Suv toshqinlari sabab 50 mingdan ortiq kishi uylarni tark etdi

13:05 30 Iyul 2018 Dunyo
273 0
Foto: AP

Myanmada ro‘y bergan suv toshqinlari sabab qariyb 50 ming aholi vakili o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Bu haqida Reuters xabar berdi.

Unga ko‘ra, o‘n minglab turar joylar suv ostida qolgan, ko‘priklarni suv yuvib ketgan. Mamlakatning markaziy qismlarida yo‘l infratuzilmalari hamda sholi maydonlari zarar ko‘rgan.

Qutqaruv xizmatlari daryo va suv havzalari yaqinida istiqomat qiluvchi aholiga murojaat qilib, zudlik bilan o‘z uylarini tark etishga chaqiryapti. Boisi suv sathi xavfsiz bo‘lgan darajadan ham ko‘tarilib borayotir.

BMT missiyasi va “Qizil xoch” tashkiloti mahalliy bo‘linmasi jabr ko‘rgan oilalarga gumanitar yordam ko‘rsatyapti hamda odamlarni qayiqlarda xavfsiz joylarga olib chiqmoqda.

Ushbu davlat prezidenti Vin Mint bayonot berib, suv toshqinlaridan zarar ko‘rganlar soni 100 ming kishiga yetganini bildirdi.

Har yili Myanmada musson yomg‘irlari mavsumida suv toshqinlari va ko‘chkilar yuz berishidan o‘n minglab odamlar aziyat chekadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?