatan choralar koʻrish boʻyicha hukumat organlariga tegishli soʻrovlar yuborildi.

Aytish lozimki, bundan 5 yil avval tuman va shaharlar byudjetlarini shakllantirish va ijrosini taʼminlashda mahalliy Kengashlarning ishtirokiga formal qaralar edi. Davlatimiz rahbarining shaxsan tashabbuslari bilan mahalliy Kengashlarning byudjetni shakllantirish va ijrosini nazorat qilib borishiga oid amaldagi qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritildi. Natijada mahalliy hokimiyat organlarining byudjet daromadlarini orttirish, xarajatlarni esa toʻgʻri va tizimli yoʻlga qoʻyishga boʻlgan qiziqishi va manfaatdorligi ortib bormoqda. Byudjetga qoʻshimcha jalb qilingan mablagʻlardan hudud aholisining manfaatlari, talab va takliflaridan kelib foydalanish imkoniyati paydo boʻlmoqda. Endilikda bunday mablagʻlar qayerga va qanday ishlatilishini mahalliy deputatlar, koʻpning maslahatini olgan holda yoʻnaltirish ulardan bu ishga katta masʼuliyat bilan yondashishni talab etadi.

Buning uchun mahalliy kengash deputatlari byudjet parametrlarini ochiq-oydin muhokama qilishi, hududdagi real ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan xabardor boʻlishi, loyiha va dasturlarga oid maʼlumotlarni chuqur tahlil qila olishi, saylovchilar va aholi vakillari, nodavlat tashkilotlari bilan doimiy muloqotda boʻlishlari talab etiladi. Byudjet ijrosi boʻyicha jamoatchilikni faollashtirmasdan parlament va mahalliy kengashlar taʼsirchanligiga erishib boʻlmaydi.

Kelgusi yilga davlat byudjeti loyihasida ijtimoiy sohaga xarajatlar joriy yilga nisbatan kamida 15 foizga oshirilishi rejalashtirilganligi ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar yana-da chuqurlashtirilishini anglatadi. Ijtimoiy nafaqa oluvchi muhtoj oilalar soni joriy yil boshiga nisbatan 2 baravarga oshirilishi kutilmoqda. Kelgusi yildan boshlab yagona ijtimoiy reyestrni barcha hududlarda ishga tushirib, ijtimoiy nafaqalar ajratish tizimini toʻliq avtomatlashtirish zarurligi vazifa etib qoʻyilmoqda.

Ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablagʻlardan toʻgʻri foydalanish va uning natijadorligini taʼminlash masalasiga Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi katta masʼuliyat bilan yondashishi talab etiladi. Ushbu maqsadlarni roʻyobga chiqarish, elektorat manfaatlarini himoya qilishda partiyamiz deputatlari parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishi, har bir hududda aniq reja asosida ish tashkil qilishi zarur.

Buning uchun hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tanqidiy tahlil qilish, partiya faoliyatida mahalliy kengashlar bilan yaqin hamkorlikni oʻrnatish, shuningdek mahalliy byudjetlarni shakllantirish va ijrosini taʼminlashda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, keng jamoatchilik bilan ishlarni tizimli tashkil etish oldimizdagi asosiy vazifalardan boʻlib turibdi.

Ulugʻbek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?