Daraxtlar sinib, simlar uzildi, elektr taʼminoti esa buzildi. Bunga Mutasaddilar nima deydi?

21:31 09 Aprel 2020 Jamiyat
464 0

Joriy yilning 8-apreldan 9-aprelga oʻtar kechasi koʻpchilikning yodida uzoq vaqt saqlanib qolsa ajabmas.

Negaki ayni shu kuni bahor oyi boʻlishiga qaramay, respublikamizning barcha hududida ob-havo keskin tushib ketdi: esgan kuchli qorli shamol koʻchalarni daraxtlarning singan shox-shabbalariga toʻldirdi, hatto ayrim joylarda yogʻoch tanalar ildizi bilan qoʻporilib, agʻdarilib tushdi ham.

Ana shu choʻrt uzilgan xodalar esa koʻp joylarda elektr simlarini uzib ketdi, gaz quvurlariga shikast yetkazdi. Buning oqibatida, masalan, Toshkent shahri va viloyatidagi qator hududlarda elektr va gaz taʼminoti soatlab toʻxtab qoldi. Bularning barchasi xalqimizni qiyin vaziyatda qolishiga sabab boʻldi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ maʼlumotlariga koʻra, shu kechada qariyb 63 ming xonadon elektrsiz qolgan. Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, jami 44 ta elektr tarmogʻida uzilish kuzatilgan.

Toshkent viloyatining Qibray, Oqqoʻrgʻon, Boʻstonliq, Ohangaron, Zangiota, Yangiyoʻl kabi bir qator tuman va shaharlarida ham aholi xonadonlari, hokimliklar, bank, soliq kabi davlat muassasalarida ham ana shunday nosozliklar kuzatilgan. Birgina Ohangaron tumanidagi “Qiziloy”, “Gʻallaquduq”, “Gulobod”, “Ungut” va “Tut”, Piskent tumanidagi “Zominovul“, “Mitan”, “Maylobod”, “Bekobod”, “Birlik”, “Oybek”, “Lolaariq“, “ Navoiy“, “Moʻminobod“, “Saidobod“, “Doʻstlik“, “Fayzobod“, “Guliston“ kabi oʻnlab MFYlarida daraxt shohlari elektr kushandasiga aylandi, aholiga ichimlik suvi yetkazib berishda ham muammolarni yuzaga keltirdi.

Shunga yarasha ijtimoiy tarmoqlarda ham Toshkent viloyatidagi bir qator hududlarda odamlarning gaz va elektr taʼminotidan koʻngli toʻlmayotgani haqidagi xabarlar tez-tez koʻzga tashlanmoqda.

Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tizimidagi muammolar tufayli viloyatdagi aholi xonadonlari oldindan ogohlantirishsiz elektr taʼminotidan uzib qoʻyilayotir. Bu esa odamlarning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻlyapti. Ayniqsa, bugungi koronavirus pandemiyasi tufayli barcha tashkilotlar xodimlari, masʼul lavozimdagi kishilar, taʼlim muassasalarining oʻqituvchi va oʻquvchilari masofaviy onlayn tizimida ishlashayotgan, oʻqiyotgan, kunlik dars vazifalari topshirayotgan, xodimlar ish beruvchi tashkilotlarga reja-topshiriq hisobotlarini elektron tarzda amalga oshirayotgan bir sharoitda qoʻqqisdan elektr taʼminotining toʻxtatilishi qanchalar noqulayliklar keltirib chiqarishini bir tasavvur qilib koʻring-a!

Albatta, mazkur avariya holatlarining barchasi tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan tezkor guruhlar yordamida oʻnglanar. Aksariyat muammolar hal etildi ham.

Ammo haqli savol tugʻiladi: bu kabi noqulay ob-havo sharoiti tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan hodisalarning oz boʻlsa-da oldini olish mumkin emasmidi?!

Oddiy misol, aksariyat holatda xonadonlarni elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida elektr simlari aynan daraxt ekilgan yoxud baland-baland daraxtlar yonginasidan tortilganini yoki aksincha, elektr energiyasi simlari, simyogʻochlar ostiga turli xil mevali-manzarali daraxtlar qadalganini koʻrish mumkin.

Endi oʻylab koʻring, bunday ish tutumi kuchli shamol yoxud ona tabiatning boshqa injiqliklari tufayli yuzaga keladigan turli noxushliklar, koʻngilsiz hodisalar va har xil darajadagi talafotlarga sabab boʻlib qolmayaptimi?!

Bu borada, yaʼni har qanday sharoitda aholini elektr taʼminotisiz qoldirmaslik uchun daraxt hamda elektr simlari oʻrtasidagi maʼlum bir masofa boʻlishini kerakmi yoki yoʻq? Buning aniq tartibi qanday?

Umuman, yuqoridagi kabi holatlarga kim aybdor? Bunga kim javob berishi kerak?

Biz sohaga masʼul boʻlgan tegishli idoralar va tashkilotlar mutasaddilaridan ana shu savollarga munosabat hamda javob kutib qolamiz. Umid qilamizki, ular “Bu shunchaki tabiat hodisasi-da” degan umumiy qarash bilan kifoyalanmaydi.

Tahririyat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?