Daryolardagi o‘zboshimcha “tadbirkorlik” qimmatga tushyapti

11:01 26 Iyul 2018 Iqtisodiyot
193 0
Illyustrativ foto

Suvning har qatrasi zarga teng, degan iboraning ahamiyati, ta’sirini bugun har qachongidan-da ko‘proq va teranroq sezyapmiz. Sababi ushbu ne’mat yil sayin tanqis bo‘lib bormoqda. Yil qurg‘oqchil kelgan vaqtda bu hosildorlikka o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti.

Bunda, albatta, inson omili ham bor. Boisi suv obyektlarida o‘zboshimchalik bilan olib borilayotgan “tadbirkorlik” ishlarining oqibatlari qimmatga tushyapti. Ayniqsa, qum-shag‘al materiallaridan tabiatga zavol yetkazmagan holda foydalanish masalasi har qachongidan ham dolzarbdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 sentyabrdagi “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi qator muammolarga yechim topish, jumladan, sohani tartibga solish va uni tizimlashtirishda muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.

Ushbu qaror ijrosi parlament quyi palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan parlament nazorati tartibida Qashqadaryo viloyati misolida o‘rganildi.

Ochig‘ini aytish kerak, qum-shag‘al materiallarining ruxsatsiz qazib olinishi aksariyat hollarda yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi, suvni muhofaza qilish zonalari botqoqlashishi va ifloslanishi, ularning qirg‘oqlari, sug‘orish tizimlari, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlarining buzilishiga, shuningdek, favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.

O‘rganishlar davomida Qashqadaryo viloyatidagi daryo o‘zanlarida qum-shag‘al materiallaridan foydalanishda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Jumladan, ayrim tadbirkorlarning bu borada litsenziyasiz faoliyat yuritayotgani va mavjudlari ham texnik shartlarga zid ravishda qum-shag‘al materiallaridan tartibsiz ravishda foydalanayotgani ayon bo‘ldi. Buning natijasida bugungi kunda mavjud daryo va boshqa suv obyektlari landshaftlari keskin o‘zgarib, suv va yer resurslariga, o‘simlik hamda hayvonot dunyosiga, ular yashash va o‘sish muhitiga, qum-shag‘al zaxiralariga katta ziyon yetkazilmoqda.

Masalan, Kitob tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosining hozirgi kunda “Yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini beruvchi” litsenziya asosida qum-shag‘al aralashmasini qazib olish bilan shug‘ullanadigan “Qashqadaryo” XF hamda “Kitob temir-beton buyumlari” MCHJ tomonidan qum-shag‘al aralashmasi tartibsiz ravishda qazib olinishi tufayli daryo o‘zani buzilishi va suv oqimining xavfli o‘zgarishiga, qirg‘oqlarning yemirilishiga sabab bo‘layotgani aniqlandi.

Eng achinarlisi, Janubiy xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarini saqlashga ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-foydalanish korxonasi tomonidan qazib olingan qum-shag‘al aralashmasi hisobi yuritilmagani kuzatildi. o‘uzor daryosining o‘zani qazib olinishi oqibatida qirg‘oqda 20 — 30 metrlik chuqurlik, eniga esa 100 — 150 metrgacha bo‘lgan jarliklar hosil bo‘lgan. Buning natijasida bugungi kunda mavjud daryo va boshqa suv obyektlari landshaftlari keskin o‘zgarib, suv va yer resurslariga, o‘simlik hamda hayvonot dunyosiga, ularning yashash va o‘sish muhitiga hamda qum-shag‘al zaxiralariga katta ziyon yetkazilmoqda.

Daryolar o‘zanlari qum-shag‘al zaxiralaridan noqonuniy foydalanish, oqibatda o‘zanlar chuqurlashib, yer usti va yer osti ichimlik suvi zaxiralarining ifloslanishiga, daryo o‘zanlaridagi ayrim strategik obyektlar, jumladan, ko‘priklar, magistral yo‘llar, gaz va suv quvurlari xavfsizligiga jiddiy xavf solayotir. Shu bilan birga, daryo o‘zanlarida hosil bo‘lgan noqonuniy chiqindixonalar, o‘z navbatida, mahalliy aholi orasida turli infeksion kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Daryo o‘zanlarining chuqurlashishi qirg‘oqlar o‘pirilishi, botqoqliklar paydo bo‘lishiga olib kelyapti. Eng xavflisi, daryo atrofida dehqonchilik yuritib kelayotgan mahalliy aholining minglab gektar maydonlari va xo‘jaliklarning suv ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi natijasida ekin yerlarining tanazzul jarayoni tezlashishiga sabab bo‘lmoqda.

Prezident qarori ijrosi yuzasidan viloyatda amaliy chora-tadbirlar olib borilayotgani ham o‘rganishlar davomida ma’lum bo‘ldi. Xususan, viloyatda 62 ta korxona va tashkilotga daryo o‘zanlarini tozalash hamda qirg‘oqni mustahkamlash ishlari uchun ajratilgan yer maydonlari zaxiraga qaytarilib, qum-shag‘al qazib oluvchi maxsus transport vositalari daryo o‘zanlari va qirg‘oqlaridan chiqartirilgan.

Davlatimiz rahbarining qaroriga binoan, bundan keyin tegishli komissiyaning qarorisiz tadbirkorlik subyektlariga ushbu faoliyat uchun yer uchastkalarini ajratish taqiqlab qo‘yildi. Mazkur qaror ijrosi ustidan nazorat qiluvchi organlarning ogohlantirishiga qaramay, faoliyatini davom ettirgan yoki o‘zboshimchalik bilan noqonuniy faoliyat yuritgan 32 nafar fuqaro va mansabdor shaxsga nisbatan 11,2 million so‘m miqdorida ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Albatta, yurtimizda biznes muhitini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan mazkur soha ham xoli emas. Bu yo‘nalishdagi tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish maqsadida noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ridan foydalanish sohasida litsenziyalar berish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqildi. Yangi tartibga asosan, endilikda tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritishiuchun 20 — 30 kun ichida litsenziya olishi mumkin.

Tanganing ikki tomoni bo‘lgani kabi Prezident qaroriga, asosan, mazkur faoliyatda tartibni buzganlik uchun ma’muriy huquqbuzurlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilishgacha bo‘lgan javobgarlikni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganini ham aytib o‘tish o‘rinli.

Bundan tashqari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining ushbu jarayonda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalari aks etgan qarori qabul qilindi hamda mutasaddi idora va tashkilotlarga yuborildi.

Prezident qarorining hayotga samarali tatbiq etilishi daryo va suv havzalari o‘zanlarini tozalash, qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalar, xususan, qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olishga chek qo‘yish, ular bilan shug‘ullanuvchi subyektlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirini bartaraf etishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Islom XUSHVAQTOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?