Daniyaliklar Oʻzbekistonda baliq uchun ozuqa ishlab chiqarishni rejalashtiryapti

17:48 18 Fevral 2019 Jamiyat
326 0

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Daniyaning Aller Aqua GmbH kompaniyasi prezidenti Gans Erik Bayling bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur uchrashuv baliqchilik sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, Oʻzbekistonda yuqori proteinli baliq ozuqalari ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni tashkil etish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

Eslatib oʻtamiz, 2018 yil sentyabr oyida “Oʻzbekbaliqsanoat” va Aller Aqua GmbH oʻrtasida ushbu sohada hamkorlik qilish maqsadlari toʻgʻrisida protokol imzolangandi. Daniyalik ishbilarmon mazkur kelishuvni amalga oshirishni koʻrib chiqish uchun mamlakatimizga keldi.

Tashrif davomida baliqchilik sohasiga masʼul boʻlgan idoralar rahbarlari bilan ham muloqotlar uyushtirildi, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi baliqchilik xoʻjaliklariga tashrif buyurildi.

Gans Baylingning qayd etishicha, Oʻzbekiston mazkur yoʻnalishni rivojlantirish hamda tarkibi zarur minerallar, vitamin va proteinlarga boy boʻlgan innovatsion ozuqalar hisobiga bozorni baliqning qimmatbaho zotlari bilan toʻldirish uchun barcha zarur sharoitlarga ega.

Shu bois Aller Aqua GmbH yurtimizda yuqori proteinli ozuqalar ishlab chiqarish boʻyicha korxona tashkil etish, ularni sotish boʻyicha dilerlik tarmoqlari hamda omborxonalarni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.

Ekologik barqarorlik va atrof muhitga minimal taʼsir koʻrsatish, ozuqalarni tayyorlashda sertifikatlangan va ruxsat etilgan mahsulotlardan foydalanish kompaniya faoliyatining asosiy tamoyillari hisoblanadi.

Oʻzbekiston tomoni oʻz navbatida mamlakatimizda davlat tomonidan ushbu sohani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini aytib oʻtdi. Jumladan, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi ishtirokchilari qator toʻlovlardan, jumladan, yiliga kamida 50 tonna mahsulot ishlab chiqargan baliqchilik klasterlari esa uch yil davomida barcha soliq va majburiy toʻlovlardan ozod qilindi. Investorlar uchun Qashqadaryo, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida istiqbolli sunʼiy suv havzalari, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida esa tabiiy suv havzalari mavjud.

Qayd etilganidek, Oʻzbekistonda baliq mahsulotlariga boʻlgan talab katta va oʻz navbatida mamlakatimiz qoʻshni davlatlar, shu jumladan, Afgʻonistonga ham baliq eksport qilishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?