Iqtisodiyot tarixidagi eng katta savdo urushi boshlandimi?

16:10 06 Iyul 2018 Dunyo
513 0
Foto: svoboda.org

Xitoy AQSH hukumati tomonidan chin o‘lkasi mahsulotlari importiga nisbatan umumiy qiymati 34 milliard dollarlik yangi bojlar kiritilishi munosabati bilan javob choralarini qabul qilishga va yuzaga kelgan vaziyat haqida Jahon savdo tashkilotini xabardor qilishga majbur bo‘ldi.

Bu haqda Xitoy savdo vazirligi bayonotida keltirib o‘tilgan.

“Xitoy birinchi bo‘lib o‘q uzmoqchi emas, lekin davlatning tub manfaatlarini muhofaza etish va xitoy xalqi foydasini o‘ylab zarur bo‘ladigan javob zarbasini berishga majbur. ...Biz, qolaversa, yuzaga kelgan vaziyat haqida JSTni o‘z vaqtida xabardor etamiz, dunyo bilan bir yo‘ldan boramiz va erkin savdo hamda ko‘p tomonlama tizimni birgalikda qo‘llab-quvvatlaymiz”, deyiladi bayonotda.

Xitoy savdo vazirligi tomonidan xitoy importiga AQSH tomonidan yangi bojlarning kiritilishi tarixdagi eng katta savdo urushini keltirib chiqarishi qayd etilgan.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, AQSH JST normalarini buzdi va iqtisodiyot tarixida hajmi bo‘yicha eng yirik savdo urushini boshlab berdi. Unda aytilishicha, bojlarni kiritish savdo bo‘yicha qo‘rqitishga misol bo‘ladi, bu global ishlab chiqarish zanjirlari xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazib, jahon iqtisodiyoti tiklanishiga xalaqit beradi.

O‘z navbatida, jahon bozorlarini beqarorlashtirib, yanada ko‘p sonli beayb transmilliy kompaniyalar faoliyatiga putur yetkazadi.

“Oqibatda bundan nafaqat oddiy korxonalar va iste’molchilar aziyat chekadi, balki kelajakda Amerika korxonalari va aholisi manfaatlariga ham zarar yetkaziladi”, deyiladi bayonotda. 

Ma’lumot uchun, AQSH prezidenti Donald Trampning Xitoydan import qilinadigan tovarlarga nisbatan 25 foizlik bojlarni joriy etish to‘g‘risidagi qarori bugundan boshlab kuchga kirdi. Uning umumiy bahosi 34 milliard dollar ekanligi aytilyapti.

AQSH rahbari bundan oldin aytib o‘tganidek, ushbu qaror, Vashington nuqtai nazaricha, Xitoy korxonalari tomonidan Amerika intellektual mulki va texnologiyalari noqonuniy o‘zlashtirib olingani va Pekinning g‘irrom savdo amaliyoti tufayli qabul qilindi.

Pekin esa AQSH tomonining bu boradagi yangi qadamlari XXR milliy manfaatlarini cheklab qo‘yishi bois bunga nisbatan qat’iy javob qaytarilishini e’lon qilgandi. Ayni chog‘da savdo vazirligi rasmiy vakili Gao Fen AQSHning Xitoy va boshqa xalqaro hamkorlar bilan aloqalarga ko‘rsatayotgan bunday tahdidni “psixologik terror” deb atagan.

Ayni chog‘da XXR ham AQSHdani import qilinadigan 800 ta tovarga umumiy qiymati 34 milliard dollar bo‘lgan 25 foizlik bojlarni joriy etdi. Ular bugundan kuchga kirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?