Dashtobodda DXMning yangi filiali ish boshladi

12:29 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
134 0

Dashtobod shahri hudud jihatidan Zomin tumanida joylashgan boʻlib, ayni vaqtda shaharda 25 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Endi shahar fuqarolari oltinga teng vaqti va mablagʻini sarflab tuman markaziga borishga hojat qolmadi, chunki shaharda yangi Davlat xizmatlari markazi Zomin boʻlimining Dashtobod filiali oʻz ish faoliyatini boshladi.

— Keyingi vaqtlarda shahar aholisidan bitta hujjat kerak boʻlsa ham 40-50 kilometr yoʻl bosib tuman markaziga borish, ayrim holatlarda ikki, uch marotaba borishga ham toʻgʻri kelayotganligi toʻgʻrisida murojaatlar boshqarmamizga koʻplab kela boshlagandi, — deydi DXA Jizzax viloyat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Bobur Nazarov. — Aholi murojaatlarini qanoatlantirish, ularga yana-da qulayliklar yaratish, 140 turdan ortiq davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun Dashtobod shahridagi “Madaniyat markazi” binosida yangi barcha qulayliklarga ega filial oʻz ish faoliyatini boshladi.

Maʼlumot oʻrnida shuni ham aytib oʻtish kerakki, bugungi kungacha Jizzax viloyatdagi Forish tumanining Qozogʻiston Respublikasi bilan chegaradosh “Darvoza” va “Omonkeldi”, Gʻallaorol tumanining “Qoʻytosh” qishloq fuqarolar yigʻinlarida DXAning filiallari faoliyat koʻrsatayotgan edi. Joriy yilda Baxmal tumani markazi Oʻsmat shaharchasidan 70 kilometr uzoqlikdagi “Baxmal” QFYda, Arnasoy tumanining “Choʻlquvar”, Forish tumanining «Yassikechuv», Gʻallaorol tumanining “Lalmikor”qishloq fuqarolar yigʻinlarida ham yangi filiallar oʻz ish faoliyatini boshlagan edi. Endi ularning soni 9 taga yetdi va aholiga 1500 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?