Chiroqchida avariya! Xorazmlik haydovchi boshqargan “Orlando” yoʻl belgisiga amal qilmadi. 2 kishi vafot etdi, 6 kishi kasalxonada

16:51 12 Iyul 2020 Jamiyat
693 0

Yoʻl belgilari va svetoforning taqiqlovchi ishorasiga amal qilmaslik oqibatida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.

Voqea 2020-yilning 12-iyul kuni soat 00:20 larda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hududidan oʻtuvchi 4R 87 avtomobil yoʻlining 47 kilometrida sodir boʻldi. Haydovchi 1976-yilda tugʻilgan Xorazm viloyati Xonqa tumanida yashagan M.M. ishonchnoma orqali “Orlando” rusumli transport vositasini ikkinchi darajali yoʻldan boshqarib kelayotgan edi. U “Yoʻl bering” yoʻl belgisiga va svetoforning taqiqlovchi chirogʻiga amal qilmasdan, asosiy yoʻldan harakatlanib kelayotgan haydovchi 1979-yilda tugʻilgan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi, B.Ya. boshqaruvidagi “DAF SXF 105” rusumli yuk avtomashinasi yoʻliga chiqib ketib toʻqnashuv sodir etgan.

Natijada “Orlando” rusumli transport vositasi haydovchisi M.M. va avtomobil yoʻlovchisi 1983-yilda tugʻilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida yashagan T.J.lar olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.

Avtotransport yoʻlovchilari Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan Q.D., Xorazm viloyati Urganch tumanida yashovchilar 1983-yilda tugʻilgan A.Sh., 1986-yilda tugʻilgan Q.N., 2010-yilda tugʻilgan J.Sh., 2013-yilda tugʻilgan J.N. va 2016-yilda tugʻilgan J.D.lar olgan tan jarohatlari sababli kasalxonaga yotqizilgan.

“Hurmatli haydovchilar yoʻllarda harakatlanganda yoʻl harakati qoidalariga soʻzsiz rioya qiling. Belgilangan tezlikni oshirmang! Yoʻl belgilariga svetoforning taqiqlovchi ishoralariga amal qiling! Zero, Sizni uyda oilangiz, jondan aziz farzandlaringiz, ota-onangiz va ayolingiz kutayotganligini unutmang!”, deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi IIV YHXBB xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?