Chilimkashlar davrasidan reportaj

17:54 17 Yanvar 2020 Jamiyat
458 0

Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasida ajoyib bir lavha bor. Unda Qoravoy oʻzi bilmasdan chilimkashlarning goʻshasiga borib qoladi. Bu yerga doimiy mijozlardan tashqari hunarmandlar, kosiblar, boyvachchalarning bolalari, shaharning yarmini qarzdor qilib qoʻygan sudxoʻrlar kelishadi. Qoravoy ularga chilimning sarxonasiga tamaki bosib, suvini yangilab bergani uchun xoʻjayinidan har kuni bir miridan choychaqa oladi. Boshida bir-biriga toʻngʻiz qarash qilib oʻtirgan, ziqna, bitta mayizning yarmini birovga ravo koʻrmaydigan bu maxluqlar chilim tortgandan keyin shunday muloyim boʻlib qoladiki, bir pastda bir-biriga choy uzatgan, non surib qoʻygan, bir-birini uyiga taklif qilgan, xullas, boʻlar-boʻlmas gaplar bilan xoʻroz qichqirguncha chilim chekib oʻtirishadi. Bu Qoravoyning joniga tegib, oxiri nosdan boʻshagan shishaga suv solib, ogʻzini mahkam yopadi-da, manqaldon choʻgʻiga koʻmib qoʻyadi. Shishadagi suv kutilmaganda portlaydi. Bu dahshatdan oʻziga zoʻrgʻa kelgan Hoji bobo usta Mirsalimga “oʻling, hamma ish sizdan boʻldi, hukumatning ishiga aralashmang, demaganmidim”, desa, Sulton puchuq ham “toʻp shu yerda otildi. Mana shu otdi”, deb Qoravoyni koʻrsatadi. Shundan keyin tekshiruv boshlanishi, bunga mirshablar ham aralashishi, chilimxoʻrlarni mahkamaga sudrashi, bundan qutulish uchun Hoji bobo ularga bir hovuch tanga uzatishi va mirshablar bir-biriga koʻz urishtirib, bu galcha siyladik, deb chiqib ketishlarini maroq bilan oʻqiganmiz.

Yozuvchi qattiq tanqid ostiga olgan qaymoq bozorining burilishida, mahkamaning boshidagi Ilhom samovarchining kattakon choyxonasidagi hangomalar bugun hayotimizga dahshatli tarzda koʻchib oʻtganiga ishongingiz kelmaydi. Garchand, “Shum bola”dagi choyxonalar zamon oʻzgarishi bilan kafe, bar, restoranlarga aylangan boʻlsa-da, lekin koʻpchilik hali ham bu yerga ichish, chekish, maishat va oʻyin-kulgu uchun kelishi oʻzini sogʻlom deb bilgan har qanday odamni oʻylantiradi. Bunday tungi goʻshalarni istagan joydan topa olasiz. Deylik, qaysidir hududda kutubxona yoki xiyobon boʻlmasligi mumkin, ammo, tungi klub albatta, topiladi.

Toʻgʻri aytasiz, bunday joylarga koʻproq erkaklar kelishadi. Biroq tong otargacha mijozlarning koʻnglini “ov”laydigan kafe, barlar endilikda ayollarning ham koʻngilxushlik qiladigan joyiga aylangani va ular bir lahzalik hoyu-havasni deb butun hayotini qoʻldan boy berayotgani, Ayollik shaʼniga dogʻ tushirayotgani achinarli.

Bu muammo bizni Qoravoy kezgan eski shahardagi ayrim goʻshalarga borishga, iskabtoparlar ham topolmaydigan “podval”lardagi xufiyona ishlarni kuzatishga va mulohaza yuritishga undadi.

