Chiziqqa eʼtiborli boʻling, kunduzi chiroq yoqib yuring... Yangi qoidalarga toʻliq sharh

15:46 17 Aprel 2019 Jamiyat
684 0

Ijtimoiy tarmoqlarda eng koʻp muhokama qilinayotgan masala, bu — yoʻl harakati qoidalarning oʻzgargani bilan bevosita bogʻliq. Xoʻsh, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yilning 9 apreldagi “Yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaror bilan qanday oʻzgartirishlar kiritildi? Yangi qoidalar qay tartibda va qachon kuchga kiradi?

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil maʼlumot berildi.

IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshligʻi Akmal Yunusov savollarga quyidagicha javob qaytardi:

— Yoʻl hushyorlikni “yoqtiradi”, degan ibora bor. Bu bejiz emas. Chunki birorta yoʻl harakati hodisasi sodir etilsa, bu barcha uchun ayanchli voqeadir. Shu maʼnoda, barcha sohada boʻlgani kabi yoʻl harakati xavfsizligi sohasida ham muayyan ishlar olib borilyapti. Oʻtgan ikki yilda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga oid oʻnga yaqin huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Albatta, bularning barchasi sodir etilayotgan qoidabuzarliklar tahlili, xorijiy tajriba va amaliyotdan kelib chiqib ishlab chiqilmoqda va doimiy ravishda takomillashib boraveradi.

Hujjatga koʻra, yoʻl harakati qoidalariga kiritilgan va koʻpchilikni qiziqtirayotgan yangilik, bu — kunduzi ham avtotransport chiroqlarini yoqib yurish masalasiga va buning afzalliklari haqida toʻxtalib oʻtsam.

Kunduzi chiroqlarni yoqib yurish tajribasi rivojlangan davlatlarda bor. Unga koʻra, bu tartib yoʻl-transport hodisalari sodir etilishining oldini olish imkonini beradi. Misol uchun, bu tartibni joriy qilgan davlatlarda yoʻl transport hodisalari soni 15 foizgacha kamayishi kuzatilgan. Bizda bu amaliyot yoʻlga qoʻyilishi katta samara beradi.

Bizda dastlab 2016 yil 1 martdan avtobus va mikroavtobuslar, yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi transport vositalariga kunduzgi vaqtda yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurish amaliyoti majburiy qilib belgilangan edi. Endilikda barcha transport vositasi kunduzi yaqinni yorituvchi hamda kunduzgi signal chiroqlarini yoqib yurishi maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelindi. Bu yangilikning bizdagi iqlim sharoitga ham ahamiyati yoʻq.

Bilasizmi, avtotransportning chirogʻi yoniq boʻlsa, haydovchilar ham, piyoda yoʻlovchilar ham uni uzoq masofadan ilgʻaydi va darrov hushyor tortadi. Demak, bu qoida yoʻl transport hodisalari bilan bogʻliq turli koʻngilsizliklarning oldini oladi. Hammasi — xavfsizlik uchun, insonlarning hayotiga xavf tugʻdirmaslik uchun!

Bundan tashqari, hujjat bilan tezlikni oshirish va pasaytirish tartib-qoidalari ham kiritilgan. Albatta, bu duch kelgan joyda tatbiq etilmaydi.

Avvallari mahalliy hokimliklarga faqatgina tezlikni koʻtarish vakolati berilgan edi. Endilikda tahlil va oʻrganishlardan kelib chiqib, nafaqat tezlikni koʻtarish, balki ayrim yoʻl uchastkalarida tezlikni pasaytirish zarurati ham tugʻildi.

Shu bois Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari, Davlat yoʻl harakati xavfsizligi bilan kelishilgan holda, yoʻl sharoitlari yuqori tezlikda xavfsiz harakatlanishni taʼminlaydigan hollarda, yoʻllarning ayrim qismlari yoki harakatlanish boʻlaklarida ayrim transport vositalariga harakatlanish tezligini oshirishga va pasaytirishga (tegishli yoʻl belgilarini oʻrnatib) vakolat berildi. Mazkur tartib xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Yoʻl harakati qoidalarining 41-bandiga kiritilayotgan oʻzgartishlar turli muhokamalarga chek qoʻyadi. Misol uchun, avvallari svetoforning yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida haydovchilar transport vositalarini toʻxtash chizigʻi (5.33 yoʻl belgisi) oldida har xil holatda toʻxtashgan. Koʻpchilik avtomashinaning gʻildiragi chiziqni bosmasa boʻldi, degan fikrda boʻlgan. Endilikda bunga aniqlik kiritildi, yaʼni ushbu holatda transport vositasining eng oldingi nuqtasi toʻxtash chizigʻi ustiga chiqib ketmasligi kerak.

Bundan tashqari, oʻzgarishlardan yana biri, bu — aylanma harakatlanish chorrahasida harakatlanayotgan transport vositalari aylanaga kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlikka (imtiyozga) ega boʻldi. Ilgari teskari qoida mavjud edi, yaʼni aylanaga kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlik qoʻllanilardi. Bu tartib ham oʻtkazilgan tahlillarga asoslanadi.

Anjumanda, shuningdek, “Yoʻl harakati qoidalari”ning 1-ilovasiga kiritilgan qoʻshimcha yoʻl belgilari haqida ham aytib oʻtildi.

Shulardan eng muhimi, “Qizil chiroqda oʻngga harakatlanish” tartibidir. Yangi qoidaga koʻra, transport svetofori qizil chirogʻining oʻng yoniga 5.42 yoʻl belgisi oʻrnatilgan boʻlsa, transport vositalarining haydovchilari svetoforning taqiqlovchi ishorasi yonib turganda, barcha xavfsizlik choralarini koʻrgan holda oʻngga burilishlari mumkin. Bunda ular harakat yoʻnalishi boʻyicha va burilayotgan koʻchani kesib oʻtayotgan piyodalarga hamda boshqa transport vositalariga yoʻl berishlari shart.

Shu paytga qadar Toshkent, Fargʻona va Jizzax viloyatlarida ushbu qoida sinov tariqasida tajribadan oʻtkazildi. Natija ijobiy. Shu bois bu tartibda endilikda barcha hududlarda qoʻllash maqsad qilingan.

Tadbirda yoʻl harakati qoidalariga kiritilgan yangi qoida va tartiblar qaror eʼlon qilingan sanadan boshlab 1 oy muddat ichida toʻliq ishga tushirilishi, yaʼni 10 may sanasidan boshlab yangi qoidalarga amal qilinmagan taqdirda belgilangan tartibda jarimalar solinishiga sabab boʻlishi aytib oʻtildi.

Rahim ShЕRQULOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?