Chigirtkalar qishloq xoʻjaligiga yarim mlrd. dollarlik zarar yetkazdi. Ularning tarqalishiga qarshi qanday kurash olib borilyapti?

18:21 04 Iyun 2020 Siyosat
659 0

Hozirgi kunda Afrika va Osiyo davlatlarida choʻl chigirtkasi yoppasiga koʻpayib, 15 million gektar maydonda uchib, bir joydan ikkinchi joyga koʻchib oʻtmoqda. Bugungi kunda ularning qishloq xoʻjaligi ekinlariga keltirgan zarari 500 million AQSH dollaridan oshgan.

2020-yilda respublikamiz boʻyicha zararli chigirtkalarni 597,9 ming gektarda kimyoviy ishlov oʻtkazilishi bashorat qilingan.

Joriy yilning 3-iyun holatiga koʻra, respublika boʻyicha zararli chigirtkalarning 336,2 ming gektar maydonda tarqalganligi aniqlanib, 318,9 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar oʻtkazildi. Zararli chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlovlarni oʻtkazishga 173 ta OVX purkagichli traktor, 309 ta motorli qoʻl purkagichi, 33 ta UMO purkagichli avtomashina, 6 ta motodeltaplan, 58 ta vodovoz va 656 nafar ishchi jalb qilingan.

Hozirda hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlari oʻtkazilmoqda. Soha olimlari va mutaxassislari tahlillariga binoan joriy yilda zararli chigirtkalarning rivojlanishi va tarqalishiga ob-havoning qulay kelayotganligi, iyun oyida havo harorati isib ketishi bilan yaylovlardagi oʻtlarning qurib qolishi natijasida zararli chigirtkalarni qoʻshni respublikalarning chegaradosh hududlaridan uchib oʻtishi va tabiiy ofat tusida oʻta murakkab favqulodda vaziyatlar paydo boʻlishi xavfi mavjud.

Ushbu hududlarda oʻz vaqtida qarshi kurashish choralari oʻtkazilib, yaylovlar va qishloq xoʻjaligi ekinlariga zarar yetkazishining oldi olinmoqda.

Joriy yil mavsumida zararli chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlarini oʻtkazishga 33 mlrd. 306 mln. soʻm mablagʻ talab etilgan. Lekin mahalliy byudjetdan 25 mlrd. 269 mln. soʻm (76%) mablagʻ ajratilgan boʻlib, ular zararli chigirtkalarga qarshi 354,4 ming gektar maydonda ishlovlar oʻtkazilishini taʼminlaydi. Shuningdek, hokimliklar tomonidan ham mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Tashqi ishlar vazirligining maʼlumotiga koʻra, joriy yilning I choragida Yaqin Sharq, Afrika va Osiyodagi 23 ta davlatda choʻl chigirtkasi yoppasiga tarqalib, qishloq xoʻjaligiga katta zarar yetkazgan. Bugungi kunda mazkur mamlakatlarda choʻl chigirtkasi tarqalishining ikkinchi toʻlqini boshlangan. FAO ekspertlarining xulosasi esa choʻl chigirtkalari mintaqadagi 30 dan oshiq mamlakat, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xoʻjaligiga juda katta talofat yetkazishi xavfi borligini koʻrsatadi.

Ushbu holat borasida tegishli xizmatlardan kuzatuv-nazorat ishlarini kuchaytirish, zarur kimyoviy vositalar va yoqilgʻi-moylash mahsulotlari zaxirasini oʻz vaqtida yaratish talab etiladi.

Hozirda koronavirus pandemiyasi sababli qoʻshni davlatlar chegara hududlari yopilganligi oqibatida chegaradosh hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlari va hamkorlikda kuzatuv-nazorat ishlarini oʻtkazishga imkoniyat boʻlmayotgani tufayli qoʻshni davlatlarning tegishli xizmatlari bilan telefon orqali axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimizda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlarida chegara qoʻshinlari, FVV, mahalliy hokimliklar tomonidan choralar olib borilmoqda.

Bu borada paydo boʻlayotgan muammolar Vazirlar Mahkamasi orqali hal etilmoqda. Vaziyat toʻliq nazoratga olingan.

Bahodir TAJIYEV,

Oliy Majlis Senati

Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va

ekologiya qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?