Chirchiqda YPX inspektori boʻlgan safdor ayol olib qochilgan avtomashina va gumondorni ushladi

12:00 22 Oktyabr 2020 Jamiyat
219 0

Toshkent shahar IIBB barcha hududiy ichki ishlar organlariga, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga shu yilning 20-oktyabr kuni shaharning Mirobod tumani, “Fargʻona yoʻli” koʻchasidan kulrang “Kobalt” rusumli, davlat raqam belgisi 01 V 457 DB boʻlgan transport vositasi olib qochilgani, bu ishni sodir etgan gumonlanuvchi kuzatuv kameralariga tushib qolganligini bildirib, ushbu shaxsni hamda transport vositasini aniqlashda koʻmak soʻrab yozgan murojaati eʼlon qilindi. Murojaatga gumonlanuvchining kameradan olingan fotosurati ham ilova qilingan.

Mashina oʻgʻrilashda gumon qilingan shaxs esa ayol inspektor tomonidan ushlandi. Bu haqda IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.

“Toshkent viloyati IIBB YHXB 1-mintaqaviy hudud YPX 1-otryadi YPX inspektori, safdor F.Tosheva ham bu xabarni olib, sinchkovlikni oshirdi. Yoʻldan oʻtayotgan transport vositalarini kuzatib, shubhali tuyulganlarini toʻxtatib tekshira boshladi. Oʻzini “qoʻlga tushmas” ekanligiga ishongan gumonlanuvchi olib qochilgan avtomobilda xotirjam Chirchiq shahridan oʻtar ekan, inspektorning chalgan hushtagi ”kapalagi"ni uchirib yubordi. U bir zumgina dovdirab nima qilishni, qayerga qochishni bilmay qoldi. YPX inspektori F.Tosheva uchun ana shu qisqa lahzalar kifoya qildi. U hamkasbi, safdor S.Umarovni yordamga chaqirdi. Birgalikda olib qochilgan transport vositasini va gumondorni qoʻlga tushirishdi. Gumondor va transport vositasi shahar IIBga olib borib topshirildi. Endilikda gumondor oʻz qilmishiga yarasha qonun oldida javob beradi» deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?