Chet tillarini oʻrganishda masofaviy taʼlim yanada rivojlantiriladi

15:49 14 May 2019 Jamiyat
138 0

Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universitetida Chet tillarini oʻqitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy Markazi hamda AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Masofaviy taʼlim boʻyicha xorijiy tajribani chet tili taʼlim tizimiga tatbiq etish” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazilmoqda.

Anjuman mobaynida “Chet tillarini oʻqitishda masofaviy taʼlim tizimini joriy etish masalalari”, “Multimedia vositalari va multimedia taʼlim mahsulotlarini yaratish hamda tatbiq etish”, “Uzluksiz taʼlim asosida chet tillariga oid bilimni baholashning onlayn va offlayn tizimi”, “Chet tillarni oʻqitishda masofaviy taʼlim, AKT va multimedia resurslarining samaradorligi” kabi mavzular yuzasida soʻz yuritiladi.

Anjumanga respublikaning barcha viloyatlaridan 40 dan ortiq ekspertlar va yetakchi til mutaxassislari, shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Malayziya, Avstriya, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa xorijiy mamlakatlardan 10 dan ortiq mutaxassislar jalb qilingan. Anjuman yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar hamda ilmiy konferensiya materiallari toʻplami taqdim etiladi.

Konferensiya 15 maygacha davom etadi.

Soʻz tadbir ishtirokchilariga:

Kristian MISHINER, AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi Taʼlim va madaniyat masalalari boʻyicha elchi maslahatchisi:

Xorijiy tajribani chet tili taʼlim tizimiga tatbiq etishda ushbu konferensiya alohida ahamiyat kasb etadi. Sababi bu yerda koʻplab mamlakatlardan mutaxassislar jam boʻlgan. Bu esa oʻqituvchilar va talabalar anjuman soʻnggigacha rang-barang metodlarga, gʻoyalarga, yangi tajribaga ega boʻlishiga imkon yaratadi. Masofaviy taʼlim elchixonamizda ham keng yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, haftaning har chorshanba, payshanba va juma kunlari yoshidan qatʼiy nazar barcha til oʻrganuvchilar uchun bepul onlayn darslar oʻtiladi. Yana shuni taʼkidlashni xohlardimki, men ham elektron taʼlim tizimi asosida asta-sekin oʻzbek tilini oʻrganmoqdaman. Oʻz tajribamdan ham aytishim mumkinki, elektron taʼlim har qanday sohani, ayniqsa, xorijiy tillarni oʻrganishda koʻplab qulay imkoniyatlarni yaratadi.

Murod SULAYMONOV, Chet tillarini oʻqitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy Markazi boʻlim boshligʻi:

Ushbu konferensiya beshinchi marotaba oʻtkazilmoqda va bu tadbirni tashkil etishimizdan maqsad xorijiy tajribani mamlakatimizdagi chet tili taʼlim tizimiga tatbiq etish hisoblanadi. Anjuman har yili ikki marotaba oʻtkaziladi. Bu yil oktyabr oyida yana xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladi. Har galgi yigʻilish turli yangi maqsadlarni, islohotlarni amalga oshiradi. Navbatdagi konferensiyamizda alohida tibbiyot sohasida lotin tili boʻyicha shoʻba ochganmiz. Masofaviy taʼlim nafaqat ingliz tilini, balki boshqa tillarni, xususan, lotin tilini ham turli soha vakillari onlayn oʻrganishiga imkon yaratadi.

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?