Chodak dangʻaralik bolalarga yoqib qoldi

16:48 25 Iyun 2019 Jamiyat
179 0

Fargʻona viloyati Dangʻara tumani bolalari yozgi taʼtilni qoʻshni Namangan viloyatida- Pop tumanining soʻlim Chodak qishlogʻida oʻtkazishmoqda. Tyan-shan togʻ tizmalari bagʻrida joylashgan diltortar goʻsha havosining oʻzi tanga davo. Sogʻlomlashtirish mavsumida 360 nafar oʻquvchi yoshlarning hordiq chiqarishiga moʻljallangan “Nilufar”bolalar oromgohida kunikecha ikkinchi navbat boshlandi.

- Mavj urib oqayotgan Chodaksoy yoqasidagi xushmanzara maskanda oʻtayotgan har bir kun bolalarga olam-olam zavq bagʻishlamoqda,-deydi oromgoh direktori Ikromjon Ergashev. – Bunda, ayniqsa, dam oluvchilar kun tartibiga qiziqarli va mazmunli tadbirlar kiritilganligi muhim omil boʻlmoqda. Bolalar togʻ bagʻriga sayr, sport mashgʻulotlaridan soʻng besh tashabbus ijrosiga yoʻnaltirilgan toʻgaraklarda oʻzlari sevgan mashgʻulotlar bilan shugʻullanishyapti. Kunikecha mazkur yoʻnalishdagi tanlovni yakunladik. Musiqa, sport, axborot texnologiyalari sohasida tengdoshlariga nisbatan oldinda borayotgan bolajonlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Dangʻara tuman hokimligi Chodakda hordiq chiqarayotgan bolajonlar holidan tez-tez xabar olishni yoʻlga qoʻygan. Yaqinda hokimning xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari M. Gʻiyosova bu yerga kelib oromgohga televizor sovgʻa qildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?