O‘zbek Coca Cola‘si 20 yoshda! Zavod qanday ishlaydi?

20:02 11 Avgust 2018 Iqtisodiyot
1428 0

Bugun “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” qo‘shma korxonasi ishga tushirilganiga 20 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan poytaxtimizning Bektemir tumanida joylashgan ushbu korxonaga mediatur tashkil etildi.

Mega zavod hududiga kirar ekansiz, e’tiboringiz dastlab uning me’morchilikning zamonaviylik va milliylik uyg‘unligida yaratilgan ko‘rkam qiyofasi tortadi. Ichkarida esa to‘xtovsiz ishlayotgan eng so‘nggi texnologiyalardan ko‘z uzolmaysiz. Axir, bu yerda ko‘pchilik sevib iste’mol qiladigan ichimliklar ishlab chiqarilmoqda.

Qo‘shma korxona bosh direktori Anvar Xadjiyevning aytishicha, bugun 800 ortiq kishi mehnat qilayotgan jamoa uchun qo‘shaloq bayram. Chunki “Cocа-Cola” brendining yurtimizda faoliyat boshlaganiga ham roppa-rosa 25 yil to‘ldi.

Korxona ish boshlagan dastlabki paytda soatiga 65 mingta 3 nomdagi mahsulot tayyorlanar edi. Ayni paytga kelib, oltita liniyada soatiga 145 mingdan ortiq, 9 nomdagi ichimliklar ishlab chiqarilyapti. Boshqacha aytganda, yurtimiz iste’molchilariga bir yilda 503,2 million litr chanqovbosdi ichimliklar yetkazib berilmoqda.

— Korxona quvvatini oshirish, yangi liniyalarni ishga tushirish doimiy e’tiborimiz markazidagi masaladir, — deydi korxona bosh direktori o‘rinbosari Umar Turdiyev. — Shu maqsadda 2018 yilning o‘tgan davrida 2 million 180 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etildi. Ustuvor rejaga ko‘ra, yil oxiriga qadar 2 ta yangi liniya foydalanishga topshirilib, 100 ga yaqin qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

Jurnalistlarga asosiy xom ashyo — suvdan oqilona foydalanish, resurs tejamkor hamda ekologik toza texnologiyalarni amaliyotga joriyetish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, yangi loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Bugungi sana munosabati bilan ishlab chiqarila boshlangan yangi mahsulot — qaynoq usulda qadoqlanayotgan yangi ta’mdagi choyning taqdimoti ham o‘tkazildi.

Said RAHMONOV, “Xalq so‘zi” muxbiri.

Hasan Paydoyev olgan suratlar


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?