Chustda ekinlar zararkunandalariga qarshi kimyoviy vositalar ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi

18:28 01 Iyun 2018 Jamiyat
360 0

Namanganda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan innovatsion texnologiyalarni o‘rganishga bag‘ishlangan respublika seminari bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, fermer xo‘jaliklari, qayta ishlash korxonalarining rahbarlari qatnashgan ushbu tadbirda namanganliklarning ayni yo‘nalishdagi tajribalari bilan atroflicha tanishildi.

“Xalq so‘zi” gazetasining viloyat muxbiri Q. Najmiddinovning ma’lumot berishicha, Chust tumanidagi “Baraka meva sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yong‘oq ko‘chati yetishtirish hamda aeroponika usulida kartoshkaning super elita urug‘ini parvarishlash borasida mahalliy tadqiqotchilar olib borayotgan izlanishlar, ayniqsa, ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Bu yerda tuproqsiz sharoitdagi dehqonchilikning o‘ziga xos usullari aniq misollar bilan tushuntirildi.

Tumandagi “Ifoda” mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurashish bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan kimyoviy vositalar namoyish qilindi.

“Namangan qishloq xo‘jaligi sohasida tatbiq etilayotgan ilg‘or ish tajribalarini boshqa hududlarda ham qo‘llansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ayniqsa, Chustda kartoshka urug‘ini ko‘paytirishning noodatiy usuli asosida olib borilayotgan tadqiqot ishlari kishini hayratga soladi. Bu singari tajribalar mamlakatimizga katta valyuta evaziga xorijdan keltirilayotgan super elita urug‘i masalasini ijobiy hal qiladi”, — deydi Samarqand viloyatidagi “Bulung‘ursandvik” qo‘shma korxonasi bosh hosiloti Rustam Fayzullayev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?