Cifatsiz “Akfa” eshik-romlari isteʼmolchining eʼtiroziga sabab boʻldi

16:13 20 Dekabr 2018 Jamiyat
467 0

Arxiv foto

Isteʼmolchilar huquqlari va manfaatlarini kafolatlaydigan qonunchilik bazasi yaratilganiga qaramasdan, sifati past tovarlarni sotish, talabga javob bermaydigan xizmatlarni koʻrsatish kabi holatlar uchramoqda. Buni Xatirchi tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga kelayotgan ariza murojaatlardan ham bilish qiyin emas.

Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumani, “Vayrat” MFYda yashovchi M. Norboyeva yaxshi niyatda yangi qurgan imoratiga oʻrnatish uchun “AKFA” eshik va romlari oʻrnatish maqsadida “Oʻzbekinvest-94” xususiy korxonasi rahbari D. Jamilov bilan oʻzaro ogʻzaki shartnoma orqali 11 620 000 (oʻn bir million olti yuz yigirma) ming soʻmlik ishlarni bajarish boʻyicha kelishib olishadi. Kelishuvga binoan korxona xodimlari 15 kun muddatda sifati yuqori boʻlgan “AKFA” eshik va romlarini fuqaro xonadoniga oʻz vaqtida oʻrnatib berishlari lozim edi. Dastlabki bajarilgan ish va oʻrnatilayotgan romlar anchayin sifatsizligi xonadon bekasiga yoqmasada, u qolgan ishlarni sifatli va oʻz vaqtida bajarishni talab qildi. Lekin belgilangan muddat oʻtib ketsa-da na ustalardan, na eshik-romlardan darak boʻldi. Korxonaga berilgan 11 620 000 soʻm mablagʻ ham “qulogʻini ushlab ketgan”ga oʻxshab qoldi.

Bir necha marta qilingan telefon qoʻngʻiroqlari ham javobsiz qoldi. Ustalarning bu qiligʻidan norozi boʻlib, taajjubga tushgan M. Norboyeva jamiyatimizga shikoyat arizasi bilan murojaat qildi.

Xatirchi tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining mutaxassisi S. Nazarovning aytishicha, ushbu murojaat jamiyat xodimlari tomonidan “Oʻzbekinvest-94” xususiy korxonasi rahbari D. Jamilov ishtirokida qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda oʻrganib chiqildi. Oʻrganish natijasida oʻrnatilgan “AKFA” eshik va romlari sifatsizligi hamda toʻliq oʻrnatilmaganligi, umuman, fuqaroning eʼtirozlari oʻrinli ekanligi aniqlandi.

Tadbirkorga “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning mazmun va mohiyati toʻliq tushuntirildi. Natijada fuqaroning xonadoniga oʻrnatilgan sifatsiz eshik va romlar sifatlisiga almashtirilib, qolgan barcha ishlar tez hamda sifatli amalga oshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?