Chilonzorda kanaldan topilgan chaqaloqning oʻlimi sababi aniqlandi

23:18 10 Fevral 2020 Jamiyat
1651 0

Foto: ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumanida oqib oʻtuvchi suvga chaqaloqning beliga tosh bogʻlab tashlab ketilgani haqida xabarlar tarqatildi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur xabarlarga aniqlik kiritdi.

Qayd etilishicha, haqiqatan ham, xuddi shunday holat aniqlangan, ammo voqea ijtimoiy tarmoqlarda aytilganidek, Olmazor tumanida emas, balki Chilonzor tumanida sodir boʻlgan.

Shundan soʻng mazkur voqea boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlumot berdi.

Unga koʻra, bugun, 10-fevral kuni Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Bunyodkor shox koʻchasi yoqasi boʻylab oqib oʻtuvchi Anhor kanalidan oqayotgan suvdan yangi tugʻilgan, oʻgʻil bola jinsiga mansub chaqaloq murdasi topilgan.

Hodisa joyiga Toshkent shahar prokuraturasi maxsus tezkor-tergov guruhi, Chilonzor tumani prokuraturasi va tuman IIO FMB rahbarlari hamda xodimlari chiqishdi. Maxsus tezkor-tergov guruhi tomonidan hodisa joyi va murda koʻzdan kechirilishi davomida, tashqi koʻrikda chaqaloq murdasida jarohatlar aniqlanmagan.

Respublika Sud tibbiy ekspertiza ilmiy amaliy markazi Toshkent shahar filialining 10.02.2020-yilgi 179-sonli dastlabki xulosasiga koʻra, chaqaloqning oʻlimi “Bosh yumshoq toʻqimalari ostiga qon quyilishi. Kefologematoma. Tugʻruq travmasi”dan kelib chiqqanligi koʻrsatilgan.

Shuningdek, ekspertiza tekshiruvi davomida chaqaloq 38-40 haftalik boʻlgani va chaqaloqning antropometrik belgilari boʻyicha yetuk tugʻilganligi aniqlandi. Murda boshlangʻich chirish davrida ekani, tanasida tugʻma nuqson va boshqa xususiyatga ega boʻlgan belgilar aniqlanmadi.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 99-moddasi (Onaning oʻz chaqalogʻini qasddan oʻldirishi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?