Jahongir Qosimov: Daraxtni bir tepsang, guv etib kinorejissyorlar tushadi

19:36 19 Noyabr 2020 Madaniyat
197 0

Taniqli rejissyor bu haqda “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida aytib oʻtgan.

Xabaringiz bor, Amerika kinematografiya sanʼati va fanlari akademiyasining Oskar mukofotiga Oʻzbekistondan ilgari suriladigan filmlar qisqa roʻyxati (short-list) ham eʼlon qilingan edi.

Undan «Oʻzbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan Jahongir Qosimov tomonidan suratga olingan “Ibrat”, Ayub Shahobiddinovning “Rangsiz tushlar” va Yolqin Toʻychiyevning “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmlari ham oʻrin olgan. Mazkur ijod mahsullaridan biri Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasi tomonidan tanlanib, mukofotga taqdim etiladi.

— Oskar qoʻmitasi talabiga binoan taqdim etilgan filmlar ilgari namoyish etilmasligi kerak. Shuning uchun tomoshabin sizning filmingizni bilmaydi. Shundan kelib chiqib, filmga qisqacha taʼrif bera olasizmi?

— Oskar qoʻmitasiga taqdim etilgan film televizor, “Youtube”da namoyish etilmagan boʻlishi kerak emas degan talab bor. Ammo film oʻz davlatingiz kino ekranlarida qoʻyilgan boʻlsa, unda Oskarga taqdim etish mumkin. Talabga koʻra, mukofotga taqdim etilayotgan kartina bir haftadan kam boʻlmagan muddatda ekranda qoʻyilgan boʻlishi kerak.

Shu bois biz “Ibrat” filmi premyerasini oʻtkazdik. Menimcha, ushbu film hozir ham kinoteatrlarda qoʻyilyapti, qiziqqan odam bemalol borib koʻrishi mumkin. Jumladan, poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy, «Primer Hall» kinoteatri va respublikamizning boshqa kinoteatrlarida ushbu kino namoyish etilmoqda.

— Ushbu mavzuda film suratga tushirishga qiziqishingiz qanday paydo boʻldi?

— “Ibrat” filmini suratga olish istagi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida Isʼhoqxon Ibrat haykali bunyod etilgani va u kishi nomidagi adabiyot maktabi tashkil qilingandan soʻng paydo boʻldi.

Men Ibrat domla hayoti va faoliyatini oʻrganishga kirishdim. Toʻgʻrisi, ulugʻ ajdodimiz amalga oshirgan maʼrifiy ishlar katta taassurot uygʻotdi. Alloma haqida biz bilmas ekanmiz, maktab darsliklarida ham u kishi haqida oʻqimaganmiz-da. Masalan, men hatto institutda tahsil olib yurgan kezlarimizda ham domla haqida biror bir maʼlumot oʻqimaganman.

Isʼhoqxon Ibrat haqida maʼlumotlar toʻplab yurgan paytlarim qoʻlimga ushbu film ssenariysi kelib tushdi. Uni oʻqib chiqqach, yangi badiiy filmni suratga olish ishtiyoqi yana-da kuchaydi.

Bu tarixiy shaxs xalqimizni maʼrifatli boʻlishi uchun juda koʻp mashaqqatlarni boshdan oʻtkazgan. Lekin, afsuski, biz bu haqda juda ham kam bilamiz. Ikki-uch yil avval Ibrat domlani ilmiy doiradagi kishilardan tashqari hech birimiz bilmas edik. Bu insonning mehnatlarini koʻrsatish maqsadida ushbu filmni suratga olishga qaror qildim.

Keyin filmni suratga olish guruhini tuzdik. Uning tarkibida ssenariy mualliflari Nurillo Abbosxon va Abduqayum Yoʻldoshev tasvirchi Rustam Murodov, rassomlar Doniyor Abdurahmonov, Akmal Saidov, ikkinchi rejissyor Ahmad Anorboyev bilan birgalikda faoliyat olib bordik. Ushbu tarixiy filmda marhum Poʻlat Saidqosimov ham ishtirok etishi kerak edi. Afsuski, u kishining vafoti rejalarimizni oʻzgartirib yubordi.

Suratga olish jarayonida Isʼhoqxon Ibrat domla haqidagi juda koʻp qiziqarli maʼlumotlar bilan tanishdik. Maʼlumotlarga koʻra, u kishi 7 ta tilni mukammal bilgan ekan. Bundan tashqari, 20 ta tilni gaplasha oladigan darajada oʻrgangan. Eng ajablanarlisi va achinarlisi, ana shunday ziyoli, bilimli inson ulugʻ yoshga, yaʼni 75 yoshga kirganiga qaramasdan qatagʻon qilingan. Mana shu dalilda ham sobiq tuzum vahshiyligini koʻrish mumkin.

Buyuk vatanparvar, milliy mustaqilligimiz uchun jonini fido qilgan inson fojiasi haqida film olish nasib qilganining oʻzi men uchun katta baxt, deb hisoblayman.

— Bugungi kunda Oʻzbekistonda kinorejissyor boʻlish qanchalik mushkul?

— Bilasizmi hozirgi kunda oʻzini kinorejissyor deb ataydiganlar juda koʻpayib ketgan. Aytish mumkinki, daraxtni bir tepsang guv etib kinorejissyorlar tushadi.

Lekin masalaga jiddiyroq qarasak, kinorejissyor boʻlish oson emas, bunga alohida iqtidor va mahorat kerak. Ana shu ikkita jihat sizda mujassam boʻlmasa, ushbu kasb sirlarini mukammal oʻrganish juda qiyin boʻladi. Uchinchisi, albatta, bilim. Bilimingizga ishonchingiz komil boʻlmasa, bu sohaga yaqinlashmagan maʼqul.

Mahoratli kinorejissyor boʻlish uchun albatta, juda koʻp kitob oʻqish kerak. Mukammal bilim qilayotgan ishingizning sifatli chiqishida muhim ahamiyat kasb etadi. Faqat qiziqish bilan yaxshi kinolenta suratga olib boʻlmaydi.

— Bilamizki, Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan film rejissyorlari sahnaga chiqib, nutq soʻzlaydi, agar filmingiz mukofotga loyiq, deb topilsa sahnada aytar soʻzingiz?

— Toʻgʻri, Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan film rejissyorlari, aktyorlar va boshqa mutaxassislar sahnaga chiqib, nutq soʻzlaydi.

Lekin men uchun oldindan bu haqda gapirish kulgili tuyilyapti... Albatta, Oskarni olish niyatimiz juda kuchli. Mabodo siz aytganday boʻlsa, birinchi oʻrinda rahmatli buvim, otam va, Yaratganga shukrlar boʻlsin, umrlari uzoq boʻlsin onamga rahmatlar aytgan boʻlar edim. Chunki ularsiz men bunday yutuqlarga erisha olmasdim, albatta.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?