“Chorsu” ning chirogʻini kim yoqadi?

16:10 16 Avgust 2019 Jamiyat
130 0

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Goʻzal Toshkentimiz kundan-kunga chiroy ochmoqda. Poytaxtning qush parvozi yuksakligidan olingan tasvirini kuzatsangiz, zavqingiz oshadi, gʻururingiz joʻsh uradi.

Lekin shaharning ayrim joylarida shunday noxush manzaralar ham uchraydiki, ularni shohi soʻzanadagi yamoqqa qiyoslash mumkin. Masalan, poytaxtning eng mahobatli maskanlaridan biri Eski shahardagi “Chorsu” mehmonxonasi. Atrofi toʻsiq va devorlar bilan oʻralgan bu binoga oxirgi marta qachon mehmon kelganini eslash qiyin. Nahotki shu qaqqayib turgan imoratni tartibga keltirish, poytaxt mehmonlarining orombaxsh maskaniga aylantirish qiyin boʻlsa...

Toʻxtang. Ehtirosli his-tuygʻularga berilmaylik-da, haqiqiy ahvolga nazar tashlaylik. Maʼlum boʻlishicha, 2017-yil 7-sentyabrda “Chorsu” mehmonxonasi Turkiyaning “Demir Group” kompaniyasiga nol xarid qiymatida sotilgan. Keyinchalik mulkdor nomi “Inter Tourism” MCHJ qoʻshma korxonasiga oʻzgartirilgan. Imzolangan hujjatga koʻra, mazkur qoʻshma korxona 2 yil mobaynida oʻz mablagʻidan, jalb qilingan xorijiy investorlar mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatisiz 33 mln. AЈSh dollari miqdorida investitsiya kiritish, 4 yulduzli mehmonxona tashkil etish hamda 350 ta yangi ish oʻrinlarini yaratishni zimmasiga oladi. Shunday bandlar koʻrsatilgan shartnoma 2018-yil 9-martda imzolanadi.

Masalaning ichiga kirib, chuqurroq oʻrganilganda maʼlum boʻldiki, albatta, sarmoya kiritish bir kunda yoki bir oyda amalga oshirilmaydi. Dastlabki shartnomada 2018-yil 2-chorakda 1 mln. AЈSh dollari, 3-chorakda 1 million, 4-chorakda 3 million, 2019-yil 1-chorakda 3 million dollar miqdorida sarmoya kiritish rejalashtirilgan.

Keyinchalik insvestitsiyalar oʻz vaqtida kiritilmaganligi uchun qoʻshimcha kelishuvga asosan investitsiya kiritishning oraliq muddatlari oʻzgartirilib, turkiyalik investorga yana qoʻshimcha imkoniyat berilgan, yaʼni 2018-yil 2-chorakda 627 ming dollar, 3-chorakda 45 ming dollar, 4-chorakda 500 ming dollar, 2019-yil 1-chorakda 1 million 500 ming dollar kiritish belgilangan.

Amalda mehmonxonadan axlatlarni chiqarish uchun goʻyo 953 ming AЈSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgani bayon etiladi. Aslida bu ish haqiqatda bajarilgani koʻrsatilgan biror asoslovchi hujjat yoʻq. Oʻtgan vaqt mobaynida biror tayinli ish qilinmaganidan soʻng bu hol sabablari soʻralganda “Demir Group” kompaniyasi rahbari Ahmet Yashar Demir “Bizga mehmonxona orqasidan qoʻshimcha 3 gektar yer (IIVning “Jar” sport majmuasiga qarashli infratuzilmalar oʻrnidan) maydoni ajratib bering, bu yerda akvonarium quriladi”, degan javobni aytdi. Birinchidan, imzolangan shartnomada qoʻshimcha yer ajratish koʻrsatilmagan. Ikkinchidan, soʻralgan joyning oʻz egasi bor. Bu bahona ham ish bermagach, turkiyalik tadbirkor “Oʻzmilliybank”dan 20 million AЈSh dollari miqdorida kredit soʻragan.

Tabiiyki, kredit olish uchun kafolat koʻrsatiladi. Turk ishbilarmoni nol xarid qiymatida olingan mehmonxonani garovga qoʻymoqchi boʻlishdi. Amaldagi qonunchilikda bunga yoʻl qoʻyilmaydi. Buni iqtisodiy maʼlumotga ega boʻlmagan odam ham bilishi kerak.

Shunday qilib, “Chorsu” oʻrnida “Eski shahar” sayyohlik zonasi yaratish rejasiamalga oshirilmadi, eng muhimi, qimmatli vaqt boy berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilib, daʼvo arizasi kiritdi.Sud qaroriga koʻra, taraflar oʻrtasidagi 2018-yilda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi bekor qilindi.

Shu oʻrinda bir izoh. Yurtimizda Turkiya davlatidan kelgan koʻplab tadbirkorlar bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik samarali natijalar bermoqda. Mazkur holatda roʻy bergan vaziyat, bizningcha, xususiy koʻrinish boʻlib, kelgusida bunday kamchiliklar takrorlanmasligiga ishonamiz.

Yaqin kunlarda “Chorsu” mehmonxona majmuasi qayta savdoga qoʻyiladi. Ishonchimiz komilki, yaqin kelajakda ushbu maskanni hamma havas qiladigan joyga aylantirishga erishiladi.

Shuhrat JABBOROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?