Darsliklar jahon standartlariga muvofiq bo‘ladi

18:21 21 Iyun 2018 Jamiyat
849 0

Darsliklar – ta’lim tizimidagi eng muhim manba hisoblanadi. Darslik sifatli, tushunarli, muhimi fan qirralarini ochib berishga xizmat qilsa, bu ta’limdagi yutuqning yarmi ta’minlanganidir.

Ammo keyingi yillarda darsliklar mohiyati emas, uning mualliflari “e’tibor”da bo‘lgani, ya’ni falonchining xotini, falonchining singlisi yozgan darslik muhim o‘ringa chiqqani uchun ham ularning sifati pasaydi, sayozlashdi. Hatto o‘quvchilar ham darsliklardan xato topayotgani juda achinarli hol.

Boz ustiga, ularni 2-3 yilga bormay yangidan nashr etishga qanchadan-qancha mablag‘ sarflangan. Holbuki, aniq fanlar – matematika, fizika, kimyo kabi darsliklardagi qonuniyatlar o‘zgarmasdir. Ularni har xil yo‘sinda talqin qilib, qayta-qayta nashr etishdan maqsad -albatta, muallif va noshirlar manfaatiga xizmat qilgani sir emas.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq ta’limi tizimini tubdan o‘zgartirish, uni zamon talablariga muvofiq takomillashtirish borasida qo‘yilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlab Bosh vazir A.Aripov rahbarligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida darsliklar bilan yuqoridagi kabi noxush holatlar qattiq tanqid qilindi.

Ta’lim berishning fundamental asosi bo‘lgan – darsliklar sifati pasaygani ta’lim tizimi deyarli izdan chiqishiga olib keldi. Endilikda, avvalo, xalqaro standartlariga javob beradigan, boshqacha aytganda, tan olingan darsliklardan biz andoza olishimiz kerak. Bu borada jahon tajribasidan to‘g‘ri foydalanilsa, sifat va samaradorlikka erishiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?