Davlat aktivlarini tasarruf etish, sanoat sohasidagi aktivlarni boshqarish va baholashning dolzarb masalalari

14:45 07 Sentyabr 2019 Jamiyat
56 0

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan “Davlat aktivlarini tasarruf etish, sanoat sohasidagi aktivlarni boshqarish va baholashning dolzarb masalalari” mavzusida anjuman tashkil etildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida mol-mulk turlari belgilangan boʻlib, davlat tasarrufida boʻlgan koʻchmas va koʻchar mulklar, intelektual mulk, korxonalar va ulardagi ulushlar, yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, koʻp yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa mol-mulklar davlat aktivi hisoblanadi.

Davlat aktivlarini boshqarishda, eng avvalo, mulkka nisbatan boʻlgan 3 ta asosiy huquqni aytib oʻtish lozim. Bu egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish (sotish yoki boshqacha tarzda begonalashtirish) huquqlaridir.

Barchaga maʼlumki, iqtisodiyotning drayveri bu investitsiyalardir. Agentlik faoliyatida investitsiyalarni jalb etishning asosiy shakli – davlat korxonalariga investitsiyalarni olib kirish, davlat ulushlarini salohiyatli xorijiy investorlarga berish hisoblanadi.

Shu boisdan, 2019-yil 29-aprelda davlatimiz rahbarining “Respublika iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida iqtisodiyotning kimyo, neft-gaz sanoati, bank-moliya, mashinasozlik, qurilish, oziq-ovqat va yogʻ-moy sanoatidagi 64 ta xoʻjalik yurituvchi subyekti ustav kapitalidagi davlat ulushlarini sotish belgilandi.

Shuningdek, hududlarda 526 ta davlat obyekti elektron auksion va nol qiymatida 488,9 mlrd. soʻm va 141,2 mln. dollar investitsiya kiritish hamda 11 mingta yangi ish oʻrni yaratish sharti bilan tadbirkorlarga sotildi va davlat byudjetiga 43,6 mlrd. soʻm tushishi taʼminlandi.

Agar qilingan ishlar yuzasidan jami raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 1 795 ta shartnoma boʻyicha oʻzlashtirilgan investitsiyalar 220 mln. dollar va 2,3 trln. soʻmni tashkil etib, bugungi kunga qadar jami 16 402 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilgan.

Misol uchun, “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJdagi 95,54 foiz aksiyalari Singapurning “Indorama Holdings BV” kompaniyasiga 70,0 mln. dollar, “Angren pak” AJning 25,0 foiz aksiya paketi 25,0 mln. dollar investitsiya kiritish sharti bilan Rossiyaning “Nikol pak” kompaniyasiga sotildi.

Bugungi kunda 1 575 ta boʻsh turgan davlat obyektlaridan maqsadli foydalanish boʻyicha aniq choralar koʻrildi, jumladan, 649 tasi tadbirkorlik subyektlariga sotildi, 239 ta yaroqsiz binolar buzilib, yer maydonlari hokimliklar zahirasiga olindi, 456 tasi investitsiya dasturiga kiritildi, 62 tasi kam taʼminlangan oilalarga uy-joy sifatida ajratildi, 169 tasi ijaraga berildi.

Shuningdek, 18 905 ta (4,69 mln. kv.m.) davlat mulk obyektidan samarali foydalanish maqsadida tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berildi. Natijada 20 799 ta ish oʻrni yaratildi.

Davlat mulki obyektlarini ijaraga berilishida oshkoralikni taʼminlash va ortiqcha byurokratik toʻsiq va tartibotlarni bartaraf etish maqsadida, joriy yilning 1-iyulidan boshlab davlat koʻchmas mulk obyektlari “E-ijro auksion” elektron savdo orqali ijaraga berilishi yoʻlga qoʻyildi. Xususan, hozirga qadar, 600 ta davlat koʻchmas mulk obyekti elektron savdoga chiqarilib, 214 tasi ijaraga berildi.

Bu jarayonlarda korporativ boshqaruv muhim sanaladi. Davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy qilish, ularni boshqarishning bozor mexanizmlarini ishlab chiqishda quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Agentlik boshqarayotgan 418 ta xoʻjalik jamiyatlari tomonidan 42,4 trln. soʻm sof tushum olindi, bu YAIMning (222,0 trln.soʻm) 
19,1 foizini tashkil qiladi, shuningdek 5,2 trln. soʻm sof foyda olindi;

davlat byudjetiga 595,5 mlrd. soʻm yoki oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 4 barobar koʻp miqdorda dividend hisoblanib, shundan 410,0 mlrd. soʻmi byudjetga undirildi;

xorijiy tajribada keng qoʻllaniladigan aksiyalarni IPO va SPO yoʻli bilan joylashtirish amaliyotini kengaytirish maqsadida 2019-2020-yillarda 6 ta aksiyadorlik jamiyatining 350,0 mlrd. soʻmdan ortiq aksiyalarini fond birjasiga chiqarish belgilab olindi (Vazirlar Mahkamasining 26.04.2019y. 358-son qarori).

Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvning ilgʻor tajribasini joriy qilish maqsadida Osiyo taraqqiyot bankining ekspertlari jalb etildi va Davlat ishtirokidagi korxonalar uchun korporativ boshqaruv qoidalari 6 ta (“Oʻzbekneftegaz”, “Olmaliq TMK”, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzagrotexsanoatxolding”, “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzbekiston temir yoʻllari”) yirik korxonalarda joriy etilib, doimiy monitoring tizimi oʻrnatildi va mavjud kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

Agentlikning yana bir muhim yoʻnalishi - baholash tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va baholovchilarni toifalashdir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-iyuldagi “Baholash faoliyatini yanada takomillashtirish hamda past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish mexanizmlarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan baholash tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va baholovchilarni toifalash Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, bugungi kunda, Agentlik tomonidan Respublikada 1 111 nafar jismoniy shaxsga baholovchi malaka sertifikati berilgan hamda 226 ta yuridik shaxsga baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar taqdim etilgan.

Shuningdek, “Baholovchining malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida Nizom” talablari asosida 2019-yil may - avgust oylarida (14-15-may, 18-19-iyun, 23-24-iyul, 27-28-avgust) 4-marotaba malaka imtihonlari oʻtkazildi. Uning natijalariga koʻra, 422 nafar jismoniy shaxs imtihonga qatnashish uchun arizalar taqdim etdi, shundan 118 nafar jismoniy shaxs malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtdi. 

233 nafar jismoniy shaxs imtihondan oʻtmadi, 71 nafar jismoniy shaxs imtihonda qatnashmadi. Boʻlib oʻtgan malaka imtihonlari Agentlikning rasmiy veb saytida online rejimida olib koʻrsatildi.

Yuqoridagi qarorga asosan xalqaro standartlar tamoyillari asosida baholashning yagona milliy standartlari loyihasini ishlab chiqish yuzasidan ishchi guruh aʼzolari va ekspertlar tarkibi tuzilib, dastlabki ish jarayoni boshlandi.

Shu bilan birga, buzilishi rejalashtirilgan turar va noturar joylarni baholash tizimi shaffofligini taʼminlash hamda real narxlar asosida amalga oshirilishi maqsadida Agentlik tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Buzilishi moʻljallangan binolarni baholash tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, hozirda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?