“Daryo bo‘yida yashab suvga yolchimayapmiz”. Xorazmda “Obod qishloq“ dasturiga kiritilgan qishloq qarovsiz ahvolda

18:23 02 Avgust 2018 Jamiyat
457 0

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumani hududi orqali Amudaryo ustiga qurilgan katta ko‘prikdan o‘tishingiz bilan Xorazmning Cholish qishlog‘i hududiga kirib borasiz. Har bir mehmonda viloyat haqidagi dastlabki taassurotlar ushbu qishloq manzaralarini tomosha qilish orqali shakllanadi, desak yanglishmaymiz. Zero, xalqimiz ostonaga qarab uyga baho berishga odatlangan.

Daryo yoqasida joylashgan, bir paytlar so‘lim uzumzorlari bilan dong taratgan qishloq qiyofasi esa ko‘ngilni xira qiladigan ahvolga kelib qolgani ham ayni haqiqat. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha Cholishda ham keng ko‘lamda qurilish va obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilgan edi. Ishchi guruh tomonidan qishloqning infratuzilmasi, ijtimoiy soha obyektlari va aholi xonadonlarining holati o‘rganilib, xalq bilan muloqot uyushtirildi. Shu asosida “yo‘l xaritasi” tuzilib, qishloqni obod maskanga aylantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi. Biroq katta ko‘tarinkilik, shijoat bilan boshlangan bunyodkorlik ishlari sur’ati oradan biroz muddat o‘tib keskin susayib ketdi.

— “Obod qishloq” dasturi hayotga tatbiq etila boshlangach, e’tibordan chetda qolib ketayotgan mahallamiz ham tubdan o‘zgarishiga umid qilgandik, — deydi Komiljon Otaniyozov nomli mahallada yashovchi mehnat faxriysi Durjon Xudoyberganova. — Istagimiz amalga oshib, dastur asosida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Biz ham qarab turmadik. Qo‘ni–qo‘shnilar maslahatlashib, uylarimizning fasad qismini ta’mirlash, ko‘chani obodonlashtirish ishlarini bajardik. Ammo bizga bog‘liq bo‘lmagan yumushlar ham borda. Masalan, bir necha yildirki mahallamiz hududiga oqar suv kelmaydi. Imkon topgan tomorqasini nasos yordamida yer osti suvlaridan sug‘oradi. Natijada ekin maydonlarining bir qismi qarovsiz qolib ketyapti. Toza ichimlik suvi ta’minoti uchun plastmassa quvurlar olib kelishgandi. Bir necha oydan buyon oftob tig‘ida yotibdi. Bu ketishda quvurlar foydalanilmasdan turib yaroqsiz holga kelib qolmasaydi. Xalq maqolida aytilganiday, daryo bo‘yida yashab suvga yolchimayapmiz.

Orolbo‘yi mintaqasida toza ichimlik suvi ta’minoti masalasining nechog‘lik dolzarbligi kunday ravshan. Qishloq aholisining aksariyat qismi foydalanayotgan yer osti suvining sho‘rlanish darajasi yuqoriligi bois iste’mol uchun tavsiya qilinmaydi. Qishloq odamlari esa yer osti suvini ichishga yaroqliligini aniqlash uchun undan namuna olib laboratoriyaga borishga hafsala qilmaydi. Bunday sifatsiz suvni uzoq muddat iste’mol qilish esa inson organizmida tuz va tosh kasalliklarini keltirib chiqaradi.

— “Obod qishloq” dasturi doirasida ehtiyojmand oilalar, nogironlarning uylarini ta’mirlashga mahalliy hokimliklar, homiylar tomonidan yordam berilayotganini televideniye orqali ko‘rib, rosti, juda quvongandik, — deydi ushbu mahallada yashovchi fuqaro Hajibiyi Xudikova. — Biz ham uyimizning tomini yopish, tashqi qismini sal epaqaga keltirishga yordam berishlaridan umidvor bo‘lgandik. Afsus, haligacha holing ne, deb xabar oluvchi bo‘lmadi. Aslida uy-joyni ta’mirlash har bir oilaning o‘z zimmasidagi ish. Ammo turmush o‘rtog‘imning topgani nogiron qaynimni davolatish va ro‘zg‘orning kundalik xarajatlaridan ortmayapti. Farzandlarimni pasport bilan bog‘liq muammo tufayli ishga qabul qilishmadi. Men ham vaqtincha ishsizman. Ish bilan ta’minlash yoki oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga yordam berishsa, biz ham ro‘zg‘orimizni butlab olardik.

Qishloq hududida noqonuniy qurilgan binolar buzib tashlangan bo‘lsada, qonuniy qurilgan, biroq bugungi kunda xarobaga aylangan imoratlar mahallalar husniga soya solib turibdi. Ayniqsa ilgari harbiy litsey joylashgan bino va inshootlar majmuasi go‘yo urushdan keyin vayron bo‘lgan hududni eslatadi. Oshxona, yotoqxona, yozgi kinoteatr, yopiq suzish havzasigacha mavjud bo‘lgan bu maskanda nahotki xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilib, sanatoriy-profilaktoriy yoki dam olish maskani barpo etib bo‘lmasa? Vaholanki, bir vaqtlar xuddi shu yerda burg‘ulash yo‘li bilan qazilgan yer osti qudug‘idan shifobaxsh suv otilib chiqqan. Afsus, daryo yoqasida, to‘qayzorlarga tutash ushbu hudud ekoturizm uchun juda juda qulay. Lekin mazkur maskan bir necha yillardan buyon qarovsiz yotibdi. Achinarlisi, bunday tashlandiq imoratlar Cholishda anchagina.

— Ochig‘i, qishloqda yashashning o‘ziga yarasha gashti bor, — deydi ushbu mahallada istiqomat qiluvchi To‘liboy Rahimov. — Qishlog‘imiz daryo yoqasida joylashgani bois bir vaqtlar shaharliklar kelib, chiroyli dala hovlilar qurishgandi. Sharoit haminqadar bo‘lgach, bu imoratlarning ham ko‘pchiligi huvillab yotibdi. Mahallamiz gaz ta’minotidan uzib qo‘yilganiga o‘n yildan oshdi. Suyultirilgan gazdan foydalanish uchun maxsus sig‘im tuman gaz idorasi tomonidan beriladi, deyishgandi. Bu masalada bir necha bor murojaat qilishimga qaramasdan natija bo‘lmagach, gaz balonini bozordan sotib oldim. Uyni tomini shifer qilish uchun bankdan kredit olishni taklif qilishdi. O‘zim nafaqadaman, farzandlarim ham doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagani bois kredit foizlarini to‘lash imkoniyatimiz yo‘q. Shuning uchun qishning qorli-qirovli kunlari kelishidan oldin yana har yilgiday tomsuvoq qilishni rejalashtirib qo‘ydim.

Mahalla hududida namunaviy loyihalar asosida turarjoylar bunyod etilgan. Ammo tabiiy gaz muammosi tufayli ko‘pchilik yangi hovli-joylarga ko‘chib kelmayapti.

Xullas, Cholishda “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha boshlangan xayrli ishlar aro yo‘lda qolib ketyapti. Yo‘llarni ta’mirlash, suv ta’minotini yo‘lga qo‘yish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini barpo etish borasidagi va’dalar hozircha va’daligicha turibdi. Aholi esa dasturda belgilangan tadbirlarning amalga oshishini, ezgu niyatlarning ro‘yobini kutib yashamoqda.

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq so‘zi” muxbiri.

Muallif olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?