Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

04:13 11 Aprel 2019 Hujjatlar
418 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda statistika axborotidan foydalanish samaradorligini oshirish, davlat statistika hisobotini ishonchli ravishda yuritishni shakllantirish yuzasidan izchillik bilan choralar koʻrilmoqda. Internetdagi yigʻma maʼlumotlarning milliy sahifasi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlarini tarqatishning kengaytirilgan umumiy tizimi bilan uygʻunlashtirildi.

Shu bilan birga, axborotlarning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, ochiq maʼlumotlarning oshkoralik va sifat darajasi, ularni fuqarolarga va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari qabul qilingan xalqaro talablarga toʻliq javob bermaydi va natijada mamlakatimizning statistika salohiyati indeksidagi oʻrni pastligicha qolmoqda.

Mamlakatimiz nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga qaratilgan, davlat boshqaruvining ochiqligi hamda shaffofligini taʼminlash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturidagi vazifalarni bajarishni taʼminlash maqsadida:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning mashinada oʻqiladigan formatdagi axborotdan koʻp karra, erkin va bepul foydalanish imkonini beruvchi Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali (keyingi oʻrinlarda — Portal) faoliyat yuritmoqda.

2. Belgilansinki:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat statistika qoʻmitasi) davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning Portalda oʻz vaqtida aks ettirilishi boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Portalni texnik qoʻllab-quvvatlash va taʼminlash hamda uzluksiz ishlab turishi uchun javobgar hisoblanadi;

v) Portaldagi axborotlar:

faqat davlat organlari va tashkilotlarining respublika darajasidagi yuqori turuvchi tuzilmalari, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan eʼlon qilinadi;

oʻzbek, rus va ingliz tillarida, shu jumladan, mashinada oʻqiladigan va boshqa formatlarda eʼlon qilinadi;

davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy saytlarida eʼlon qilinadigan axborot bilan aynan bir xil va oʻzaro bogʻlangan boʻlishi lozim;

g) davlat organlari va tashkilotlarida axborotni tayyorlash va Portalda joylashtirish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF–5635-sonli Farmoniga muvofiq tashkil qilingan, xalqaro reytinglar bilan ishlash va “Elektron hukumat” tizimini joriy etish uchun masʼul boʻlgan ixtisoslashtirilgan boʻlinmalar zimmasiga yuklanadi.

3. Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida davlat organlari va tashkilotlarining Portalda Roʻyxatni shakllantirish, yuritish va yangilash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish bilan bogʻliq ishlar uchun masʼul boʻlinma tashkil etilsin.

Davlat statistika qoʻmitasi bir oy muddatda boʻlinmaning yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.

4. Davlat statistika qoʻmitasiga Portalni rivojlantirish faoliyatini amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlar berilsin:

maʼlumotlar va ularning manbalaridan, shu jumladan, maʼlumotlarni shakllantirish sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi ichki va boshqa hujjatlardan foydalanish;

Portalni rivojlantirish, shuningdek, eʼlon qilinadigan maʼlumotlarga taalluqli masalalar boʻyicha davlat organlari va tashkilotlaridan begʻaraz asosda maslahat yordami olish;

ushbu qarorni bajarish doirasida ekspertlar, konsultantlar va tashkilotlarni (shu jumladan, xorijiy) shartnoma asosida jalb etish;

Portalni takomillashtirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar sohasidagi faoliyatini baholash uchun xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlarning mablagʻlarini, shu jumladan, grantlari (texnik koʻmagi)ni jalb etish.

5. Belgilansinki, 2019 yil 1 apreldan:

Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsienti 1,3 baravar oshirgan holda qoʻllaniladi;

davlat statistika organlari xodimlariga koʻp yillik xizmatlari uchun har oylik ustamalar quyidagi miqdorlarda toʻlanadi (ragʻbatlantirish koeffitsientini hisobga olgan holda, lavozim maoshlariga nisbatan koeffitsientlarda): 2 yildan 5 yilgacha — 0,1; 5 yildan 10 yilgacha — 0,2; 10 yildan 15 yilgacha — 0,3; 15 yildan 20 yilgacha — 0,4; 20 yildan 25 yilgacha — 0,5; 25 yildan ortiq — 0,6. Koʻp yillik xizmatlari uchun mukofot puli olish huquqini beradigan ish staji Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq hisoblanadi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

6. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portalini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida joylashtirish uchun ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatini tuzishda ustuvor xalqaro maʼlumotlar bazalarini oʻrganib chiqish uchun masʼul vazirlik va idoralar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

