“Chashma” festival mezboni

15:49 23 May 2019 Madaniyat
377 0

Nurotada tumanidagi “Chashma” tarixiy-meʼmoriy majmuasida Navoiy viloyat hokimligi va bir qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazildi.

Anjuman dasturi Respublikamiz Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda joriy yilning 19-martidagi yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, ularni sanʼat, jismoniy tarbiya, va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishidagi topshiriqlari asosida belgilandi.

Tadbir Nurota tumanidagi taʼlim muassasalarining oʻquvchilari, mahallalarning uyushmagan yoshlaridan iborat 2000 nafardan ortiq faol oʻgʻil-qizni oʻz atrofiga birlashtirdi.

Ishtirokchilar dastlab tuman hududidagi “Muruvvat uyi”ga tashrif buyurishib, muassasa viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimining badiiy adabiyotlardan iborat kitoblar toʻplamini topshirishdi.

Shundan soʻng festival dasturi doirasida yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, sport turlari boʻyicha iqtidor va isteʼdodlarini yuzaga chiqarish maqsadida mahorat darslari hamda koʻrgazmali chiqishlar tashkil etildi. “Jaholatga qarshi maʼrifat”, “Yurtim jamoli” mavzularida rasmlar koʻrgazmasini tashkil etilib, tadbir yakunida gʻolib yoshlar munosib taqdirlandilar.

Oʻsib kelayotgan avlod shuurida Vatanga muhabbat, ona yurtga sadoqat tuygʻusini ulgʻaytirish maqsadida Respublika Milliy gvardiyasi harbiy qismi xizmatchilarining chiqishlari namoyish etildi.

- Festival dasturi asosida “Oila – muqaddas dargoh” shiori ostida tumanimizdagi eng ibratli oila Alimovlar oilasiga tashrifimiz va ushbu oila sohiblariga tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari topshirilganligi ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi, - deydi tuman maʼnaviyat va maʼrifat boʻlinmasi rahbari Oʻktam Karimov. – Shuningdek, har bir mahallaning isteʼdodli hunarmandlari, tadbirkorlari, saxovatpesha kishilarining festival doirasida eʼtirof etilib ragʻbatlantirilishi ular safi kengayishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Festival davomida viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimiga qarashli “Kitob olami” maʼnaviy-maʼrifiy savdo majmuasi tomonidan kitoblar yarmarkasi tashkil etildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?