Chilonzorda psixotrop tabletkalar savdosi bilan shugʻullangan 28 nafar shaxs qoʻlga olindi

12:30 19 Noyabr 2018 Jamiyat
442 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi Online”/Rahim Sherqulov. Giyohvandlik, psixotrop moddalar... Bu soʻzlar quloqqa chalinishi bilan kishi bir seskanishi tabiiy. Boisi, uning nafaqat isteʼmoli, balki mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oʻziyoq insonlar hayoti va jamiyatimiz ravnaqiga katta xavf tugʻdirishi mumkin. Shu bois yurtimizda psixotrop hamda kuchli taʼsir etuvchi preparatlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirish muntazamlik kasb etgan.

Ammo, guruch kurmaksiz boʻlmaydi, deganlaridek, oramizda ushbu turdagi mahsulotlar savdosi bilan yashirincha shugʻullanishga harakat qilayotgan fuqarolar ham yoʻq emas.

Chilonzor tumani adliya boʻlimi xodimlari tomonidan hududning 16-mavzesida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar bilan uyushtirilgan suhbatda qonunchiligimizga zid ravishda “Tramadol” va boshqa shunga oʻxshash psixofaol preparatlar oldi-sotdisi bilan shugʻullanayotgan uddaburon “tadbirkorlar” haqida maʼlum qilinadi. Shundan soʻng suhbat chogʻida berilgan dalillar belgilangan tartibda oʻrganilib, tezkor tadbirlar oʻtkazilishi natijasida huquqbuzarlar faoliyatiga chek qoʻyiladi.

— Tadbirkorlar oʻzlari yuritayotgan doʻkonlari yaqinida yoshlari taxminan 25-35 yoshdagi shubhali fuqarolar “Tramadol” singari psixotrop giyohvand dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan, asosan, kechki 18:00 — 22:00 larda shugʻullanishini maʼlum qilishdi, — deydi Chilonzor tumani adliya boʻlimiboshligʻi Joʻrabek Maxsudov. — Tegishli huquq organlari hamkorligida oʻrganilganda haqiqatan ham shunday boʻlib chiqdi. Aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan 28 nafar fuqaroga nisbatan jazo choralari koʻrildi.

Bugungi kunda huquq-tartibot idoralari taqiqlangan psixotrop vositalar savdosiga barham berish borasida tegishli chora-tadbirlarni koʻrmoqda. Natijada qisqa muddat ichida “Tramadol”, “Lirika”, “Baklosan” kabi preparatlar va boshqa dori vositalarini mamlakatimizga kontrabanda yoʻli bilan, bojxona va chegara qoidalarini buzgan holda, qoʻshni respublikalardan olib kirayotgan 150 dan ortiq shaxslar qoʻlga olinib, noqonuniy faoliyatiga nuqta qoʻyilgan.

Darvoqe, yuqorida nomlari keltirilgan preparatning salbiy taʼsiri xususida ikki ogʻiz soʻz. Mutaxassislar xulosasiga koʻra, “Tramadol” singari preparatlar giyohvand moddalarning sintetik analogi hisoblanadi. Uning isteʼmoli insonning markaziy asab tizimi va ichki organlarining jiddiy shikastlanishiga hamda nogiron farzandlar tugʻilishiga sabab boʻladi. Psixotrop tabletkalar taʼsiri ostida ogʻir jinoyatlar sodir etilmasligiga hech kim kafolat bermaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?