SZYАN Yan: «O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining yaxshi ishchanlik munosabatlari hamda o‘zaro do‘stligi hamkorlikni rivojlantirish uchun kuchli turtki bo‘lib xizmat qilmoqda»

11:09 29 May 2018 Siyosat
673 0
SZYАN Yan / XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi

Ko‘pgina ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston kun sayin dunyoga ochilmoqda. Mamlakatimizning davr sinovidan o‘tgan asosiy hamkorlaridan biri — Xitoy Xalq Respublikasi.
Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning yangi bosqichi haqida XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi SZYАN Yan bilan suhbatlashdik.

— Muhtarama elchi xonim, Sizning O‘zbekistonda diplomatik faoliyatga rahbarlik qilayotganingizga bir necha oy bo‘ldi. Shu bois mamlakatimizda ro‘y berayotgan islohotlarga yangi nigoh bilan qarash hamda baho berish, o‘z taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashish imkoniyati mavjud.
— Joriy yilning 28 fevralida men Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirdim va shu kundan e’tiboran rasman o‘z faoliyatimga kirishdim. O‘tgan vaqt davomida hukumat, parlament, mahalliy hokimliklar hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, shuningdek, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalarning rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdim. Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalarda bo‘ldim, bu yerda yashayotgan vatandoshlarni borib ko‘rdim. Xalqaro xotin-qizlar bayrami, Navro‘z ayyomi, Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda, o‘zbek — xitoy do‘stligi bolalar bog‘chasining ochilish marosimida qatnashdim. Shu davrda to‘rtta viloyatga bordim, ko‘plab yangi do‘stlar orttirdim. O‘zbekistonning boy tarixiy hamda madaniy merosi, mahalliy aholining samimiyligi va mehribonligi menda chuqur hurmat tuyg‘usini uyg‘otdi. Har tomonlama strategik sheriklikka asoslangan xitoy — o‘zbek munosabatlarining jadal rivojlanishi tendensiyasi e’tiborga loyiq. Aynan shu “oltin davr”da sizning ajoyib mamlakatingizda Xitoy hamda O‘zbekiston do‘stligining elchisi bo‘lish — men uchun ulkan sharaf.
Bugungi kunda O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonda davlat xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sud hamda ma’muriy sohalarni isloh qilish, xalqning kundalik turmushiga oid masalalarni o‘z vaqtida hal etish uchun internet-portallar ochish asosida ilgari to‘planib qolgan muammolar yechimini topayapti, aholining moddiy ta’minoti yaxshilanayapti. Yaxshi qo‘shnichilik aloqalari faol ravishda qayta tiklanmoqda, mintaqaviy hamkorlik rivojlanib, xalqaro munosabatlar mustahkamlanayotir. Bu borada ajoyib natijalarga erishilmoqda. Aytish mumkinki, O‘zbekiston xalqi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat taraqqiyotida yangi sahifa ochdi.
Bu yil Xitoydagi islohotlar hamda ochiqlik siyosatiga 40 yil to‘ldi. Xitoy va O‘zbekiston uchun uzoq muddatli istiqbolda juda muhim hisoblangan “islohotlar” hamda “ochiqlik” tushunchalari xitoy — o‘zbek munosabatlarini ilgari surishda tarixiy imkoniyatdir. O‘zbek tomoni o‘z milliy xususiyatlaridan kelib chiqib o‘tkazayotgan islohotlarni xitoy tomoni qadrlaydi va O‘zbekiston bilan keng miqyosdagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashni davom ettirishga, davlatlarimiz taraqqiyoti hamda gullab-yashnashini rag‘batlantirish maqsadida tajriba almashishga tayyor.

