Daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar soni nega oshib ketmoqda?

11:21 12 Oktyabr 2019 Jamiyat
306 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi davom etmoqda.

Parlament aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari mutasaddilarining mamlakatda daraxt va butalarni kesishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati haqidagi axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bogʻliq 3 mingdan ortiq huquqbuzarlik aniqlangan boʻlib, salbiy koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 66 foizga ortgan.

Bundan tashqari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2019-yil 1-martgacha daraxtlarni xatlovdan oʻtkazish boʻyicha metodik qoʻllanmani ishlab chiqishi belgilangan boʻlsa-da, mazkur hujjat hanuzgacha ishlab chiqilmagan.

Majlisda qayd etilgan muammolarni hal etish maqsadida “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi va “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlarning ijrosini taʼminlashdagi kamchiliklarni bartaraf etish va mazkur sohadagi mutasaddi mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish, daraxtlarni turli zararkunanda va kasalliklarga qarshi fitopatologik oʻrganish natijalari boʻyicha ularga qarshi kurashish yuzasidan faoliyat samaradorligini oshirish taklif etildi.

Shuningdek, daraxt va butalarni noqonuniy kesish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar yuzasidan jazo choralarini kuchaytirish, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻridagi hamda Jinoyat kodeksiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taklif qilindi.

Rahim ShERQULOV, “Xalq soʻzi onlayn”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?