Chegirma va “tegirmon”

Kechasi soat oʻn birlarda chilimkashlarning “hordiq” oladigan eng tinch joyi – aeroport yoʻlidagi kafe, barlarning biriga bordik. Dastavval, tamaddixona peshtoqida “ayollar uchun 20% chegirma”, degan reklama eʼtiborimizni tortdi. Bu odamlarni rom qilish uchun oʻylab topilgan puxta reja ekanini sezish qiyin emas. Kirish joyini qattiq nazoratga olgan barzangilarni koʻrib, “Shum bola” asaridagi uch zarbli pahlavonlarning toʻqson olti ming botmonlik gurzigaroni yodimizga tushdi. Oʻzimizni koʻchada koʻrmaslik uchun bir chetda turib, vaziyatni kuzata boshladik. Soat oʻn ikkilarga borib, bu goʻsha gavjumlashdi. Mijozlarning yoshi turlicha. Kafening tepasi choyxona, podvali navqironlarning “ishtaha”sini ochadigan joy. Tashqaridagilarga xizmat qilib yurgan ofitsiantlardan biri bizni podvalga taklif qildi. Bir qaraganda, bu yerdan tinchroq, holiroq joy yoʻqdek. Istagan joyingizga oʻtkazishadi. Lekin chilimning achchiq tutuni koʻzni achishtiradi. Ahvol yana oʻsha... Chilimxoʻrlikka berilib, hayotini halokat yoqasiga olib borayotganlar, mijozlarga epchillik bilan xizmat qilayotgan ofitsiantlar, davrani qizitgan yallachilar va oʻzlarini Farang malikalaridek his qilib, ming xil nozu karashmalar bilan xirom aylayotgan raqqosalar.

Odatda kashanda deganda koʻpincha erkaklar koʻz oldimizga kelardi... Falakning gardishini qarangki, bugun kashandachilik ayollarning ham tark etib boʻlmaydigan odatiga aylanib ulgurgan. Buning oqibatida qancha nogiron bolalar dunyoga kelyapti. Bu yerda ham xotin-qizlar chilim chekib, otamlashib oʻtiribdi. Qiziq: oʻz oilasi bagʻrida boʻlish oʻrniga, bu oyimchalarni tungi klublarda tongni qarshi olishiga sabab nima? Ularni hech kim uddalay olmaydigan – ayollik, onalik, kelinlik vazifasini kim bajaradi? Keyingi taqdiri nima kechadi?..

“Shum bola” qissasida Hoji bobo yetimlik azobini tortib, hardamxayol boʻlib qolgan Qoravoyni yoniga chaqirib, mehribonlik bilan soʻraydi:

– Bolam, bu gap ikkovimizning oʻrtamizda qoladi. Tagʻin, Xudo urib, anovi qurgʻurdan totinib-potinib yurganing yoʻqmi?

 Oʻzim chilimxoʻrlarning ahvolini koʻrib yuribman. Men bu zaharni ogʻzimga olmayman. Tepamda Xudo bor.

- Barakalla, bolam, ha, shunaqa boʻlsin,  deb Hoji bobo Qoravoyning yelkasini qoqib qoʻyadi.

- Keling, akalar, opalar. Mijozga qara, choy, chilim olib kel,  ishboshilardan biri ofitsiant oʻspiringa tayinladi. U-bu narsa buyurgan boʻldik. Tamaddidan keyin u bizdan soʻradi:

- Qanday qilib?

- Xorijda boʻlganmisiz,  deb soʻrab qoldi asli namanganlik (ismini keltirishimizni istamagan) nozik oyimlardan biri.

- Yoʻgʻ-e. Siz-chi?

