Davlat boshqaruvida ayollar ishtiroki kengayadi

09:20 23 May 2018 Siyosat
254 0
Foto: Norma.uz

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri — gender tenglik hamda ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda hukumat vakillari, ekspertlar, nodavlat tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.

Mamlakatimizda ilk marotaba o‘tkazilgan muloqotda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Davlat boshqaruvida ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish va ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirish” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan “Iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional o‘zgarishlarni tezlashtirish maqsadida ayollarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki” deb nomlangan tahliliy qaydnoma muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini oshirish, iqtidor hamda imkoniyatlarini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mazkur yo‘nalishdagi vazifalarni bajarishda amaliy sa’y-harakatlar, aniq chora-tadbirlarni ilgari surayapti. Turli sohalarda band bo‘lgan ayollar salohiyatini yuksaltirish, ularning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, bunda siyosiy partiyalar bilan birgalikda ishlashni yo‘lga qo‘yish zarurligi shular jumlasidandir. Qolaversa, ijro etuvchi hokimiyat tizimida ayollar sonini 5,3 foizdan 16 — 18 foizgacha oshirishda samarali ijtimoiy tadbirlarni joriy qilish, ishlab chiqarish sanoatining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 9,1 foizdan 20 foizgacha oshirish orqali iqtisodiyotni sanoatlashtirish darajasini chuqurlashtirish muhim ahamiyatga ega.

BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Xelena Freyzer ushbu tadbir o‘zaro fikr, tajriba hamda g‘oyalar almashinuvini ta’minlash barobarida, birgalikda ishlash imkonini berishini qayd etdi. Uning fikricha, gender tenglik, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyot hamda biznes samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda ayollarning oliy ma’lumotga ega bo‘lish darajasini oshirish, xotin-qizlar uchun moslashuvchan ta’lim tizimini yaratish, ijro hokimiyatiga xotin-qizlarni jalb qilish, shuningdek, ayollar tadbirkorligi, kasanachilik va hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlovchi mexanizmni joriy etish taklif qilindi.

Yakunda ishtirokchilar o‘rtasida muloqot o‘tkazilib, unda tadqiqot natijalari hamda xulosalari, shu bilan birga, mamlakat hayotining turli sohalarida ayollar rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar qizg‘in muhokama etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbaeva so‘zga chiqdi.

Ziyoda ASHUROVA,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?