“Cobalt” rusumli avtomashinalar nega nosoz chiqmoqda?

15:26 20 Avgust 2019 Jamiyat
2146 0

Dolzarb bir muammoni yoritishdan avval internet saytlarida tarqalgan mutaxassislar tomonidan oʻzbek avtomobil sanoatidagi nozik jihatlardan biriga qaratilgan fikrlarni keltirib oʻtsam...

“Bugun koʻchalarimizni toʻldirib yurgan oʻzimizning avtoulovlarni koʻrib, dilimiz yayraydi. Faxr bilan aytamiz: oʻzimizniki! Ammo tanganing ikkinchi tomonida dilga gʻashlik soladigan bir jihat bor “oʻzimizniki” oʻzimizga qimmatga tushmayaptimi? Keling shu haqda fikrlashamiz. Gapni tarixdan boshlasak. 1996-yil Asakada Oʻz DEU zavodi ishga tushganida barchamiz “Endi xorijdan tuya bahosida ot olib kelmaymiz”, oʻzimizning mashinalarimizni minamiz”, deya xursand boʻlganimiz bor gap.

Oʻshanda zavod ishlab chiqargan Nexia ning narxi 7 ming dollar atrofida edi. Keyinchalik xorijda ishlab chiqariladigan avtomashinalarga toʻlanadigan import bojxona toʻlovlarini keskin koʻtarilishi natijasida faqat “oʻzimizniki” ni harid qiladigan boʻldik”…

Yuqorida keltirilgan fikrlarni oʻqir ekanmiz bu- bugun koʻplab yurtdoshlarimizni ich-ichidagi ogʻriqlari ekaniga amin boʻlamiz. Avtomashinalarning narx-navosi oʻz yoʻliga-yu, shuncha pulga sotib olinayotgan ulovning sifatiga kim kafolat beradi? Bugun Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlar orasida milliy avtomashinalarimiz yuzasidan ham noroziliklar uchrab turibdi. Oʻzingiz oʻylab koʻring, yillar davomida zarur ehtiyojlardan pul orttirib, yigʻib yangi avtomashina harid qilsangizda bir-ikki kunda uning nuqsonlari koʻzga tashlansa, bunday hol hammaning dilini xufton qilishi tayin. Dili xuftonlarni esa yetarlicha topish mumkin. Federatsiyaning Andijon shahar mutasaddilari fuqaro A.Xaydarov jamiyatga bergan yozma arizasini oʻrganib chiqdi. Ushbu murojaatda Andijon shahar “Andijon Avtotexxizmat” MCHJ diler markazi tomonidan 2018-yilning 19-oktyabr kuni Cobalt (GS/16MTV) rusumli avtomobilini sotib olgani, lekin maʼlum bir muddatdan soʻng, fuqaro avtomashinada yashirin defekt borligini sezib qolib, uning yaroqlilik muddati tugamasdan turib dilerlik markaziga maʼlum qiladi. Ammo ushbu dilerlik markazi yetkazilgan ziyonni qoplashdan bosh tortayotganidan noroziligini bildiradi.

Federatsiya mutaxassislarining oʻrganish ishlari natijasida murojaatchi haqligi aniqlanib, fuqaroga “Andijon Avtotexxizmat” MCHJ tomonidan Cobalt (GS/16MTV) mashinasidagi barcha nuqsonlar va muammolar bartaraf etib, isteʼmolchiga amaliy yordam koʻrsatildi.

Avvalroq, Buxoro shahri Mohi Xosa koʻchasida “Sitora avto savdo” MCHJ avtosalonidan sotib olingan Cobalt avtomobilida ham nuqsonlar borligi aniqlangan va Federatsiya aralashuvidan soʻng isteʼmolchiga nuqsonli avtomashina yangisiga almashtirib berilgandi.

Xuddi shunday yangi avtoulovdagi nuqson sabab murojaat qilgan fuqarolardan yana biri Navoiy viloyati Zarafshon shahri 12-kichik tumanda yashovchi Asror Sadirovdir. U oʻz arizasida maʼlum qilinishicha fuqaro 2019-yil aprel oyida “Navoiy-avtosavdo” avtosalonidan 84 164 910 (sakson toʻrt million bir yuz oltmish toʻrt ming toʻqqiz yuz oʻn) soʻmga Cobalt avtomobilini sotib olgan. Oradan bir oylar oʻtib, avtomashinaning nuqsonlar paydo boʻla boshlagan. Yaʼni avtomobilning isitish moslamasi talab darajasida ishlamagan, old qismi oynasida esa nuqsoni boʻlganligini bilib, bu haqida avtosalon mutaxassislariga xabar qilganligini maʼlum qildi. Ammo hech qanday natija boʻlmaganligi oradan vaqt oʻtib ketayotganligi va yuqoridagi arizasi yuzasidan amaliy yordam berishni soʻrab murojaat qilgan.

Ariza qonuniy tartibda qabul qilinib, kuzatuv-oʻrganishlar olib borildi. Federatsiya tomonidan “Navoiy-avtosavdo” markaziga yozma murojaat xati yuborildi. Shundan soʻng salon rahbariyati avtomashinaning nosoz joylarini tuzatib, old oyna qismini almashtirib berishini maʼlum qildi.

Toʻgʻri, Markaziy Osiyoda avtomobil ishlab chiqarishda yetakchi ekanligimizdan xursand boʻlsak arziydi. Ammo bugun UZAUTO MOTORS ga aylangan mamlakatning yagona avtomashina ishlab chiqaruvchi korxonasi avtomobil sanoatida sifat darajasini ham yangi bosqichga olib chiqsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi! Aslida uy, mashina kabi moddiy boyliklarni sotib olayotganda juda ehtiyotkor boʻlishimiz zarur. Bu kabi muammolarni yoritishdan yagona maqsadimiz oʻzimizniki boʻlgan ulovlarimiz yaxshi kunlarimizga uzoq vaqt xizmat qilsin.

Gulnoza Sharafova,
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish 

jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?