- Jin chalib, oʻsha yoqlarda ketib qolganman. Ularda hamma narsa ochiq va oydin. Tamakimi, chilimmi, istagancha, chekish mumkin. Ilk bor kafe-barlarga kirganimda, yarim-yalangʻoch kiyinganlarni koʻrib, noqulay avholga tushganman. Oʻzim chet ellarda yurgan boʻlsam-da, xuddi ota-onam koʻrib qoladigandek, ular bilan bir joyda oʻtirsam, shaʼnimga dogʻ tushirib qoʻyayotgandek qoʻrquv bosgan. Uzoq vaqt oʻzimni shunday joylardan olib qochib yurdim. Keyin bularning hammasi koʻzimga oddiy koʻrina boshladi. Erkaklar qatori ayollar ham “dam” olishga haqli. Chilim chekishni oʻsha yerda oʻrgandim. Dugonam shu yerning chilimining tutuni koʻproq, deganiga kelgandim. U yoqlarda chilimga koʻzingizning oldida tamaki kukuni yoki har qanday charchoqni oladigan (...) dori solib berishadi. Esimda, bir marta kafeda oʻtirganimizda, hamrohlarimizdan birini chilimxoʻrlikdan tutqanogʻi tutib qolgan. Shunda oʻrtaga pul tashlab, zoʻrgʻa oʻlimdan qutqarib qolganmiz...

Bu yerdagi shum bolalar esa Qoravoydan ham quvroq. Mijozlarga chilimni bir-ikki quldiratib, obdon tortib, pishitib beradi. Yaxshi gaplar bilan ruhiga taʼsir koʻrsatib, chilimga oʻrgatib oladi. Bizni tong qoldirgan narsa: bular ham kimnidir yaxshi niyatlar bilan dunyoga keltirgan bolalari. Bir gul oʻstirsangiz, shu gulning biror yaprogʻiga shikast yetsa, qanchalar achinasiz. Ayni kuchga toʻlgan paytda biror kasb-hunarning boshini tutish oʻrniga, ular bu yerlarda nima qilib yuribdi? Nahotki, tirikchilik shu goʻdaklarning gardaniga tushgan boʻlsa?.. Shoʻxlik, beboshlik ortidan boshi berk koʻchalarga kirib qolganlar kammi? Bular hayotda hali nimani koʻribdi?

 Chilim olib kelaymi?

– Rahmat, biz dam olgani kelganmiz.

– Bu yerga koʻpchilik chilim chekish, oʻyin-kulgi uchun keladi. Shunchaki hordiq boʻlsa, tepada ham joy bor.

– Odam unchalik koʻp emas-ku!

– Yozda bu yerdan joy topolmaysiz.

– Boshqa yerda ham shunaqa joylar bordir.

– Bu yer tungi klublarning amrikoni boʻladi. Buyurtmaga qarab, istagancha chilim tayyorlab beramiz.

 Chilimning kukunidan tortib, koʻmirigacha chetdan kirib keladi. Biz faqat mijozlarning xohish-istagiga qarab, tayyorlaymiz. Shu xolos.

U bizga nimani tavsiya etayotganini oʻzi bilarmikan? Chilimga qoʻshilgan mahsulotlar tarkibida qanday moddalar bor? Uni inson salomatligiga zarar keltirmasligiga kim kafolat beradi?

Lugʻatlarda chilim soʻzi tortish yaʼni, tutunni tortish, kayf qiluvchi narsalardan foydalanish maʼnosini anglatadi. Chunki chilim tamakisi yopishqoq massa koʻrinishida boʻlib, unga mevali hidga ega asal yoki qiyom koʻrinishidagi qoʻshimcha moddalar qoʻshiladi. Qadimda Oʻrta Osiyoda, shuningdek, Turkiya, Eron, Hindiston, Xitoy, Afgʻonistonda keng tarqalgan. Tarixiy manbalarda chilim chekish inson sogʻligʻi uchun oʻta zararli ekani qayd etilgan. Shifokorlarning taʼkidlashicha, yurak-qon, tomir va nafas olish tizimi xastaliklarini keltirib chiqararkan. Hatto saraton kasalliklariga chalinish xavfini oshirarkan. Haftasiga uch-toʻrt marta chilim chekadigan odam unga tobe boʻlib, ruhiyati, tafakkuri, idroki va xotirasi pasayib ketarkan. Ayniqsa, homilador ayol chilim cheksa, farzandi ona sutini emmay qoʻyarkan.

