Chin doʻst, begʻaraz yordam. Shavkat Mirziyoyev Germaniya xayriya tashkilotini orden bilan mukofotladi

17:03 28 Yanvar 2019 Jamiyat
898 0

Shu yilning yanvar oyida Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tegishli Farmoniga muvofiq, 1-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Bu bejiz emas. Chunki mazkur tashkilotning mamlakatimizda sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash yoʻlida olib borilayotgan islohotlarga qoʻshayotgan hissasi eʼtiborga loyiq.

Ushbu xalqaro xayriya tashkiloti 1967 yilda tashkil topgan boʻlib, ellik yildan oshiq vaqt mobaynida dunyoning 30 dan koʻp davlatlari bilan hamkorlik qilib keladi.Respublikamiz Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Sogʻlom avlod uchun”xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti bilan 2002 yilda hamkorlik shartnomasini imzolagan.Ana shu hamkorlik doirasida respublikamizdan 12 yoshgacha boʻlgan va uzoq muddatli bir necha operatsiyaga muhtoj boʻlgan, kam taʼminlangan oilalarning xasta bolalari Germaniyaning nufuzli klinikalariga davolanishga yuboriladi. Bundan tashqari, har yili germaniyalik tibbiyot mutaxassislardan iborat delegatsiya yurtimizga kelib, viloyatlarga chiqishadi va aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi. Ana shu jarayon davomida xorijda davolanishga muhtoj bolalar tanlab olinadi.

Hamkorlik shartnomasi imzolangan davrdan buyon respublikamizdan 374 nafar bola ana shu mamlakat shifoxonalarida operatsiya qilinib, sogʻlomlashtirildi. Davolanish jarayonlari 6 oydan 2 yilgacha davom etadi.

“Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti oʻrtasidagi hamkorlik doirasida lab-tanglay tugʻma nuqsoni boʻlgan hamda ortopedik oyoq nuqsoni boʻlgan hamda keyingi asoratlari mavjud bemor bolalar respublikamiz klinikalarida operatsiya qilib sogʻlomlashtirilmoqda. Ular Toshkent stomatologiya instituti, Fargʻona, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida amalga oshirilmoqda.

Shu oʻrinda eʼtiborga molik, son jihatdan hayratlanishga arzigulik bir maʼlumotni keltirib oʻtsak. 2004 yildan buyon “Friedensdorf International”xalqaro xayriya tashkiloti mablagʻlari hisobiga jami
6 ming nafardan ziyod bemor operatsiya qilindi. Bunday xayriya operatsiyalari bugungi kunda ham davom etmoqda. Koʻplab bemor bolalarning dardiga malham boʻlib, begʻaraz yordam koʻrsatilishi insoniyatning ulugʻ fazilatidir.

Tibbiy yordam koʻrsatish millat, irq tanlamaydi. Inson deb atalmish zot dardiga davo topish, davolash uchun butun dunyo mamlakatlari birlashadi, bir-biriga yordam beradi. Ana shunday fazilatlar borasida soʻz yuritganda beixtiyor yana dalillar, maʼlumotlarga murojaat qilamiz.

Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti grant mablagʻlari hisobiga 2015 yildan buyon yurak tugʻma nuqsoni boʻlgan bemor bolalarni operatsiya qilib sogʻlomlashtirish boʻyicha loyiha amalga oshirib kelinadi. Ana shu loyiha doirasida 364 nafar yurak tugʻma nuqsoni boʻlgan bemor bolalar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kardioxirurgiya boʻlimida, 71 nafar bola esa Hindistonning “Artemis Medicare Services Limited” klinikasida operatsiya qilib sogʻlomlashtirildi.Joriy yilning fevral oyida yana 10 nafar bemor bola Germaniyaning nufuzli klinikalariga davolanishga yuborilishi rejalashtirilgan.

Raqamlardan koʻrinib turibdiki, necha yuzlab yuragi xasta bemor bolalar dardiga shifo topdi. Yaʼni murakkab va nozik sanalgan yurak tugʻma nuqsoni operatsiya qilindi.Bunday begʻaraz tibbiy yordam shubhasiz katta sharafga munosibdir.

Fond imzolangan shartnomaga koʻra,12 yoshgacha boʻlgan bemor va nogiron bolalarni davolash, reabilitatsiya qilish masalalarini ijobiy hal etib keladi.Keyingi oʻn yil davomida oʻzbekistonlik 250 nafar bemor bolalar teri kuyishi asoratlari, qoʻl-oyoq boʻgʻimining tugʻma kasalliklari tashxisi bilan Germaniyaning nufuzli shifoxonalarida davolanib qaytdi. Bundan tashqari ikki yuz ellik nafardan ortiq nogiron bola operatsiya qilindi.

“Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkilotining grant mablagʻi doirasida jami 269 nafar bola respublikamiz klinikalarida operatsiya qilinib sogʻlomlashtirildi. Shuningdek, yuqori lab tanglayining nuqsoni boʻlgan 118 nafar bola Toshkent tibbiyot akademiyasi, Buxoro viloyati kasalxonalarida jarrohlik yoʻli bilan operatsiya qilindi.

Inson koʻnglini koʻtarish, unga mehr-muruvvat olib kirish savobli, ulugʻ amaldir. Tibbiy yordam koʻrsatish bilan koʻngilni obod etishning uygʻunlashuvi har qanday kishini xushnud etibgina qolmay, dunyoda tinchlik, ezgulik mangu qolishiga ishontiradi. Doim insonga yaxshilik koʻrsatishga, uni ardoqlashga undaydi.

Mamlakatimizning tinchlik-totuvlikka, farovonlikka, doʻstlikka qaratilgan siyosati dunyo boʻylab insoniylik, mehr-shafqat tuygʻularining yanada keng yoyilishiga yordam berishi shubhasiz. Germaniyaning birgina“Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti bilan oʻzaro hamkorlik aloqalariesa doʻstligimizni yanada mustahkamlaydi.

Svetlana INAMOVA,

“Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?