“Ochiq maʼlumotlar global indeksi” va “Ochiq maʼlumotlar barometri” talablariga muvofiq maʼlumotlarning ochiqlik holatini oʻrganish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portalida tegishli indikatorlarni joylashtirish uchun masʼul vazirlik va idoralar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

Alohida tarkibiy indikatorlar boʻyicha Statistika salohiyati indeksida mamlakatning oʻrnini yaxshilashga oid “Yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;

Jahon bankining statistika salohiyati indeksi boʻyicha yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasi reytingini yaxshilashning maqsadli koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;

Xalqaro byudjet hamjamiyatining Byudjet ochiqligi indeksida 2020 yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining ishtirokini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq;

2020-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasida yangilanishi lozim boʻlgan axborot-kommunikatsiya tizimlari uskunalari roʻyxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Quyidagilarning:

a) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining:

Portalda eʼlon qilinadigan axborotning toʻliqligi, ishonchliligi, uning oʻz vaqtida shakllantirilishi va yangilab turilishi;

Portalda joylashtiriladigan axborotning mazmuni va sifati;

Internet tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasi axborotlarining oshkoraligi va foydalanish erkinligini taʼminlash;

tegishli axborotni shakllantirishda xalqaro metodologik standartlarni, tavsiyalarni oʻrganish hamda ularni amalda qoʻllash yuzasidan;

b) Agentlikning Portaldan Oʻzbekiston Respublikasi toʻgʻrisida zarur axborotni olishda ichki va tashqi foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish yuzasidan;

v) Davlat statistika qoʻmitasining xalqaro tajribani va foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda Portalda eʼlon qilinadigan Roʻyxatning muntazam yangilanib turilishini taʼminlash yuzasidan shaxsan javobgarligi belgilab qoʻyilsin.

8. Agentlik 2019 yil 1 avgustga qadar Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda maʼlumotlar toʻplami va ular egalarining yagona reyestrini shakllantirgan holda barcha turdagi hisobotlar hamda maʼlumotlar bazalari integratsiyalashtirilishini nazarda tutuvchi maʼlumotlarni boshqarish davlat tizimini yaratish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.

9. Ushbu qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan vazirlik va idoralar Agentlik hamda Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda:

2019 yil 10 mayga qadar iqtisodiyot tarmoqlaridagi joriy ijtimoiy va iqtisodiy oʻzgarishlarning miqdor, sifat va mazmunga oid parametrlarini tavsiflovchi xalqaro koʻrsatkichlarni ushbu indikatorlar mavjudligi yoki yoʻqligini aniqlash nuqtai nazaridan oʻrganib chiqsin;

2019 yil 20 mayga qadar iqtisodiyot tarmoqlaridagi ijtimoiy va iqtisodiy vaziyatning xalqaro koʻrsatkichlarini oʻrganish asosida Portalda joylashtiriladigan Roʻyxatni zarur axborot (indikatorlar) bilan, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida foydalaniladigan maʼlumotlar bazalari tizimlari boʻyicha axborot bilan toʻldirsin;

2019 yil 1 iyunga qadar mavjud boʻlmagan indikatorlarni shakllantirish metodikasini oʻrgansin hamda keyinchalik Portalda joylashtirish uchun ularni ishlab chiqish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

10. Ushbu qarorning 3-ilovasida koʻrsatilgan masʼul ijrochilar Agentlik va Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda 2019 yil 20 mayga qadar “Ochiq maʼlumotlar global indeksi” va “Ochiq maʼlumotlar barometri” metodikasining asosiy yoʻnalishlariga muvofiq maʼlumotlar ochiqligi holatini oʻrganib chiqsin va tahlil qilsin hamda mavjud maʼlumotlarni Portalda eʼlon qilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar yagona metodologik yondashuvni ishlab chiqish va keyinchalik Portalda joylashtirish uchun ulardan foydalanishni inobatga olgan holda hududning investitsiyaviy salohiyatini toʻla-toʻkis ochib beruvchi axborot va materiallar roʻyxatini Davlat statistika qoʻmitasi va Agentlikka kiritsin;

Portalni takomillashtirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar sohasidagi faoliyatini baholash uchun xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlarning mablagʻlarini, shu jumladan, grantlari (texnik koʻmagi)ni jalb etishda Davlat statistika qoʻmitasiga koʻmaklashsin.