Qoʻshni davlatlarda ham bir necha yildan beri chilim chekishga qarshi kurash olib boriladi. Masalan, Qozogʻistonda chilimga qarshi qarorni mamlakatning bosh sanitar shifokori Jandarbe Bekshin imzoladi. Hujjatga koʻra, barcha jamoat joylarida chilim chekish man qilinadi. Bizda ham shu paytgacha chilim (kolyan) chekish odati boʻlmagan. Umuman, ruhiyatimizga begona bu narsa hozirgi kunda respublikamizning barcha hududlarida faoliyat koʻrsatib kelayotgan kafe, restoranlarda umumiy tarzda gʻovlab ketishiga sabab nima? Buni gʻovlatib yuborayotganlar esa qarshimizda turibdi.

– Undan xushboʻy mevalarning hidi keladi. Ozgina tortib koʻrasizmi? Ayollar uchun yigirma foiz chegirmasi bor,  deydi ofitsiant yigit.

Gapini qarang,bir chilim tortish qirq besh mingdan, ikki yuz minggacha emish. Ustiga-ustak quruq mevaning hidi kelarmish. Ol-a, beli ogʻrimaganning non yeyishini koʻr, deb shuni aytsalar kerak-da. Ikki yuz mingga qancha meva beradi. Hatto Afrika kokos-yu, Eron xurmasidan ham sotib olish mumkin. Bir chilim, yarim chilim chekaman, deb shuncha pulni behuda sarflab, evaziga salomatlikka zarar yetkazguncha, mevalarning oʻzini isteʼmol qilgan ming chandon foydali emasmi?! Nazarimizda, buning tagida boshqa gap bor. Ayrim ustasi farang tadbirkorlar chilimga tamaki bargidan tashqari giyoh moddalar ham qoʻshadi. Baʼzilarni koʻziga chilimdan boshqa narsa koʻrinmay qolganining sababi shunda. Nimani chekayotganini payqamaydi.

– Rahmat, oʻzingiz chekavering. Baribir chilimni zararsizligiga ishongimiz kelmaydi, – deymiz biz.

 Oʻzim oʻn yildan beri chekaman. Kechagina shifokorga borgandim, oʻpkam toza chiqdi...

Ofitsiant yigit Aldar koʻsa yangligʻ chilimni qancha zararsiz deb lof urmasin, choynak tutishga qaltiragan qoʻllari-yu, rangining dokaligi bor haqiqatni aytib turardi. Chilimga mubtalo boʻlganlar chilimni “xurr-xurr”latib oʻzini yettinchi falakda sezar, chiqqan tutunidan havoda turli halqachalar yasab, zavq olardi.

“Shum bola”da Qoravoy Hoji bobodan oʻzi qayerga kelib qolganini soʻraganda, bu yerga keluvchilarning kimligi uni umuman qiziqtirmasligini aytadi. Bu kafening xoʻjayini ham mijozlarning katta-kichikligiga qaramasdan, hamyonini qoqib olayotgani sezilib turibdi. Buni ortidan qancha insonlarning yostigʻi quriyotgani bilan ishi yoʻq. Foyda degan joyda “Shum bola”dagi Hoji boboga oʻxshab, hatto nosni ham “ishtaha ochadi” deb zar qogʻozga oʻrab sotishdan qaytmaydi.

Durbindagi huriliqolar

“Shum bola”da yana bir ajoyib manzara bor. Ilhom samovarchining ukasi Ibroy durbindan har xil ayollarning suratini koʻrsatib, shuni orqasidan tirikchilik qiladi.Qoravoy durbinning ichida nima borligini qiziqib koʻradi. Oʻrtogʻi Ubayni ham holi-joniga qoʻymay, shunga oʻxshash tomoshalarga yetaklab boradi.