— Tarixiy imkoniyatlar haqida so‘z borar ekan, eramizdan ikki asr muqaddam bu yerga xitoylik diplomat Chjan Szyan kelganligi va Buyuk Ipak yo‘liga asos solganligini esga olmaslik mumkin emas. “Bir makon, bir yo‘l” deb nomlangan global tashabbus orqali qit’alarni birlashtiruvchi magistral qayta tiklanmoqda. Bu loyihani ro‘yobga chiqarish doirasida XXR hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar qanday rivojlanayapti? Unda qatnashish O‘zbekistonga qanday afzalliklarni taqdim qiladi?
— Mamlakatlarimiz yetakchilari erishgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishda xitoy va o‘zbek tomoni keyingi yillar ichida “Bir makon, bir yo‘l”ni qurish bo‘yicha amaliy hamkorlik yo‘nalishida muhim natijalarni qo‘lga kiritdi. Xitoy — Markaziy Osiyo gaz tarmog‘i, Angren — Pop temir yo‘l tunneli, “Peng-Sheng” sanoat parki, Angren IES kabi yirik loyihalar ro‘yobga chiqarildi hamda bu har ikki mamlakat xalqi va iqtisodiyotiga sezilarli foyda keltirdi. Ayni vaqtda Angren shina zavodi, Navoiy viloyatida polivinilxlorid ishlab chiqaruvchi majmua, Sharg‘un ko‘mir koni hamda boshqa inshootlar qurilayapti. 2017 yil oxirida Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston yo‘nalishida avtomobil yo‘li ochilishi tufayli yuk tashish uchun ketadigan vaqt ancha qisqardi. Obrazli qilib aytganda, Sharqdan esgan “Makon va yo‘l” shamolining bunyodkor epkinidan ilhomlanib, ta’lim, ommaviy axborot vositalari, sayyohlik sohasidagi hamkorligimizni mustahkamladik, birgalikda arxeologik izlanishlar, madaniy tadbirlar o‘tkazishni boshladik. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bizlarni amaliy hamda ma’naviy jihatdan yanada yaqinlashtirdi, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi platforma yaratdi.
O‘zbekiston — qadimiy Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim bo‘g‘inlardan biri. U “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi va ishtirok etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yili may oyida Xitoyga tarixiy tashrifi doirasida XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi hamda unda ana shu global loyihani ro‘yobga chiqarishdagi xitoy — o‘zbek hamkorligi masalalari muhokama etildi. Aminmanki, tinchliksevarlik va hamkorlik, ochiqlik hamda inklyuzivlik, o‘zaro manfaat bilan ajralib turuvchi Buyuk Ipak yo‘li ruhida rivojlanib borayotgan Xitoy — O‘zbekiston munosabatlari yanada yuqori darajaga ko‘tariladi.

— Siz eslab o‘tgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan davlat tashrifiga bir yil to‘ldi. Uning yakuniga ko‘ra, mislsiz katta miqdor — 23 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan edi. Shu kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish jarayoni qanday borayapti?
— Xitoy va O‘zbekiston tomonlari o‘sha tashrifda imzolangan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor berayapti. O‘zbek tomoni ularni bajarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdi hamda unga asosan, uzviy muloqot o‘rnatildi, tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazildi. XXR o‘zbek mutaxassislarining Xitoyga ishchi safarlarini uyushtirdi va ular maxsus iqtisodiy zonalar tashkil qilish tajribasi bilan tanishdilar. Shuningdek, o‘rta hamda kichik GESlar qurilishida siljishlar bor. O‘zbek moshi va gilosini Xitoyga eksportga chiqarishga ruxsat olindi. Yaqinda ming tonnadan ziyod mosh Toshkentdan Sianga yetib bordi.
Ikki mamlakatning hududiy delegatsiyalar almashuvi faollashdi. Aprel-may oylarida yuqori darajadagi delegatsiyalar tashrifining davomi sifatida O‘zbekistonning yettita viloyatidan vakillar Xitoyga bordi. O‘zbek tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yil yakuni bo‘yicha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi 4,97 milliard AQSh dollariga yetdi. Joriy yilning birinchi choragida esa mazkur ko‘rsatkich 1,38 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 46 foiz yuqori bo‘ldi. Xitoy — o‘zbek amaliy hamkorligining ulkan salohiyati hamda keng imkoniyatlariga ishonamiz.