12. Davlat statistika qoʻmitasi va Agentlik:

a) 2019 yil 1 iyunga qadar:

Portalda joylashtirishning aniq muddatlari va shakllarini belgilagan holda Roʻyxatni tasdiqlasin;

xalqaro maʼlumotlar bazalarini qoʻshimcha ravishda oʻrganib chiqsin va axborotning yangi parametrlarini ishlab chiqish choralarini koʻrib, keyinchalik ularni Roʻyxatga kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining 2020 yildan boshlab “Ochiq maʼlumotlar global indeksi” va “Ochiq maʼlumotlar barometri” xalqaro reytinglarida ishtirokini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

b) uch oy muddatda Ochiq maʼlumotlar puxtaligi modeli (“Open Data Maturity Model”) hamda boshqa xalqaro amaliyotlar asosida davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar sohasidagi faoliyatini baholash mexanizmini ishlab chiqsin va joriy etsin hamda natijalarni har chorakda Portalda eʼlon qilib borsin;

v) davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ochiq maʼlumotlarning joylashtirilishi va muntazam yangilab turilishi ustidan doimiy monitoring qilinishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Davlat statistika qoʻmitasining 2019 yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasidagi sarf-xarajatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablagʻlar ajratsin va 2020 yildan boshlab har yili zarur byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin;

har yili tasdiqlanadigan Davlat statistika ishlari dasturining qiymatini hisoblashda eng kam ish haqi miqdorlari yanada oshirilganini inobatga olsin;

7-ilovaga muvofiq, Davlat statistika qoʻmitasida yangilanishi lozim boʻlgan axborot-kommunikatsiya tizimlari uskunalarini xarid qilish uchun 2020-2021 yillarda Davlat byudjetidan Davlat statistika qoʻmitasiga zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

14. Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan davlat statistika organlarining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun belgilangan tartibda tuziladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan kompyuter texnikasi, server va kommunikatsiya uskunalari, dasturiy taʼminot vositalari hamda ularning ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlari 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.

15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ikki oy muddatda oʻz binolariga ega boʻlmagan hududiy statistika organlarini joylashtirish choralarini koʻrsin;

hududiy statistika organlarining davlat tasarrufidagi binolar va xonalardan foydalanganligi uchun ijara haqi qiymatini “nol” stavkada belgilasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Agentlik hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:

2020-2021 yillarda YUNISЕF bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida multiindikator klaster tekshiruvlarini oʻtkazish;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi negizida belgilangan shtat birliklari soni doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

17. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:

davlat statistika organlari hamda boshqa vazirlik va idoralar xodimlarining bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish hamda takomillashtirishni, shuningdek, kasb mahorati yuksak darajada boʻlishini taʼminlaydigan tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;

statistika borasidagi koʻnikmalarni rivojlantirish, tahliliy fikrlash qobiliyatini shakllantirish va ularni amaliyotda qoʻllashga yoʻnaltirilgan, asosan ixtisoslik fanlaridan iborat boʻlgan zamonaviy taʼlim standartlari va sifat jihatidan yangi oʻqitish tizimini joriy etish;

statistika sohasidagi ilgʻor tajriba va ilmiy-tadqiqot yutuqlarini ayirboshlash, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va stajirovka oʻtashi boʻyicha mahalliy va xorijiy ilmiy hamda taʼlim muassasalari, xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;

milliy darajada qoʻllanilayotgan metodologik vositalar, davlat va idoraviy statistik kuzatuvlarni xalqaro darajada uygʻunlashtirish, moslashtirish va qiyoslash nuqtai nazaridan ularni malakali ekspertizadan oʻtkazish;

keyinchalik amaliyotda qoʻllash uchun ilgʻor statistika metodlari va texnologiyalari, shuningdek, ochiq maʼlumotlar sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda:

2019 yil 1 iyulga qadar Portalda tegishli axborotni eʼlon qilish va yangilash tartibini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishini, shuningdek, notoʻgʻri davlat statistika hisobotlarini taqdim qilganligi uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;

2019 yil 1 dekabrga qadar ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi, “Axborotdan foydalanish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi hamda “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlarning, shuningdek, axborotni tarqatishga taalluqli boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning meʼyorlari unifikatsiyalashtirilishini nazarda tutuvchi axborotni tarqatish sohasidagi qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

19. Davlat statistika qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatini tashkil etish;

2020-2021 yillarda YUNISЕF bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida multiindikator klaster tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini;

b) qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J. A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 9 aprel


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?