 Birinchidan qimmat. Ikkinchidan, Mayramxon degan yarim-yalangʻoch kiyimda chiqarmish. Men yalangʻoch xotinlardan qoʻrqaman,  deb bormaydi Ubay.

Kechasi soat ikkilardan keyin tungi klubda boshlangan “tomosha” bizni ham qoʻrqitib yubordi. Ovropacha musiqiy jazavalar, yarim-yalangʻoch kiyimlardagi raqqosalarning behayo raqsga tushishlari, erkaklar ularni yoniga chaqirib, istagan “maqom”ga solishlari, istagancha xiralik qilishlari kurakda turmaydi. Toʻgʻri, bunday harom-xarish ishlar botqogʻiga botish-botmaslik har kimning oʻziga bogʻliq. Lekin bu raqqosalar xuddi guldan-gulga qoʻnib yurgan kapalaklardek goh uning, goh buning boʻyniga osilib farangcha, hindcha, arabcha raqslarga tushishlari Ayollik shaʼniga isnod. Eng achinarlisi, erkaklar bu yerga shunchaki pivoxoʻrlik yoki chilimxoʻrlik qilish uchungina emas, ayollarning koʻnglini “ov”lash, oʻz navbatida, ayollar ham profilaktika inspektorlari tomonidan qattiq nazoratga olingan joylarda qilolmagan fahsh ishlarini yashirin joylarda amalga oshirish uchun kelgandek taassurot qoldiradi. Qoʻshmachi ham, axloqsiz ham, maishatxoʻr ham, aroqxoʻr ham, chilimxoʻr ham shu yerda. Bularning fikrida, koʻnglida nima borligi bilan hech kimning ishi yoʻq. Bu yerdan chiqib, qayerga borishi va nimalar qilishi oʻzingizga havola. Yana bir mulohaza.

Kafedagi mijozlarning aksariyati 20 dan 35-40 yoshgacha. Biz haftaning muhim ish kunlari bu yerga kelgan boʻlsak-da, ular hech gʻami, tashvishi yoʻq insondek chilimxoʻrlik qilib oʻtiribdi. Nima, ular oʻqish yoki ishga bormaydimi?! Nahotki, ularni soʻraydigan “ega”si boʻlmasa? Yoki hamma shunchalik bekorchi boʻlib ketganmi? Balki bunday xulosaga kelish biroz nooʻrindir. Chunki bekorchi odamda buncha pul qayerdan boʻladi? Agar karmon baquvvat boʻlmasa, bunday tungi klublarning yoniga ham yaqinlashib boʻlmasligi kundek ravshan.

Jurnalistik kuzatuv jarayonida bir-ikki kafeda tamaddi qilishga toʻgʻri keldi. Shunga salkam bir oylik maoshimiz ketdi. Oʻzimizga qolsa, bu yerga hech qachon qaytib kelmaymiz. Lekin chilimxoʻrlarning hammasi poʻrim kiyingan, stol usti sarxil mevalar, qimmat ovqatlar va salqin ichimliklarga toʻla. Bir oʻtirganda, qancha mablagʻni sarflab yuboradi. Ular shuncha pulni qayerdan olyapti?! Faqat oylikka ishlaydiganlar bunday joylarga kela olmaydi-ku! Ogʻir mehnat bilan topilgan pulni hech kim bemaʼnigarchiliklarga sarflashga koʻzi qiymaydi. Kimdandir nuqson axtarib, kamchilik topish niyatimiz yoʻq, lekin bu yerda oshkor qilish mumkin boʻlgan shunday nozik muammolar borki, tegishli mutasaddilarning eʼtiboridan chetda qolmasligi kerak.

