Dangʻarada aslida nima boʻlgandi?

13:39 03 Oktyabr 2019 Jamiyat
517 0

Har qanday axborot xolis va ishonchli boʻlishi kerak. Bu jurnalistikaning oltin qoidasi. Ammo ayrim vaqtlarda bu tamoyillar unutilayotganini qanday tushunish mumkin? Yurtimizdagi voqea-hodisalarni bir yoqlama, “feyk” xabarlar, uydirmalar asosida yoritayotganlar buni yaxshi bilishsa-da, kimnidir manfaati yoʻlida xizmat qilishaveradi.

Soʻnggi kunlarda Fargʻona viloyatidagi koʻp hodisalarni hokim nomi bilan bogʻlash, soxta xabarlar tarqatish holatlari avj olmoqda. Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasidagi yana bir uydirma ham nafaqat yurtdoshlarimizni, balki, oʻqituvchilarni ham “shok”ka tushirdi. Unda aytilishicha, Dangʻara tumanidagi toʻrtta maktabning direktor muovinlari viloyat hokimligidagi tungi selektorga ketayotgan paytda avtohalokatga uchragan emish... . Nahotki, deb yoqa ushlaysan kishi.

Mazkur holat oʻrganilganda voqea umuman boshqacha boʻlganligi maʼlum boʻldi. Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasining xabariga koʻra, dastlabki tergov jarayonida, 2019-yil 29-sentyabr kuni soat 20.45larda Dangʻara tumani xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 25-sonli maktabning direktor oʻrinbosari M.D. “Neksiya“ rusumli avtomashinasini Qoʻqon shahri tomon boshqarib ketayotib, yoʻlni oʻrtasiga oʻrnatilgan beton toʻsiq ustiga chiqib ketganligi va yoʻlni yorituvchi temir stolbaga urilishi natijasida avtomashinaga oʻrnatilgan gaz balonidan yongʻin sodir boʻlganligi aniqlangan.

Yongʻin natijasida avtomashina haydovchisi hamda oldi oʻrindiqda boʻlgan yoʻlovchi 26-sonli maktabning direktor oʻrinbosari U.Sh.lar voqea joyida halok boʻlgan. Orqa oʻrindiqda boʻlgan yoʻlovchilar 38-sonli maktabning direktor oʻrinbosari T.L. va Dangʻara tumani xalq taʼlimi boʻlimi qorovuli M.B.lar tan jarohati olgan hamda ularga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilib, shifoxonaga joylashtirilgan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mana haqiqiy holat. Qolaversa, shu kuni viloyat hokimligida hech qanday selektor yigʻilishi oʻtkazilmagan. Qaysi guvohlar viloyat hokimi bilan birga yurib, uxlab turganki, bu xabarni haqiqatga aylantirsa?! Viloyat hokimligining axborot xizmati mazkur holat boʻyicha bayonotida ham Dangʻara tumanida avtohalokatga uchragan shaxslar viloyat hokimligiga chaqirilmaganini bildirgan. Boʻlar-boʻlmas vajlarni toʻqishdan ne foyda?

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, selektor oʻz nomi bilan selektor-ku. Bu selektorda qatnashish uchun shahar va tuman hokimliklarida maxsus texnik apparatlar oʻrnatilgan. Hech kim viloyatga yigʻilishga kelmasligini hamma yaxshi biladi.

Tarqatilgan xabarda muallif hatto paxta mavsumini ham qoʻshib qoʻyibdi. Vaholanki, klaster usulida paxta terimi boʻlayotgan bir vaqtda davlat ishida ishlovchi xodimlarning birortasi paxtaga jalb qilinmagan. Faqat oilasi uchun qoʻshimcha daromad topishi uchun fuqarolar ixtiyoriy paxta terimida ishtirok etmoqda. Kecha viloyatning 3 ta tumani Rishton, Qoʻshtepa, Yozyovonliklar oʻzlariga berilgan reja-topshiriqni ortigʻi bilan bajarib, birinchilar qatoridan joy oldi.

Bugun yurtimizdagi ulkan oʻzgarishlarni koʻrolmayotganlar shunday mish-mishlarni tarqatish bilan ovora. Xalqimizda it hurar, karvon oʻtar degan degan naql bejiz aytilmagan. Faqat shunday yolgʻonlarga aldanib qolmaylik, aziz yurtdoshlar.

Xursanoy Islomova,

Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Fargʻona viloyat boʻlimi rahbari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?