Chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlaganlik uchun jarima miqdori yana oshiriladimi?

17:59 12 Oktyabr 2020 Jamiyat
346 0

Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitga jiddiy munosabatni shakllantirish masalalariga dunyoning koʻplab mamlakatlarida katta eʼtibor qaratiladi. Joriy tartib-qoidalarga rioya qilmagan fuqarolarga nisbatan qatʼiy choralar koʻriladi.

Masalan, Ispaniyada mashina derazasidan chiqindini uloqtirish 200 yevro, sigaret qoldigʻini yoʻlakka tashlash 90 yevro miqdorida jarima solishga asos boʻlsa, Shvetsiyada qogʻozni yerga tashlagan kishi 90 yevro, Singapurda 300 dan 1000 dollargacha miqdordagi mablagʻidan judo boʻladi.

Albatta, bizda ham chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash yoki chiqarib qoʻyish uchun jazolar belgilangan. Xususan, “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 82, 91, 123-moddalarida chiqindini tashlash boʻyicha normalar belgilab qoʻyilgan. 82-moddaga muvofiq, muhofaza qilinayotgan tabiiy hudud rejimini buzsa, hozirgi kunga hisoblaganda 1 mln 115 ming soʻm jarimaga tortiladi.

Fuqaro 91-moddada koʻrsatilganidek noqonuniy joyga chiqindini tashlaydigan boʻlsa, hozirgi kunda 669 ming soʻm jarima toʻlaydi. Avtomashinadan chiqindini tashlaydigan boʻlsa 123-moddaga asosan hozirda 223 ming soʻmgacha jarimaga tortiladi.

Lekin shunga qaramay, baʼzi yurtdoshlarimiz chiqindini belgilanmagan joyga, koʻcha-koʻyga, daraxt tagiga, ariq ichiga, umuman, duch kelgan joyga tashlash mumkin emasligini tushunib yetmayapti. Eng yomoni, koʻplab fuqarolar oʻz xonadonlarida hosil boʻlayotgan maishiy chiqindilarni avtotransport vositalari yordamida belgilanmagan joylarga chiqarib tashlamoqda.

Masalan, maishiy chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash boʻyicha 2017-yilda 3 144, 2018-yilda 5 543 va 2019-yilda 13 948 ta holat boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarliklar qayd etilib, jami 4,4 mlrd. soʻm miqdorda jarima undirilgan. Bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, hali-hamon yuqoridagi holatlar afsuski, uchrab turibdi. Demak, hozirgi vaziyat sohadagi qonunchilik hujjatlarini yana-da takomillashtirishni talab etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida deputatlarning qizgʻin muhokamasiga sabab boʻlgan hujjatlardan biri “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi boʻldi.

Xoʻsh, ushbu hujjatning mazmun-mohiyati nimada? Bu bilan qonunchiligimizda qanday yangiliklar oʻrin olmoqda?

Mazkur Qonun loyihasining asosiy maqsadi byelgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni toʻkish uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali bunday huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, fuqarolarning atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy burchiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlashdan iborat.

Binobarin, qonun loyihasiga “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 911-moddasi (Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni toʻkish) sanksiyasidagi jarima miqdorlarini oshirish, shu bilan birga, moddaning ikkinchi qismiga huquqbuzarlikni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilish jazosini kiritish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, 911-modda ikkinchi qismining sanksiyasida huquqbuzarlik quroli yoki ashyosini musodara qilish jazo turi sifatida belgilanayotgani sababli Kodeks 245-moddasida koʻrib chiqilishi maʼmuriy sudlarning vakolatiga taalluqli huquqbuzarliklar toifasiga 911-moddaning ikkinchi qismini kiritish nazarda tutilmoqda.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil oktyabrdagi qaroriga asosan, chiqindi qutilari majburiy ravishda oʻrnatilishi kerak boʻlgan joylar roʻyxati belgilangan. Unga koʻra, koʻp kvartirali uylarning podyezdiga kirish yoʻlida 1, metro, yer osti va yer usti oʻtish joylarining har bir kirish (chiqish) yoʻlida 2, koʻp kvartirali uylar atrofidagi hududlarda, piyodalar serqatnov hududda – har 50 metrdan oshmagan masofada va odam kam joylarda – har 100 metrdan oshmagan masofada 1 tadan chiqindi qutilari qoʻyilishi kerak.

Ammo serqatnov, aholi gavjum boʻlgan hududlarda har 50 metr, har 100-120 metrda ham chiqindi qutilari uchramaydi. Butun boshli katta bozor hududida 1-2 ta quti topiladi, xolos. Buning natijasida oʻtkinchi yoʻlovchilar chiqindini yerga, duch kelgan joyga tashlab ketadi.

Qonun loyihasi muhokamasi jarayonida aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun moʻljallangan obyektlarda, avtoturargohlar va avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash maydonchalariga kirish (chiqish) yoʻlida chiqindi qutilari qoʻyilmagani aytilib, bir qator takliflar ilgari surildi va koʻplab savollar koʻtarildi.

Jumladan, “belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindi va qurilish chiqindilarini tashlash holatlari yuzaga kelgan taqdirda fuqaroning huquqbuzarlik quroli yoki ashyosini musodara qilish qanchalik toʻgʻri boʻladi”, “hozirgi kunda chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash uchun chiqindi tashlaydigan maxsus qutilar qoʻyilganmi”, degan savollar qoʻyildi.

Uzoq davom etgan bahs-munozaralar, tortishuvlardan soʻng, yuqoridagi holatlar inobatga olinib, ushbu qonun loyihasi kun tartibidan chiqarildi.

Nodir ABDUVALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?