Keyingi paytda insonning qadr-qimmati tushib ketyapti, degan gaplar rost. Bunga oʻzimiz sababchi. Mana bu manzaraga eʼtibor bering: tamaddixonada chilimdan miyasini peshlab olgan bittasi oyoqlar tagida uzala yotibdi. Qancha tirmashmasin, turishga majoli yetmaydi. Barzangilardan ikkitasi kelib, koʻchaga shunday uloqtirdiki, oʻsha odamning biror joyi sinib ketmadimikan, deb siqilib oʻtirdik. Bu hech kimsaning parvoyiga kelmadi. Qarang-a, birgina chilimxoʻrlik qancha odamlarning hayoti izdan chiqarayapti. Mehnat qobiliyatini yoʻqotayapti. Beobroʻ, qashshoq, tilanchi-gadoga aylantiryapti. Eʼtiqodini susaytirib, irodasini boʻshatayapti. Millat genofondini buzayapti. Xoʻsh, ayting-chi, bizga buni nima keragi bor?

Bu yerga kashandalar oʻz-oʻzidan kelib qolayotgani yoʻq. Kafe, restoranlarning reklama va chegirmalari ortidagi qallobliklar, “Haydar ota”, “Afgʻoncha osh”, “Choʻpli kavob”, “Parovoz” singari koʻpchilikni eʼtiborini tortadigan sirli nomlar – lekin buning zamiridagi gʻaraz niyatlar atrofiga xira pashshadek odamlarni yigʻib olyapti.Biz ham shu yerga kelib, “Haydar ota”ga ishqibozlarni sherga aylangani, “Afgʻoncha osh”idan tatib, xoʻrozdek qichqirganlarni, “Choʻpli kavob”ning “lazzat”idan oʻziga-oʻzi tashvish orttirayotganlarni koʻrdik. Istarasi issiq, qosh-koʻzlari qop-qora, sochlari uzun gulday bir narsani “parovoz” ilinjida oʻrgimchak toʻriga ilinib qolganidan afsus chekdik. Nega mijozlarni boshqacha bilan kutib olishining sabablarini angladik. Shirin soʻzlar bilan ichimizga ogʻu solib, keyin oʻzlarining yoʻrigʻiga solishidan hushyor tortdik. Chunki bularning bir marta yoʻrigʻiga tushsangiz, oʻlib qutulasiz. Mana, bunga bir misol.

Allamahalda endi kafedan ketamiz, deb turganimizda qoʻshni stolga oʻtirgan oʻrta yashar bir ayol kelib, bizga hamroh boʻlishini aytib qoldi. Gap-gapga qovushib, qalbimizni koʻpdan beri iztirobga solayotgan, lekin birovdan soʻrashga hijolat tortayotgan savollarimizga oydinlik kiritdi.

Mana, sizga hangoma-yu, mana  fojia. Chilim shunday bir illatki, buni qurboniga aylaganini roʻparamizdagi oyimchaning oʻzi ham hali tushunib yetganicha yoʻq. Balki tushunganda, kech boʻlar.

Bizda ham Oliy Majlis Senati tomonidan “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan. Unda “chilim”, “chilim uchun tamakisiz chekish aralashmasi”, “chilim chekish uchun damlama”, “chilim uchun chekish toshi”, “elektron sigareta”larni tekshirish va aholi xavfsizligini taʼminlash yuzasidan amalga oshirish uchun bir qancha chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Chilim va elektron sigaretalarni chekish mumkin boʻlmagan jamoat joylarini nazorat qilib borish ham qonundagi tegishli moddalarda belgilangan.Agar qonun ijrosi hayotda kuchga kirsa, biz muhokama qiladigan illatlar oʻz-oʻzidan bartaraf boʻladi. Tirnoq ostidan kir qidirish niyatimiz yoʻq. Nomus oʻlimdan qattiq. Odamlar chilimxoʻrlikka oʻrganib qolmasliklari uchun hozirdan ehtiyot choralarini koʻrsak,chilimxoʻrlikdan boʻshamay “koʻcha”da yurgan yoshlarimiz Shum bola kabi oilasiga qaytadi.

A.UMIROVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?