Chirchiqdagi yongʻin oqibatida ota-ona va ularning ikki farzandi hayotdan koʻz yumdi 

18:32 27 Mart 2019 Jamiyat
349 0

2019 yilning 27 mart kuni soat 00 dan 29 daqiqa oʻtganda Toshkent viloyati IIB Yongʻin xavfsizligi boshqarmasining Kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga Chirchiq shahri “Bobur” MFY Mashar koʻchasidagi 17-uyda yongʻin sodir boʻlayotganligi haqida xabar kelib tushgan, deb xabar berdi Oʻzbekiston Respublikasi IIV YOXBB OAV bilan hamkorlik qilish boʻlinmasi.

Voqea joyiga zudlikda 6 ta yongʻin oʻchirish ekipajlari jalb etilgan. Yongʻin oʻchirish boʻlinmalari soat 00 dan 39 daqiqa oʻtganda koʻrsatilgan manzilga yetib borgan vaqtida uy ochiq alanga bilan yonayotganligi maʼlum boʻlgan. Koʻrilgan tezkor harakatlar natijasida yongʻin soat 01 dan 20 daqiqa oʻtganda qurshab olinib, soat 01 dan 58 daqiqa oʻtganda bartaraf etilgan. Yongʻin oqibatida 200 kv.metr maydonda 17-uyning tomi, shifti va ichki jihozlari yonib zararlangan (uyning 100 kv.metr maydoni saqlab qolingan)

Ayanchlisi, yongʻin jarayonida shu uyda yashagan 8 nafar oila aʼzolaridan 4 nafari yaʼni, 33 yoshlik fuqaro B.R, uning rafiqasi hamda ikki nafar 8 va 12 yoshdagi farzandlari vafot etgan. Yongʻin holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Yongʻin sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?