“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

19:10 04 Fevral 2020 Siyosat
195 0

2020-yil 4-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonda majburiy mehnatga barham berish, shuningdek ushbu yoʻnalishdagi oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlari haqida soʻz yuritildi.

Taʼkidlanganidek, “Cotton Campaign” delegatsiyasi bu safargi tashrifining maqsadi hukumat va fuqarolik jamiyati bilan muloqotni yana-da rivojlantirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash va majburiy mehnatning barcha shakllariga barham berish sohasida hamkorlikni faollashtirishdan iborat.

Delegatsiya aʼzolariga Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi faoliyati, vazifalari va tarkibiy tuzilishi haqida batafsil maʼlumot berildi. Bunda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining barcha tavsiyalari oʻz vaqtida bajarilayotganligiga urgʻu berildi.

Oʻz navbatida, delegatsiya aʼzolari tomonidan Oʻzbekistonda keyingi yillarda majburiy mehnatga barham berish, avval bu illat qayd etilgan soha – agrar tarmoqda bozor mexanizmlarini joriy etish borasida salmoqli natijalarga erishilgani taʼkidlandi. Xalqaro koalitsiya Oʻzbekiston hukumatining majburiy mehnatni yoʻq qilish borasidagi qatʼiyatini qoʻllab-quvvatlashi qayd etildi. Majburiy mehnat muammosining ochiq tan olinishi va OAVda yoritilishida sezilarli siljish bor ekanligi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilayotganligi qayd etildi.

Majburiy mehnat turli shakllarining paydo boʻlishiga sabab boʻlgan asosiy omillar haqida soʻz yuritar ekan, Senat Raisi T. Narbayeva mamlakatimizda qishloq joylarida tadbirkorlik va fermerlik harakatini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga, xususan paxta klasterlari faoliyati yoʻlga qoʻyilganligiga eʼtibor qaratdi. 2030-yilgacha moʻljallangan Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasida agrar tarmoqda bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich va toʻliq joriy etish koʻzda tutilganligini aytib oʻtildi. Bu esa majburiy mehnatning turli shakllari paydo boʻlishiga sabab boʻlgan sharoitlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Shuningdek, majburiy mehnatga barham berish va uning oldini olish Oʻzbekiston davlati ustuvor yoʻnalishlaridan biri va bu yoʻnalishda barcha tegishli choralar koʻrilayotganligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar majburiy mehnatning oldini olishda yana-da salmoqli natijalarga erishish uchun muloqotni faollashtirish va barcha manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?