Daraxtlarning kesilishini jarimalarni oshirish bilan toʻxtatib boʻladimi?

12:37 14 Sentyabr 2020 Siyosat
278 0

Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 55-moddasida yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik hisoblanib, davlat muhofazasida ekani belgilangan boʻlsa-da, birgina koʻzimiz koʻrib turgan yashil daraxtlarni noqonuniy kesish holatlarini umuman toʻxtatib boʻlmayapti. Javobgarlik choralari qanchalik kuchaytirilmasin, 2019-yilda respublika boʻyicha 3 996 ta daraxt kesilib, 7,3 mlrd. soʻm zarar yetkazilgan boʻlsa, 2020-yilning 1-may holatiga, yaʼni toʻrt oy ichida bu koʻrsatkich 4 758 tani tashkil qilgan.

Xoʻsh, jarimani yana-da kuchaytirish bilan bu holatiga chek qoʻyib boʻlarmikan?

Bugun Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yigʻilishi kun tartibiga kiritilgan “Oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilishni takomillashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻplab bahs-munozaraga sabab boʻldi.

Maʼlumotlarga qaraganda, urush va zoʻravonliklar, kasallik, ocharchilik va tabiiy ofatlardan koʻra, atrof-muhit, suv va havo ifloslanishidan koʻproq odam nobud boʻlarkan. Jumladan, havo ifloslanishdan oʻlim soni chekish sabab yuz beradigan oʻlim miqdoridan 1,5 barobar, OITS, sil va bezgakdan 3-marta, urush va zoʻravonliklardan esa 15 baravarga yuqori ekan.

Muhokama qilingan ushbu qonun loyihasini yangi tartibda ishlab chiqishdan maqsad, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida jinoyat va maʼmuriy javobgarlikning yangi mexanizmlarini joriy etish orqali oʻsimlik dunyosi, xususan, daraxt, butalar va boshqa oʻsimliklarni noqonuniy kesish, shikastlantirish yoki koʻchirib oʻtkazish uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirishdan iboratdir.

Loyihada Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, jismoniy yoki mansabdor shaxslarning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishini bartaraf etishda javobgarlik doirasini kengaytirish va kuchaytirish belgilanmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 198-moddasi boʻyicha birinchi qismining sanksiyasi “ellik baravarigacha” soʻzlari “ellik baravaridan yuz baravarigacha”, ikkinchi qismining sanksiyasi “ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha” soʻzlari “yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha”, uchinchi qismining sanksiyasi esa “yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha” soʻzlari “yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha” soʻzlari bilan almashtirilishi belgilanib, javobgarlik choralari ikki baravarga kuchaytirilmoqda.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, Rossiyada noqonuniy ravishda daraxtlarni kesganlik uchun besh ming rubldan besh million rublgacha jarimaga tortiladi. Belorusda esa jismoniy shaxsga ellik bazaviy miqdorda jarima solinishi belgilangan. Yakka tartibdagi tadbirkor uchun oʻndan ikki yuzgacha va yuridik shaxslar uchun yigirmadan uch yuzgacha bazaviy hisoblash miqdorida jarima solinadi.

Fraksiya yigʻilishida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi.

Maʼlumki, kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan davlatda inson huquqlari, jumladan, eʼtiqod erkinligi huquqi ham kafolatlangan boʻlishi lozim. Chunki davlat taraqqiyoti va xalq farovonligi nafaqat iqtisodiy va siyosiy, balki maʼnaviy hamda diniy omillarga ham bevosita bogʻliqdir. Shu maʼnoda, bugun Oʻzbekistonda 130 dan ziyod turli millat va elat hamda konfessiya vakillari oʻzaro tinch-totuv yashab, oʻz diniy ibodati, rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelmoqda va buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Soʻzga chiqqan deputatlar qayd etganidek, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasining qabul qilinishi – ushbu sohadagi huquqiy asoslarni yana-da mustahkamlash va takomillashtirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Loyihani ishlab chiqishda qoʻshni davlatlar, yaqin va uzoq xorijdagi diniy vaziyat, shuningdek, xalqimizning koʻp asrlik tarixi, madaniy-tarixiy anʼana va qadriyatlari, qolaversa, xalqaro meʼyorlar va talablar, xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining umumiy tartibdagi sharhlari inobatga olingan.

Fraksiya aʼzolari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda ushbu qonun loyihasi boʻyicha takliflar berib, fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Yigʻilishda kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi va fraksiya qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?