Davlat boji stavkalari optimallashtiriladimi?

11:50 11 May 2020 Jamiyat
467 0

Yuqori palata aʼzolari “Davlat boji toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildi.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda koʻchmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasi bekor qilinmoqda.

Bundan tashqari, notarial amaliyotda, xususan, bitimlarni tasdiqlaganlik va meros ishlarini rasmiylashtirganlik uchun davlat bojini undirishning oʻziga xos xususiyatlariga aniqlashtiruvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun esa undiriladigan ayrim davlat boji toʻlovlaring miqdorlari optimallashtirilmoqda.

Shu bilan birga, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji undirilishi boʻyicha Qonunga tegishli qoʻshimcha kiritilmoqda.

Shunga koʻra, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga advokatlik tuzilmalari, ularning taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar, yuridik maslahatxonalarning nizomlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik hamda yuridik maslahatxonalarni hisobga olganlik uchun undiriladigan davlat boji stavkalari boʻyicha qoʻshimcha kiritilmoqda.

Qonunning qabul qabul qilinishi davlat boji stavkalari optimallashtirilishi va davlat bojini undirishning oʻziga xos xususiyatlari aniqlashtirilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, advokatlik faoliyati va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya berganlik, advokatlik tuzilmalarini, ularning taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni, yuridik maslahatxonalarning nizomlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik, yuridik maslahatxonalarni hisobga olganlik uchun undiriladigan davlat boji stavkalari belgilab beriladi.

Senatorlar mazkur Qonunni maʼqulladi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?