Daryoni ko‘rmasdan etikni yechmagan ma’qul

11:43 17 May 2018 Jamiyat
1366 0
Foto: Golos.io

2018 yilning 15 may kuni “Ozodlik” radiosining internet sahifalarida “O‘zbek matbuoti soxta xabar tarqatdimi?” nomli maqola chop etildi.

Unda O‘zbekiston Kann festivalida birorta ham o‘zbek kinosi bilan ishtirok etmayotgan bo‘lsada, O‘zbekiston televideniyelarida, milliy axborot agentligi, gazeta va internet nashrlarida uchta o‘zbek filmlarining Kann festivalida qatnashishi to‘g‘risida axborot tarqatilgani iddao qilingan. 

Shu kunga qadar O‘zbekiston paviloni Kann xalqaro kinofestivalida qurilmagani, kino bozori va shaharchasi degan tushunchalar xalqimizga yaxshi tanish bo‘lmagani sababli tug‘ilajak barcha savollarga aniqlik kiritish uchun Kann xalqaro kinofestivali arafasida 3 may kuni Kinematografiyani rivojlantirish markazida matbuot anjumani o‘tkazilgan edi.

Ushbu matbuot anjumanida OAV vakillariga O‘zbekiston tomonidan Kann kinofestivali asosiy dasturi uchun hech qanday film taqdim etilmaganligi, O‘zbekiston kinofestivalning faqat xalqaro kinobozor yo‘nalishida ishtirok etishi maqsad qilinganligi, buning uchun maxsus pavilon tashkil etib, mamlakatimiz kinoindustriyasini yanada rivojlantirish uchun xorijiy kinokompaniyalar va kinematografiya tashkilotlari bilan hamkorlik qilishni yo‘lga qo‘yish, xalqaro miqyosda faoliyat olib boruvchi distribyuter va prodyuserlarni O‘zbekistonda filmlar suratga olish ishlariga jalb qilish, mamlakatimizning boy kinolokatsiyasi haqida butun dunyodan kelgan vakillarga ma’lumot berish va ular bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish asosiy maqsad qilinganligi ma’lum qilingan edi.

Shu bilan birga, 2018 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan xalqaro «PROlogue» kinofestivalini taqdimot qilish, festivalda ishtirok etish uchun xorijiy hamkorlar topish hamda “O‘zbekiston kinokomissiyasi” va yaqinda tashkil etilgan “Respublika kinoprokat markazi”ning faoliyati to‘g‘risida  taqdimot o‘tkazilishi haqida OAVda e’lon qilingan.

“Ozodlik radiosi” muxbirining yozishicha, go‘yoki Rashid Malikovning “Sabot”¸ Muxlisa Azizovaning “Chaën”, Rustam Meliyev “Maqsad” filmlari 71-Kann kinofestivaliga taqdim qilinganligi to‘g‘risida o‘zbek ommaviy axborot vositalarida axborot berilgan, lekin  aslida ularning hech biri xalqaro Kann kinofestivalining dastur va loyihalariga kiritilmagan.

“Ozodlik radiosi” masalani chuqur o‘rganmasdan, Kann kinofestivali nizomi hamda festival yo‘nalishlari to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmasdan, O‘zbekistonning festivalda ishtirok etishdan maqsadini tushunmagan holda bir taraflama, “provakatsion” ma’lumotlarni tarqatgan. 

To‘g‘ri, festivalga yuqorida nomlari tilga olingan filmlar olib kelingan, lekin ular festivalda namoyish uchun emas, balki shu filmlar to‘g‘risida xorijiy distribyuterlarga ma’lumot berish orqali ularni kelgusida xalqaro kinoprokatga chiqarish ko‘zda tutilgan. Axir, “taqdimot qilish” (prezentatsiya), “namoyish etish” (pokaz) degani emasligi hammaga tushunarliku! 

Bu haqda Kinematogarafiyani rivojlantirish markazi hamda Yosh kinoijodkorlar kengashi saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida aniq ma’lumot va axborotlar berilgan.
“Ozodlik radiosi” suhbatlashgan kinomunaqqid O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyada sayohat qilib yurganlikda ayblagan.

Biroq, O‘zbekiston delegatsiyasining festival davomida amalga oshirgan ishlari, erishgan yutuqlarini kundalik berib borilayotgan axborotlardan ham bilish qiyin emas. Undan tashqari O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi vakillari Kann festivali mobaynida o‘zbek milliy pavilonida bo‘lib, bevosita faoliyatni kuzatib borishdi. Shu kunga qadar delegatsiya a’zolari o‘zbek kinosini rivojlantirishga xizmat qiluvchi bir qator zarur memorandum va shartnomalar imzolab, dunyoning yirik kinokompaniyalari, kino markazlari, mashhur kino ishbilarmonlari bilan hamkorlik o‘rnatishdi.

Pavilon ochilgandan buyon o‘tgan 7 kun ichida Avtraliya, Angliya, Argentina, Belgiya, Germaniya, Gruziya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston, Hindiston davlatlaridan tashrif buyurgan kino vakillari va kinokompaniyalari bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va kelishuvlarga erishdi. Har bir tuziladigan shartnoma yoki memorandum ortida qanday katta mehnat yotishini va bunday mehnatdan “sayohat qilib yurishga” vaqt qolmasligini sohaning har bir vakili yaxshi tushunsa kerak.

Alohida ta’kidlash lozimki, Kann festivali doirasida O‘zbekiston pavilonini tashkil etish oson kechgani yo‘q. Juda qiyin muzokaralar va Davlatimizning amaliy qo‘llab-quvvatlashi natijasida bu loyiha amalga oshirildi. Bu vazifa aynan yoshlarga ishonib topshirilgani biz yosh ijodkorlarga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Buni hammamiz yaxshi tushunib, anglab turibmiz. Fransiyada orttirgan tajriba va ko‘nikmalarimizni, albatta, yurtimiz ravnaqi va o‘zbek kinosining rivoji uchun sarflaymiz.

Shu sababli, ommaviy axborot vositalari vakillaridan jamoatchilik fikriga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatishda xolislikka asoslanishlarini hamda sohta piar orqasidan quvmasliklarini iltimos qilib so‘ragan bo‘lar edik.

Oybek Abdushukurov,
O‘zbekiston kino delegatsiyasi rahbari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?