— Sharq diplomatiyasida mamlakatlar hamkorligi ularning rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro shaxsiy munosabatlarga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘ladi. XXR Raisi va O‘zbekiston Prezidentining munosabatlari darajasini qanday baholagan bo‘lardingiz?
— Xitoy hamda O‘zbekiston yetakchilarining mustahkam do‘stligi uzoq vaqt davomida ikki tomonlama munosabatlar rivojida strategik ahamiyatga ega bo‘lib keladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga o‘tgan yilgi tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonoti imzolandi. Bu esa avvalgi an’analarni saqlagan holda, aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi davrni boshlab berdi. Bir yildan ortiq vaqt mobaynida rahbarlarimiz ko‘p marta yozishmalar almashishdi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ikki yetakchi ezgu maqsadli ishchan munosabatlarni hamda mustahkam do‘stlik rishtalarini bog‘lashdi. Bu omil turli sohalardagi aloqalarni ravnaq toptirishda kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi.

— O‘zbekiston taraqqiyoti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan Harakatlar strategiyasiga asoslangan. Xitoy esa Si Szinpinning Kommunistik partiya XIX s’ezdidagi ma’ruzasini “Yo‘l xaritasi” sifatida qabul qildi. Ushbu dasturiy hujjatlarda umumiy, o‘xshash jihatlar bormi? 
— 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatning taraqqiyot kursi, o‘sish vektori belgilab berilgan. XKPning XIX Butunxitoy s’ezdidagi ma’ruzasida esa Si Szinpinning yangi davrga mos xitoycha sotsializm to‘g‘risidagi g‘oyasi taklif etilgan bo‘lib, u xitoy millatining buyuk tiklanishi uchun yo‘nalish sifatida talqin qilingan. Mamlakatlarimizning kelajagini belgilab beruvchi mazkur ikki dasturiy hujjat umumiy jihatlarga ega. U ham bo‘lsa, xalqqa tayangan holda va xalq manfaatlarini o‘ylab rivojlanishdir. Xitoy hamda O‘zbekiston o‘z oldiga rivojlanish va tiklanish missiyasini qo‘ydi, bunda mamlakatlarning o‘ziga xosligi hamda odamlarning manfaatlari alohida inobatga olindi. Ruhiga ko‘ra bir-biriga o‘xshash konsepsiyalar ikki tomonlama do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni ishonchli tarzda qo‘llab-quvvatlaydi.
Keyingi bosqichlarda tomonlar davlat boshqaruvi bo‘yicha tajriba almashish, taraqqiyot strategiyalarini jadallashtirish, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy o‘sish imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish kabi yo‘nalishlarni kuchaytirishlari mumkin.

— Prezident Farmoni bilan xitoylik sayyohlar uchun O‘zbekistonga viza rasmiylashtirishda yangi, soddalashtirilgan tartib joriy etildi. Bu qaror Xitoydan keladigan sayyohlar oqimini ko‘paytirishga ta’sir ko‘rsatdimi?
— O‘tgan yili Xitoy tomoni o‘zbekistonlik davlat xizmatchilari hamda tadbirkorlar uchun, o‘zbek tomoni esa xitoylik sayyohlar uchun viza rejimini soddalashtirishdi. Bu fuqarolarimiz o‘rtasidagi safar almashuvlarni faollashtirishda yana bir muhim qadam bo‘ldi. Xitoy tomoni O‘zbekistonning bunday sa’y-harakatlarini olqishlaydi. Bugungi kunda Xitoy sayyohlarining O‘zbekistonga kelishi ko‘rsatkichi o‘sib bormoqda. Aminmanki, O‘zbekistonda sanoatning jadal rivoji, infratuzilmaning takomillashuvi, xizmat ko‘rsatish darajasining yaxshilanishi tufayli bu go‘zal va mehmondo‘st diyorga kelishni xohlovchi xitoyliklar soni yana ham ko‘payadi.
Qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan O‘zbekiston boy turistik salohiyatga ega. Samarqand, Buxoro hamda Xiva singari shaharlar dunyoga mashhur, o‘zbek milliy oshxonasi esa palov, somsa kabi taomlari bilan o‘ziga jalb qiladi. Chin dildan ishonaman, har ikki mamlakat sayyohlari xuddi qarindoshlarday bir-birlarinikiga mehmonga borishadi, mahalliy urf-odatlar bilan tanishib, mazali taomlarni birga tanovul etishadi va shu asosda do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanadi. Elchi sifatida o‘zbek tomoni bilan turizm sohasidagi salohiyatni to‘la ro‘yobga chiqarishga harakat qilaman.
Ruslan KENJAYЕV
suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?