Chorvachilikka ajratilgan kreditlar kelgusida muammoga aylanmaydi

14:07 30 Aprel 2018 Iqtisodiyot
656 0
Foto:dvinanews.ru

Toshkent shahrida “O‘zbekistonda go‘sht va sut ishlab chiqarish istiqbollari: erishilgan yutuq va mavjud muammolar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan respublika “Nasl-xizmat” uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Germaniya, Gollandiya va Ukrainaning chorvachilik sohasidagi yetakchi kompaniyalari mutaxassislari tomonidan Toshkent va Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan chorvachilikka ixtisoslashtirilgan sub’ektlar vakillari uchun  ma’ruzalar qilinib, o‘zaro fikr almashildi. 

Aytish joizki, davlatimiz rahbari viloyatlarga tashriflari davomida chorvachilik sohasini ilmiy asosda tashkil etish, xo‘jaliklarda naslchilik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, mahsuldorlikni oshirish, shuningdek, banklar tomonidan tarmoq rivoji uchun ajratilgan kreditlarning kelgusida muammoga aylanishining oldini olish maqsadida mutasaddilar oldiga rivojlangan davlatlardan olim va mutaxassislarni jalb etish vazifalarini qo‘ymoqda. Jumladan, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy-amaliy o‘quv seminarlari uyushtirish, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish hamda monitoringini olib borish vazifasi Xalq banki zimmasiga yuklatilgan.

— Yurtingizda qishloq xo‘jalining boshqa tarmoqlari qatorida chorvachilikka ham katta e’tior qaratilmoqda, — deydi Gollandiyaning “Trouw Nutrition”  kompaniyasi vakili  Artur Svirid. — Qishloq mulkdorlarning o‘z ishiga mas’uliyati va ishtiyoqi baland. Shu bois o‘quv-seminari davomida bir nechta yo‘nalishlarda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bunday uchrashuvlar fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish borabarida, hamkorlikni ham rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, bank tomonidan oxirgi ikki yil davomida qishloq xo‘jaligining muhim bo‘g‘ini sanalgan ushbu tarmoqni rivojlantirish maqsadida Rossiya, Ukraina, Yevropa davlatlaridan 20 ming 254 bosh naslli qoramol hamda 3 ming 632 bosh echki olib kelish uchun 241,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar yo‘naltirildi. Pirovardida 4500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. 

Seminarda ishtirok etayotgan fermer xo‘jaliklari chorvachilik sohasidagi muhim ma’lumotlarni o‘zlashtirib, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishmoqda. Albatta, bu ularning kelgusidagi ish faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. 
O‘quv seminarlari, shuningdek, Samarqand, Xorazm hamda Andijon viloyatlarida ham bo‘lib bo‘lib o‘tadi. Ularda respublikamizning barcha hududlaridan fermerlar va tadbirkorlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Dilshod ULUG‘MURODOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?