“Daryoga aylandim, oʻychan daryoga…”

15:01 10 Sentyabr 2020 Madaniyat
55 0

Dunyoda shunday ijodkorlar borki,butun umr soʻz bilan nafas olib, soʻz bilan yashaydi. Shavkat Rahmon ana shunday shoirlardan biri edi, desak adashmaymiz. Millat qaygʻusi bilan yashagan ushbu insonni bugun vijdon shoiri deb atashlari ham bejiz emas. “Yurak qirralari”, “Gullayotgan tosh”, “Uygʻoq togʻlar”, «Hulvo» kabi koʻplab oʻlmas sheʼriy toʻplamlar muallifi Shavkat Rahmon tavalludiga bu yil 70 yil boʻldi.

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan Adiblar xiyobonida oʻtkazilgan adabiy uchrashuvda doʻstlari, shogirdlari shoir haqida xotiralar, mashaqqatli va ibratli ijod yoʻli kabilar toʻgʻrisida soʻzladilar. Shavkat Rahmon hamkasblari uning ishda ham, ijodda ham sobit tura olgan shaxs boʻlganini eʼtirof etadi. Buni shoirning oʻtkir soʻzlaridan, “Oʻldir, ichingdagi xoinni oʻldir!”, “Yovga ters qaragan musulmon emas!”, “Daryoga aylandim, oʻychan daryoga”, «Gʻam soʻzin elimdan avvalroq aytdim, Baxt soʻzin aytaman eldan keyinroq» kabi olov satrlaridan ham sezish mumkin.

— Men Shavkat Rahmon bilan talabalik yillarimda tanishganman. Shoir oʻsha paytlari Gʻafur Gʻulom nashriyotida sheʼriyat boʻlimining boshligʻi boʻlib ishlar edilar, — deydi Eshqobil Shukr. — Aslida lavozim jihatidan ham, ish jihatidan ham bu bir kichkina boʻlim edi. Lekin shu kichkina boʻlim ham butun bir oʻzbek adabiyotiga taʼsir oʻtkaza olgan, uning rivojiga xizmat qila olgan boʻlim boʻlgan, desam adashmayman. Shavkat Rahmon kommunistik partiyani sovetning nomini kuylab, maydonni hech kimga bermay yurganlarning kitoblarini qatʼiy turib qaytargani, buning natijasida qancha taʼnayu dashnomlarga, hatto tahdidlarga uchraganiga guvoh boʻlganman. Lekin shoir baribir sobit turdi. Millatning didini buzadigan, saviyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan narsalarga qarshi sobit tura bilgan. Ana shunday, ishda ham, ijodda ham birday sobit tura olgan mard shoir edi Shavkat Rahmon… Uning xotirasi, sheʼriyati xalq yuragida abadiy yashaydi.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?