Chorva hayvonlari qanday va qancha narxga sugʻurtalanadi?

15:18 18 Oktyabr 2019 Jamiyat
185 0

Illyustrativ foto

Dunyoning koʻplab mamlakatlarida, xususan, AQSH, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Ukraina, Belarus kabi davlatlarda chorva hayvonlarini sugʻurtalashning majburiy tizimi joriy etilgan. Bunga sabab, ularning tabiiy ofat yoki turli kasalliklardan zarar koʻrish xavfi yuqoriligidir.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “chorva hayvonlarini sugʻurta qilish majburiy ekan, fuqarolardan pul yigʻishning yangi usulini topishibdi, har bir chorva molini boqish uchun davlatga pul toʻlashimiz kerakmi?” degan fikrlar muhokama etilmoqda. Shu bois mazkur masalalarga oydinlik kiritishni lozim topdik.

Qayd etish joizki, Oʻzbekiston Respublikasida chorva hayvonlari sugʻurtalash ixtiyoriy. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi “Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ham qayd etilgan.

Nizomga koʻra, chorva hayvonlari tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalar, kasalliklar natijasida nobud boʻlishi, majburan soʻyilishi va oʻgʻirlik holatlaridan sugʻurta qilinadi.

Shartnoma tuzish tartibi qanday?

Sugʻurta shartnomasi yuridik shaxslar (tashkilotlar) bilan sugʻurtalovchi tomonidan ishlab chiqilgan sugʻurta shartnomasi shakliga muvofiq ixtiyoriy tuziladi. Jismoniy shaxslar (fuqarolar) bilan ixtiyoriy tuziladigan sugʻurta shartnomasi ularning murojaatiga koʻra sugʻurta mukofoti toʻlangandan soʻng sugʻurta polisi berish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.

Jismoniy shaxslarga beriladigan sugʻurta polisi – sugʻurta shartnomasi hisoblanadi.

Sugʻurta puli miqdori qancha?

Chorva hayvonlarining sugʻurta qiymatiga nisbatan sugʻurta pulining eng yuqori miqdori qoramol, ot, tuya, qoʻy va echkilar uchun 80 foiz, moʻynali hayvonlar uchun 60 foiz hamda choʻchqa, parranda, baliq va asalari uchun 50 foiz etib belgilangan.

Jismoniy shaxslar egaligidagi chorva hayvonlarining sugʻurta qiymati bozor narxlaridan kelib chiqib, sugʻurtalovchi va sugʻurta qildiruvchining kelishuviga asosan sugʻurta shartnomasida belgilanadi. Misol uchun, fuqaro parvarish qilayotgan bir bosh sigirning bozor bahosi 5 million soʻm boʻlsa, sugʻurta shartnomasi uning 80 foizi, yaʼni 4 million soʻmga tuziladi. Fuqaro toʻrt million soʻmdan 320 ming soʻm (80 foiz) sugʻurta mukofotini toʻlaydi. Sugʻurta polisi bir yil muddatga beriladi va shu muddat ichida chorva hayvonlari tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalar, kasaliklar natijasida nobud boʻlsa, majburan soʻyilsa yoki oʻgʻirlanishi (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan boʻlsa) natijasida fuqaroga 4 million soʻm miqdorida yetkazilgan zarar qoplab beriladi.

Shartnoma tuzish uchun qayerga murojaat qilish kerak?

Sugʻurta shartnomasini tuzish uchun fuqarolar “Oʻzagrosugʻurta” AJ yoki hududlardagi veterinariiya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlariga murojaat qilishlari mumkin.

Sugʻurta mukofoti yuridik shaxslar tomonidan sugʻurta shartnomasiga koʻra 5 kun muddatda sugʻurtalovchiga toʻlanadi. Jismoniy shaxslar tomonidan sugʻurta mukofoti naqd pul yoki plastik kartochka orqali hamda boshqa toʻlov vositalari orqali toʻlanishi mumkin.

Sugʻurta mukofti toʻlangandan soʻng fuqarolarga oʻsha kunni oʻzida, yuridik shaxslarga 3 kun ichida sugʻurta polisi yozib beriladi.

Sugʻurta holati yuz berganda qanday yoʻl tutish lozim?

Shartnoma amal qilgan davrdachorva hayvonlari tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalar, kasaliklar natijasida nobud boʻlsa, majburan soʻyilsa yoki oʻgʻirlanishi (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan boʻlsa) holati yuz berganda 5 kun ichida sugʻurta tashkilotiga yozma yoki ogʻzaki xabar berish kerak.Ushbu xabarnoma asosida,sugʻurtalovchi tomonidan3 kun muddatda chorva hayvoni nobud boʻlganligi, majburan soʻyilganligi yoki oʻgʻirlanganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma tuziladi.

Sugʻurta tovonini olish uchun sugʻurta qildiruvchi yoki uning ishonchli vakili sugʻurtalovchiga dalolatnoma tuzilgandan soʻng 2 kun muddatda ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga sugʻurta polisi nusxasi, hayvonning veterinariya pasporti nusxasi, sugʻurta qildiruvchiga xizmat koʻrsatuvchi veterinar vrach yoki davlat veterinariya xizmati mutaxassisining hayvon jasadini yorish bayonnomasi, hayvonning kasallanishi, nobud boʻlishi yoki majburan soʻyilish sabablari toʻgʻrisida davlat veterinariya xizmati yoki veterinariya laboratoriyasining xulosasi, gidrometeorologiya markazi, yongʻindan saqlash xizmati, huquqni muhofaza qilish organi va boshqa vakolatli tashkilotlarning maʼlumoti hamda sugʻurta tavakkalchiliklarining yaqqol namoyon etuvchi sugʻurta hodisasi roʻy berganligini tasdiqlovchi fotosuratlar yoki videotasmalar taqdim etiladi.

Sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini toʻlash yoki toʻlashni rad etish haqida sugʻurta qildiruvchi tomonidan hujjatlar toʻliq taqdim etilgandan soʻng 15 kun muddatda qaror qabul qiladi. Agarda sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish haqida qaror qabul qilinsa, sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta tovonini toʻlashning rad etishni asoslantirgan sabablarini koʻrsatgan holda xabar beradi.Sugʻurta tovoni sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab 5 kun muddatda toʻlab beriladi.

Hozirgi kunda chorva hayvonlari turli sabablarga koʻra nobud boʻlishidan koʻplab fuqarolarimiz katta miqdorda zarar koʻrmoqda, aziyat chekmoqda. Bu esa goʻsht mahsulotlarining narxiga taʼsir oʻtkazmay qolmaydi. Sugʻurta xizmati —ushbu koʻrilgan zararlarni qoplanishining kafolatmexanizmlardan birihisoblanadi.Aslo,chorva hayvonlarini sugʻurta qilish,ijtimoiy tarmoqlarda taʼkidlanganidek “fuqarolarni shilishning yangi yoʻli” emas, bu ixtiyoriydir, yaʼni yuridik yoki jismoniy shaxslarning istagi boʻlsagina amalga oshiriladigan moliyaviy xizmatning bir turi boʻlib hisoblanadi.

Abdurashid VAHOBOV,

“Oʻzagrosugʻurta” AJ departament menejeri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?