“Chinorni dollarga pullayotgan vijdonsiz, manqurtlar qachon insofga kelasiz?” Deputat Toshkentda daraxtlarni kesayotganlarni keskin tanqid qildi

17:50 24 Iyul 2018 Jamiyat
460 0
Foto: Facebook / Nuriddin Zaynitdinov

Xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari o‘rinbosari Nuriddin Zaynitdinov o‘zining Facebook‘dagi sahifasida Toshkentda daraxtlarni kesib, pullayotgan mansabdorlarni manqurtga tenglashdi.

“Bu vahshiylik ko‘p ko‘tarildi va gapirildi. Lekin faqat va’dalar va quruq gaplar bo‘ldi... 200 yillik chinorni kesib 46 mln. so‘m jarima to‘latish, menimcha kulgili holat. 200 yillik chinor nimalarni ko‘rmagan?

Oxirgi 100 yilda ham bunchalik daraxtlar kesib tashlanmagan.

1 kub.m. chinorni $800-$1000 AQSH dollariga pullayotgan vijdonsiz, manqurt yurtdoshlarimiz va ularga panohkor bo‘lgan mansabdorlar-u, ulardan mebel tayyorlab sotayotgan insofsiz tadbirkorlar, ularni mebelini sotib olib, hashamatli uyini bezatayotgan boylarimiz... Qachon insofga kelasizlar? Butun chinorlar-u daraxtlarni bitta qo‘ymay qirib, yo‘q qilib, sotib yubormaguningizgachami?!

Bu daraxtlarni, chinorlarni siz ekmagansiz-ku, tagiga bir chelak suv quymagansiz-ku, Sizda na ma’naviy va moddiy huquq yo‘q daraxtlarni taqdirini hal etishga, kesishga, pullashga...

Chinorlarni va boshqa daraxtlarni kesganlik yoki nobud qilganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosini, 1000 dona daraxt ko‘chatini ekish, 1 yilga cho‘lga saksovul ekish majburiy jazosini berish kerak.

Jazoni kuchaytirish, lozim bo‘lsa, prokuratura tizimida maxsus inspeksiya tuzilsa, shu masala bilan shug‘ullansa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bu masalada O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston ekologik harakatining olib borayotgan faoliyati umuman talabga javob bermaydi. Shuncha minglab daraxtlarning nobud qilinishiga shu ikki tashkilot vakillari vijdonan javob berishlari lozim”, deb yozgan deputat.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?