Chiqindilar bilan bogʻliq masalalarda vujudga kelgan muammolar hamon dolzarbligicha qolyapti

18:11 20 Noyabr 2020 Siyosat
212 0

Senatning toʻqqizinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.Ramatovga chiqindilar bilan bogʻliq masalalarda vujudga kelgan muammolar va ularning aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-sentyabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan ushbu tizimni yana-da takomillashtirish, chiqindilarni qayta ishlashda yuqori texnologiyalar qoʻllaniladigan ishlab chiqarishlarni joriy etish, sohaga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish yangi tartibi joriy qilindi.

Shunga qaramay, sohani muvofiqlashtiruvchi hamda nazorat qiluvchi yagona davlat organining mavjud emasligi, chiqindilarni saqlash, poligonlarga joylashtirish va ularni yoʻq qilishga yetarlicha eʼtibor berilmaganligi tufayli sohada qator muammolar saqlanib qolayotganligi senatorlar tomonidan alohida taʼkidlandi.

Xususan, qurilish chiqindilarini joylashtirish poligonlari tashkil qilinmaganligi natijasida ularni avtomobil yoʻllari yoqalariga, suv obyektlarining muhofaza zonalariga va boshqa qarovsiz hududlarga tashlab ketish holatlari koʻplab uchramoqda.

Tibbiyot va biologik chiqindilarni xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda utilizatsiya qilish borasidagi muammolar saqlanib qolayotgani aholi orasida turli yuqumli va boshqa turdagi kasalliklar tarqalish xavfini tugʻdirmoqda.

Bu borada mutasaddilar aybdorlarga nisbatan kerakli choralarni koʻrmasdan jarimaga tortish bilan cheklanib qolishmoqda.

Maishiy chiqindi poligonlarining atrofini oʻrash boʻyicha ishlar talab darajasida olib borilmagan, poligonlar rekultivatsiya qilinmasdan oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Maishiy chiqindilarni koʻmishga moʻljallangan sanitariya va ekologik meʼyorlar talablariga javob bermaganligi sababli 51 ta (umumiy maydoni 282,3 gektar) poligon faoliyat olib bormayapti.

Shu jihatdan senatorlar “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini yangi tahrirda qabul qilish, sanoat va maishiy chiqindilarni qayta ishlash, utilizatsiya qilish va poligonlarini sanitariya va ekologik meʼyorlar talabi asosida tashkil qilishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishi lozimligini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, bu borada mutasaddi tashkilotlar javobgarligini kuchaytirish zarurligi ham bildirildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?