Chortoq ekoshaharga aylanadi

17:51 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
142 0

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Rozanna Nitti boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuv Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasiga kiritilgan Chortoq shahri boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari muhokamasiga bagʻishlandi.

Delegatsiya tarkibidan joy olgan Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining loyihani amalga oshirish guruhi rahbari Jamshid Fayazov, Jahon bankining shaharsozlik boʻyicha katta mutaxassisi Silpa Kaza, meʼmoriy yechimlar boʻyicha masʼul Pablo Vadjone hamda boshqa bir guruh mutaxassislar bilan boʻlgan muloqotda dastlabki xomaki loyihani mukammalashtirish, undan oʻrin olishi koʻzda tutilgan obyektlar, Jahon banki loyiha guruhi tomonidan bildirilayotgan takliflarni mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqib umumiy konsepsiyaga moslashtirish boʻyicha keng fikr almashildi. Bunda Chortoqning bosh rejasi bugungi kunda rejalashtirilayotgan tumanni tibbiyot va sihatgohlar turizmi rivojlangan ekologik toza hududga aylantirish uchun zarur boʻlgan barcha jihatlarni oʻz ichiga olishi lozimligiga alohida eʼtibor qaratildi.Bu haqda Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati muxbirimizga maʼlum qildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 100 million dollar krediti hamda Oʻzbekistonning 24,1 million dollarlik ulushi bilan hayotga tatbiq etilayotgan ushbu loyihaning tajriba-sinov shaharlari sifatida Yangiyoʻl (Toshkent viloyati), Kogon (Buxoro viloyati) va Chortoq belgilangan. 2019-2021-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar natijasida Chortoq zamonaviy infratuzilmaga ega obod ekoshaharga aylanadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?