Chortoqda 7 ming 916 ta kamchilik va muammo aniqlandi. Ular qaysi sohalarga tegishli?

13:38 08 Oktyabr 2018 Jamiyat
501 0
Харитада Чортоқ туманининг жойлашуви

Hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol va aholini qiynayotgan muammolarni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhining Namangan viloyati Uychi, Chortoq va Toʻraqoʻrgʻon tumanlaridagi faoliyati natijasida qator kamchiliklar aniqlandi.

Ularning aksariyatiga joylarning oʻzida yechim topilgan boʻlsa, xalq deputatlari tuman Kengashlarining sessiyasida komissiya roʻyxatga olgan boshqa muammolarni hal etish yuzasidan“yoʻl xaritasi” belgilab olindi.

Masalan, Chortoq tumanidagi oʻrganishlar chogʻida 7 ming 916 ta kamchilik va muammo aniqlandi. Taʼlim, jismoniy tarbiya, madaniyat sohalarida, joylarda aholiga munosib turmush sharoiti yaratish borasida vujudga kelgan bu masalalarning aksariyati yillar davomida toʻplanib qolgan. Mahalliy hokimiyat, boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari tomonidan esa ularga yetarli eʼtibor berilmagani oqibatida muammolar tobora jiddiylashib borayotir. Ishchi guruhi aʼzolarini, ayniqsa, aholi bandligini taʼminlash hamda kommunal xizmat koʻrsatish sohasidagi ishlarda natijadorlik yoʻqligi tashvishga soldi.

Mehnat yarmarkalari nomigagina oʻtkazilayotir. Qishloqlarda sanoatlashgan ishlab chiqarishni joylashtirish omilidan yetarli foydalanilmayapti. Yoshlarni kichik biznes subyektlariga jalb etish, ularning istiqbolli loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor sustligidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining maʼlum qismi ishsiz yuribdi. Sogʻliqni saqlash tizimi faoliyatidagi oʻzgarishlar kishini qoniqtirmaydi. Buni aniqlangan muammolarning 221 tasi tibbiyot sohasiga tegishli ekanligi ham isbotlaydi.

Tumanda aholi turarjoylari va xalq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarini joriy kuz-qish mavsumiga tayyorlash ahvoli ham qoniqarsiz. Bu boradagi ishlar endigina 14,6 foiz bajarilgan, xolos. Ayniqsa, koʻp qavatli uylar taʼmiridagi sustkashlik aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlyapti. Mazkur yoʻnalishda joriy yil uchun ishlab chiqilgan dasturni moliyalashtirishga 293 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan boʻlsa-da, amalda uning 60 foiziga yetadigan kredit mablagʻi ajratilganini qanday tushunish mumkin?

Sessiyada mahalliy Kengash deputatlari va toʻrtta sektor rahbarlari zimmasiga aniqlangan muammolarni bartaraf etish, xalqning ichiga yanada chuqurroq kirib borish, odamlarning hayotdan roziligiga erishish yoʻlidagi amaliy ishlarni kuchaytirish bosh vazifa sifatida yuklatildi.

Toʻraqoʻrgʻon tumanida ham jiddiy muammolar toʻplanib qolgani aholi xonadonlari, ijtimoiy muassasalarga tashrif va fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotlar chogʻida maʼlum boʻldi. Bu, jumladan, ishchi guruhi tomonidan 68 ta mahallada uyma-uy yurilgan paytda aniqlangan 6368 ta muammoli masalada yaqqol koʻrinadi. Inson munosib turmush kechirishi uchun qulay turarjoy, kommunal vositalar, masalan, kafolatlangan gaz va ichimlik suvi zarur. Biroq oʻrganishlar jarayonida oʻrtaga qoʻyilgan masalalarning 2 ming 749 tasi tabiiy gaz, 911 tasi ichimlik suvi taʼminotiga bogʻliqligi ayni yoʻnalishdagi yumushlarning haqiqiy ahvolidan darak beradi.

Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sohasini zamon talablari darajasiga koʻtarish uchun hali koʻp ish qilinishi zarur. Xususan, chekka qishloqlardagi vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni diagnostika va davolash uskunalari, malakali mutaxassislar bilan taʼminlash dolzarbligicha qolmoqda. Qatagʻon mahallasidagi 30-oilaviy poliklinikaning binosi tor, xonalar yetishmaydi, Yangiobod, Xoʻjand, Gulqishloq vrachlik punktlari taʼmirtalab ahvolda.

Sessiyada kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Yigʻilishda Oliy Majlis Senati Raisi N. Yoʻldoshev ishtirok etdi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?