“Damas”lar o’rnini “Pejo”lar egallaydi

20:35 23 Mart 2018 Iqtisodiyot
2631 0

 

O’zbekistonda “Damas” avtomashinalarida yo’lovchilarni tashishni bosqichma-bosqich “Peugoet” mikroavtobuslariga o’tkazish dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda O’zbekiston avtomobil transporti agentligi rahbari o’rinbosari Shoolim Shovahobov aytib o’tdi.

“Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” O’zbekiston — Frantsiya avtomobil zavodi o’z mahsulotlarining birinchi turkumini joriy yil dekabr oyida etkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu erda ikki rusumdagi – “Pejo bokser” (10-12 xil modifikatsiyali) va “Pejo ekspert” (7 ta modifikatsiya) ishlab chiqariladi. Yiliga birinchi turdagi model 3 mingta, ikkinchisi esa 13 mingta tayyorlanadi.

Bugun xususiy tashuvchilar orasida “Damas” o’zining iqtisodiy tejamkorligi bilan juda mashhur. Ammo bu turdagi transport vositasi yo’lovchilar uchun juda noqulay hisoblanib, favqulodda vaziyatlarda xavfsiz emas. 

O’zbekiston avtomobil transporti agentligi rahbari o’rinbosari Shoolim Shovahobovning aytishicha, ayni paytda mamlakatimizda yo’lovchi tashishda 36 mingta “Damas”dan foydalanilayapti.

“To’g’ri, bugungi kungacha yurtimiz viloyatlari shahar oldi va shaharlarida “Damas”lar qatnayapti. Poytaxtda esa ular endi yo’q. Joriy yilning to’rtinchi choragida Jizzaxda 11 va 17 o’rinli yangi mikroavtobuslarni ishlab chiqarish yo’lga qo’yiladi. Mazkur texnika bosqichma-bosqich yo’llarimizdagi “Damas”larni almashtiradi. Tashuvchilar ushbu texnikani kutishayapti, bizning agentlikda ham bunday mikroavtobuslarni sotib olish bo’yicha dastur bor. Bu xuddi, masalan, O’zbekistonda “Tiko” ishlab chiqarish to’xtatilgandan so’ng, “Matiz” va “Spark” ishlab chiqarishga o’tilgani kabi yangi bosqichga ko’tarilish bo’ladi”, — dedi Sh. Shovahobov.

Ma’lum qilinishicha, yangi mikroavtobuslar shinam, xavfsiz va boshqarishga qulay, shuningdek, benzin sarflash nuqtai nazaridan tejamkordir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?