COVID-19ga qarshi oʻzimizning dorilar, “qora bozor”, bepul taʼminot... — Dolzarb savollarga aniq javoblar berildi

13:35 09 Avgust 2020 Jamiyat
551 0

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Temirov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi.

Brifingda dolzarb savollar yuzasidan javob qaytarildi:

Savol: Koronavirusni davolashda ishlatiladigan dorilar oʻzimizda ishlab chiqariladimi?

Javob: COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash boʻyicha vaqtinchalik qoʻllanmaga (6-versiya) muvofiq, bemorning ahvoli va kasallikning kechishiga qarab, 50 ga yaqin dori vositasi qoʻllanilishi mumkin.

Bular: Viruslarga qarshi, antibakterial va zamburugʻlarga qarshi vositalar, Antikoagulyant, antiagregant vositalar, Yalligʻlanishga qarshi, glyukokortikosteroid vositalar, Vitaminlar, mikroelemntlar, Mukolitik va balgʻam koʻchiruvchi, dekongestant vositalar (qon tomirlarni mahalliy toraytiruvchi vositalar), Qusishga qarshi, oshqozon-ichak tizimi dori vositalari, Diuretik vositalar, Adrenomimetiklar, Metabolik jarayonlarni toʻgʻrilovchi vositalar,

Mamlakatimizda umumiy 100 ta dori vositalarini ishlab chiqaradigan korxonalar mavjud. Ulardan 25 ta korxona davolash protokoliga asosan qoʻllanadigan 215 turdagi dori vositalarni ishlab chiqarmoqda va bu koʻrsatkich kun sayin ortib bormoqda.

Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan “Nobel Pharmsanoat” kompaniyasi «Kovipir» nomi ostida favipiravir faol moddasi asosida dori vositasini ishlab chiqarish uchun davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonini boshladi va yangi dori vositasi qisqa muddatlarda oʻzlashtirildi. Ushbu favipiravir faol moddasi saqlovchi dori vositasi Yaponiya, Rossiya va bir qator davlatlarda koronavirus infeksiyasini davolashda yuqori samara koʻrsatib kelmoqda.

Savol: Xorijdan charter reyslar orqali kirib kelayotgan fuqarolar oʻzlari bilan shaxsiy foydalanishi uchun qancha miqdorda dori vositalari va tibbiy buyumlarni olib kirishi mumkin?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 8-iyundagi 191-son “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qaroriga muvofiq:

Yashash yoki boʻlish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan quyidagilar jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib oʻtilishi mumkin:

— turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 oʻramdan ortiq boʻlmagan dori vositalari;

— 5 birlikdan ortiq boʻlmagan tibbiy buyumlar.

Bunda bir oʻramda:

— qattiq (tabletkalar, drajelar, granulalar, kukunlar, kapsulalar) dori shakllari uchun — 100 birlikdan ortiq emas;

—eritma tayyorlash uchun qoʻllaniladigan kukunlar uchun — 500 grammdan ortiq emas;

— granula shakldagi gomeopatik dori vositalari uchun — 50 grammdan ortiq emas;

— infuzion eritmalar va oral (ogʻiz orqali) qoʻllaniladigan eritmalar uchun — 500 millilitrdan ortiq emas;

— inyeksiyalar uchun eritmalar — 10 ampuladan yoki 10 flakondan ortiq emas;

— tashqi dorilar uchun — 200 millilitrdan yoki 200 grammdan ortiq emas.

Dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchining oʻramida boʻlishi kerak.

Savol: Ayrim “tadbirkorlar” aholi tomonidan ehtiyoj koʻp boʻlgan dori vositalarini dorixonada emas, balki “qora bozor”da pullayotganlarini eshityapmiz. Dorilarni dorixonadan tashqarida sotganlik uchun javobgarlik bormi?

Javob: Jinoyat kodeksiga muvofiq, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish javobgarlikka sabab boʻladi.

Bunda mazkur huquqbuzarlikni sodir etishdagi qurollar va ashyolar musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda: hozirda 11 115 000 soʻmdan — 22 300 000 soʻmgacha jarima solishga sabab boʻladi.

Dori vositalarini chakana realizatsiya qilishga faqat farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan mutaxassislarga ruxsat etiladi.

Savol: Koronavirusga chalinib, uyida davolanayotgan yoki kasallik alomatlari bor bemorlar qaysi bepul dori-darmonlar bilan taʼminlanyapti?

Javob: Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari orqali bepul dori-darmonlar bilan taʼminlash belgilandi.

Uyda davolanayotgan fuqarolarga tarqatiladigan bepul dorilar:

— «Gidroksixloroxin», «Azitromitsin» — antibakterial vosita hisoblanadi, faqat shifokor koʻrsatmasi bilan qoʻllaniladi,

— “Paratsetamol” — harorat koʻtarilganda qabul qilish uchun,

— “Askorbin kislotasi” (Vitamin S) — immun tizimini yaxshilash uchun,

— shuningdek, qutichada 10 dona tibbiy niqob ham bor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?