Chet davlatlaridan 2019-yilda 30 ming, joriy yilda 7 ming boshdan ortiq naslli qoramollar olib kelindi

11:06 24 Iyul 2020 Jamiyat
303 0

Illyustrativ foto

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B. Norqobilovning “Mamlakatda chorvachilikni rivojlantirish, shuningdek, chorva mahsulotlarini yetishtirish hajmini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga javobi deputatlar tomonidan atroflicha koʻrib chiqildi.

Deputatlar tomonidan hududlarda oʻtkazilgan oʻrganishlarga asoslanib, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi joylarda uchrayotgan tizimli muammolar yuzasidan joriy yilning 11-iyun kuni mazkur qoʻmitaga parlament soʻrovi yuborilgan edi.

Ushbu parlament soʻroviga kelgan javobda qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda jami 6 ming 445 ta chorvachilik xoʻjaliklari mavjud. Joriy yilda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha jami qiymati 3 trln. 434 mlrd. soʻmlik 1 172 ta loyihalar shakllantirilib, ishlar boshlangan. Bundan tashqari, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida sanoat usulida goʻsht va sut ishlab chiqarishga moʻljallangan 270 ta yirik boʻrdoqichilik va 260 ta yirik sutchilik loyihalarini roʻyobga chiqarish boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu loyihalar doirasida bugungi kunga qadar qiymati 600 mlrd. soʻmlik 236 ta loyiha amalga oshirilgan.

Taʼkidlanishicha, yurtimizda bugungi kunda 12 mln. 949 ming 700 bosh qoramol, shundan 4 mln. 664 ming bosh sigir boqilmoqda. Barcha toifa xoʻjaliklarida boqilayotgan qoramollarning 93,2 foizi aholi xonadonlariga, 6,8 foizi fermer xoʻjaliklariga toʻgʻri keladi.

Yurtimizda naslli qoramollar sonini oshirish maqsadida mustahkam ozuqa bazasiga ega boʻlgan, naslli mollarni veterinariya talablari asosida saqlash va boqish imkoniyati mavjud chorvachilik xoʻjaliklari tomonidan chet davlatlardan 2019-yilda 30 ming bosh, joriy yilda 7 ming boshdan ortiq naslli qoramollar olib kelindi. Bundan tashqari, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan naslchilik xoʻjaliklarida yetishtirilgan naslli mollarni yetkazib berish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hokimliklari tomonidan naslli mollar yetkazib berish dasturi ishlab chiqilmoqda.

Andijon viloyati tajribasi asosida oilaviy kooperatsiyalar tashkil etilib, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida 5 mingdan ortiq xonadonlarda 11 ming bosh qoramol boqish boʻyicha loyihalar ishlab chiqildi va oʻtgan davr mobaynida 120 bosh qoramol tarqatildi.

Chorva ozuqa bazasi uchun omixta yem ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha hozirgi kunda amalda 12 ta loyiha ishga tushirildi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 10 gektar maydonda qurilish ishlari va 421 gektar maydonda donli ozuqalar ekish uchun yer maydoni ajratildi. Yil yakuniga qadar 853 ming 580 tonna quvvatdagi 69 ta korxona ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, xalqaro munosabatlar koʻlamini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni koʻproq jalb etish maqsadida Turkiya davlati bilan chorva mollarini identifikatsiya qilish, Vengriya bilan parrandachilik sohasidagi loyihalarni amalga oshirish va Mongoliya Respublikasi bilan goʻsht va goʻsht mahsulotlarini import qilish masalalarida kelishuvlarga erishilgan.

Majlisda parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan yuborilgan javob maʼlumot uchun qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?